Boshin olmay tinim bilmay mehnat qilgan,
Odamlarning nigohiga boqmaysanmi?
El ichida o‘zin tanho "buyuk” bilgan,
O‘zi nima xohlayapsan aytmaysanmi?
To‘xtamaysan yaxshilarni nohaq sanab,
Tunlarining oromiga o‘tlar qalab,
Mushukdayin yuvoshgina hurmat talab,
O‘zi nima xohlayapsan aytmaysanmi?
Yugurasan yelasan-da manziling yo‘q,
So‘zlaringni ham chini yo‘q, haziling yo‘q,
Maqsadingda oxiring yo‘q, uziling yo‘q,
O‘zi nima xohlayapsan aytmaysanmi?
Pushaymon yod qilmishingdan o‘kinmaysan,
Murosani tushunmaysan, ko‘nikmaysan,
Do‘sting bormi? Hech kimsaga to‘kilmaysan,
O‘zi nima xohlayapsan aytmaysanmi?
Yolg‘on so‘zdan keng dunyoni tinchin buzding,
Bir yaxshini yomon qilding, reja tuzding,
O‘zing bilmay xaqiqatdan ko‘ngil uzding,
O‘zi nima xohlayapsan aytmaysanmi?
Vatan ishqi dillarga o‘t yoqqanida,
Ulug‘lari qalbga quloq qoqqanida,
Barcha o‘zbek senga hayron boqqanida,
O‘zi nima xohlayapsan aytmaysanmi?