SOG‘INISH
U uzoq joylarga qilmasdi safar,
To‘kmang derdi ko‘zdan jolalarimni.
Derdi: Bir kungina ko‘rmasam agar
Sog‘inib qolaman bolalarimni.
Bedavo bir dardga chalindi sho‘rlik,
Dedi: Endi qaytib turmasam kerak.
Bo‘g‘ziga tiqilib kelsa ham xo‘rlik,
Bariga chidadi, bosiq va tiyrik.
Ketar chog‘ida ham yo‘qlikka tomon,
U taqdir hukmiga mardona ko‘ndi.
Faqatgina dedi: - Qiynar bir armon
Meni bolalarim sog‘inar endi...
1996
Abdullla Oripov
Поделиться: