0

Zarina & Nigora. Ikki dugona 20 yillik do`stlik, maktabdagi xotiralari va shumliklari haqida

Автор: Activeкатегория: Shou-Biznesдата: 13.10.2016, 02:32

Ular bir-birini to`ldirib turadi. Biri sho`x-shaddod, ikkinchisi esa dugonasiga qaraganda vazminroqdek. Do`stlik rishtalaridan tashqari ularni ijodkorlik kayfiyati ham bog`lagan. Tanishing «Bizning duet» ishtirokchilari aktrisa Zarina NIZOMIDDINOVA hamda «O`zbegim taronasi» radiosining piar-menejeri Nigora ABDULLAXANOVA.  

–  Kichik surishtiruvimga ko`ra, birinchi sinfdan beri dugona ekansiz. Rostmi bu?

Nigora Abdullaxanova: – Salkam yigirma yildan beri do`stmiz. 

–  Bitta partada o`tirganmiz ham dersiz?

Zarina Nizomiddinova: – Ha, shunday. Biroq men to`rtinchi sinfda xoreografiya bilim yurtiga o`tdim. Shundan so`ng orada biroz uzilish bo`lib qoldi. 

N: – Zarina ketgach, bir o`zim juda zerikardim. 

–  Dugonangizni hammadan ham yaxshi bilasizmi?

N: – So`zsiz! 

–  Biz Zarinani aktrisa sifatida bilamiz, inson sifatida unga qanday ta`rif berasiz?

N: – Avvalambor, Zarina juda yaxshi do`st. Chin ma`noda, vafodor, mehribon, jonkuyar inson. Kezi kelganida opalardek nasihat qiladi. Kerak bo`lsa, xuddi akalardek tergashi ham mumkin. Kamchiliklarimni ro`yi-rost yuzimga aytadigan inson ham shu! 

–  Kichikligida qanday edi? 

N: – Juda sho`x qiz bo`lgan. Maktabda Zarinani hamma tanirdi. Yuqori sinfdagi yigitlar dil izhori qilishsa, nuqul jahli chiqib, achchiqlanardi. «Nega meni yaxshi ko`rib qolaverishadi?»  deganlaring yodingdami? (kulgu ko`tarildi)

–  O`sha kezlarda ham o`zini xafa qildirib qo`ymasdi, chog`i?

N: – Bolaligidagi fe`li deyarli o`zgarmagan. Ilgari ham nohaqlikka chidolmasdi. Hozir ham shunday. «Menga nima?» qabilida ish tutish Zarinaga xos emas. O`ziga zarari tegishini bilsa ham jim turolmaydi. Gohida jim turish ham kerak deyman unga. Ammo xarakteriga qarshi chiqolmaydi. 

–  Zarina, nega aynan Nigora bilan dugona tutingansiz? 

Z: – Birinchi sinfda boshqa bir qiz dugonam edi. Ammo negadir u bilan chiqisha olmadik. Nigoraning oilasi bizning mahallaga ko`chib kelishgach, birga maktabga qatnay boshladik, musiqa o`qituvchimiz ham bir edi. Shu-shu yaqinlashib ketdik. Birga dars tayyorlardik. Nigoraning bir odati bor, qachon qarama krossvord ishlardi. Metroda ketayotgan bo`lsak, o`zimcha bir nimalarni gapiraverardim u bo`lsa boshini qimirlatib tasdiqlagandek bo`lardi-da boshqotirmadan ko`zini uzmasdi. Bir kuni dugonamga qiziqib, krossvord ishlab ko`rmoqchi bo`lganman. Xavasim kelardi-da, tezgina javoblarini topib yozib tashlashiga. Qolaversa, dadam rahmatli ham krossvordlarga qiziqardilar. Lekin ular ishlayotganlari qiyinroq ekan. «Nigor bir zumda topib oladi-yu» deganim hali ham esimdan chiqmaydi. Keyin bilsam, Nigora bolalar uchun mo`ljallanganini sotib olarkan. 

N: – Yo`l-yo`lakay birga krossvord ishlaganlarimiz yodingdami? Kim ko`p javob topishga bahslashardik. 

–  Bolalikdan bir-biringizning qiziqishlaringizga befarq bo`lmagan ekansiz. Hozir-chi, bir-biringizga nimalarni o`rgatayapsiz? 

Z: – Avval intervyu yoki s`yomkalarga chaqirishsa, uyda bo`lamanmi, biror tadbirdami «ketayapman» derdim-da, boraverardim. Nigora bo`lsa, «Zarina, kel sochingni turmaklaymiz, sal pardoz qilib ol» – derdi. «Tabiiy bo`lgani yaxshi» desam ham tayyorgarliksiz borishimni istamasdi. Dugonam o`zimga yanada e`tiborli bo`lishni o`rgatdi. 

N: – Inson fe`l-atvoridagi eng qiyin sifatlardan biri – o`z-o`zini nazorat qilishni Zarinadan o`rganganman. Kayfiyati yo`q bo`lsa ham tabassum bilan muomala qiladi. Ichini emirayotgan dardni sira yuzaga chiqarmaydi. Hamisha o`zini tuta oladi. Menda esa buning aksi. Achchiqlansam, hammaga zahrimni sochardim, hissiyotlarimni ushlab turolmasdim. Lekin dugonam «O`zingni nazorat qil» deya xarakterimni o`zgatira oldi. 

–  Ikkingizdan Nigora vazminroq, siz esa Zarina shaddodroqdek ko`rinarkansiz. 

Z: – Nigoraning ham o`ziga yarasha shumligi bor. (kuladi) Lekin chindan ham dugonam menga qaraganda og`ir-bosiq. 

–  Nigora, dugonangizning eng birinchi rolini eslaysizmi?

N: – «Romeo va Juletta». O`shanda Zarina xoreografiya maktabida o`qirdi. Maktabdan qaytayotganimda film afishasida uning suratini ko`rib qolganman. Uyga kelib, qo`ng`iroq qilsam,  «Kinoda suratga tushdim» degan va kartina syujetini boshidan oxirigacha so`zlab bergan. Premera kuni dugonamni katta ekranda ko`rib, ochig`i, hayajonlanganman. Hayotda tanigan-bilgan yaqiningizni kinoda rol ijro etayotganini tomosha qilish boshqacha bo`larkan. Bu film Zarinaning tashrif qog`oziga aylandi. Uning uchun juda xursand bo`lgandim. Bilasizmi, o`shanda hali o`smir yoshidagi qizlar edik. Lekin dugonam yulduzlik kasaliga chalinmadi. Bunday yoshda jahonga mashhur san`atkorlarning ko`pchiligi «yulduzlik»ka chalingan. Lekin Zarina bu holatga chap beroldi. 

–  Demak, «Zarina yulduzlik kasaliga chalingan» degan fikrni inkor etayapsiz? 

N: – Dugonamni menchalik biladigan inson bo`lmasa kerak. Uni ko`p kuzatganman. Biror marta o`zidan ketib, manmansiraganini ko`rmadim. 

–  Bordiyu «yulduzlik kasali»ni yuqtirib olayotganini sezib qolganingizda-chi, nima qilardingiz? 

N: – Rostini aytib o`rganganman. Xatti-harakatini tushuntirib, tartibga chaqirib qo`yardim. 

–  Aytganingizga quloq soladimi? 

N: – Har doim bir-birimizni tinglashga, to`g`ri tushunishga harakat qilamiz. 

–  Dugonangizga qay vaziyatlarda tanbeh berasiz, Zarina?

Z: – «Och yurma! Vaqtida ovqatlan» deyman. Bu hamisha takrorlaydigan gapim. Chunki o`zim vaqtida taomlanishga odatlanganman. Nigora esa ertalab nonushta ham qilmaydi,  gohida kun bo`yi tamaddi qilishga ham fursat topmay yuraveradi. Urushaman-da, keyin. Ertaga homilador bo`lishi bor, farzandini sog`lom dunyoga keltirsin deyman. 

–  Dugonangiz ijrosidagi qaysi rolni ko`proq ma`qul kelgan, Nigora? Va savolning davomi qaysinisini xushlamaysiz?

N: – Ko`proq komediya janridagi rollarini yoqtiraman. Lekin tomoshabinlar uni melodrama janridagi obrazlarini sevib tomosha qilishadi. 

–  Yoqmaganlarichi, to`g`risini aytavering. Axir rost so`zlayman dedingiz-ku?

N: – Zarina har bir obrazni bor mahorati bilan ijro etadi. To`g`risi, «Mana bu roli o`xshamagan» deyolmayman. Bor, lekin rol emas, u ishtirok etgan ayrim filmlar unchalik manzur kelmaydi. Ssenariysi sayozroq yoki rejissyorlik ishi a`lo darajada emas. Ana shularni nazarda tutdim. Kasbimdan kelib chiqib, ekranda namoyish etilayotgan kartinaning har bir elementiga diqqat qilaman. 

–  San`at sohasida ham fikr almashar ekansizlar-da? 

Z: – Nigoraga yodlagan monologlarimni aytib beraman. «To`g`ri aytayapmanmi, qarab tur» deyman.

N: – Uzundan-uzun monologlarni yodlaydiki, asti so`ramang. Qanday qilib esingda qolayapti, deyman kulib. 

–   Xoh aktrisa bo`lsin, xoh xonanda, odamlarning tiligi tushishi bilan atrofida do`stligini, beminnat yordamini taklif qiluvchilar ko`payib qoladi. Tabiiyki, bunday paytlarda har qanday dugonalarning munosabati ham imtihondan o`tadi. 

Z: –  Ahilchiligimizni buzmoqchi bo`lganlarni ham ko`rdik. Ammo rejalari ish bermadi. 

N: – Zarinaning bir odati bor, biror muammo chiqdimi, tagiga etmagunicha tinchimaydi. 

Z: – Joyida hal qilishni ma`qul ko`raman. Hech qachon indamay ketmayman. 

–  Kelisholmay qolsangizchi? 

Z: – Bunaqasi bo`lmagan. Nigoraga o`jarlik qilmayman. Biror nima desa quloq solaman. 

–  Tadbirkorlikka qo`l urgandingiz nima bo`ldi? 

Z: – Go`zallik salonini xohlagandim. Keyin liboslar do`konini ochdik. Ammo ishi qiyin ekan. Hozir tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayapman. 

–  O`g`lingiz ham ulg`ayib qoldi. Unga nisbatan talabchanmisiz? 

Z: – Qattiqqo`lligim bor. 

N: – Bola tarbiyasida nihoyatda talabchan. O`g`li, onasining ko`z qarashidan o`zi uchun kerakli xulosani chiqarib oladi. Ba`zan ko`nglim bo`shab ketadi-yu, o`g`il bolani tergab turish kerak deb qo`yaman. Premeralarda o`g`li bilan birga o`tiramiz. Biror sahnada Zarina yig`lasa, jahli chiqadi, «Nega oyim yig`layapti?» deb. 

–  Farzand ko`rgach ko`ngilchan onalardan bo`lsangiz kerak?

N: – Kim biladi deysiz? (kuladi).

–  Aktrisalar orasida hech kimni o`zingizga raqobatchi deb hisoblamas ekansiz, Zarina?

Z: – Raqobatchi deb bilmasligim chin. Ammo bu mensimaslik emas. Ular men uchun hamkasb. Har birining ijodini hurmat qilaman. 

–  Lekin san`atkorlar orasida birorta ham dugonangiz yo`q! 

Z: – Ha, shunday. 

N: – Mening oldimda shunday deyapsan-a?!(kuladi)

Z: – Sendayi yo`q, Nigor. Asosan erkak san`atkorlar bilan do`stman. Shohruxxon, «Benom»dagi yigitlar. Bir qozonda qaynayotganlarning haqiqiy do`st bo`lishiga ishonmayman. Rolga tasdiqlashlari uchun o`zini har kuyga soladigan aktrisalarni  ham tushunmayman. Men uchun bu uyat! 

–  Biror hamkasbingiz rolingizga da`vo qilsa, ham berib qo`yaverasizmi? 

Z: – Kurashmayman! Mag`rurligim bor. «Shu rol uchun qancha talashdi-ya...» degan so`zlarni aytishlarini istamayman. 

–  Odamlarning gap-so`zidan qo`rqasizmi? 

Z: – Yo`q, bu narsalar meni cho`chitmaydi. Lekin past ketishni istamayman. Professional rejissyor rolda meni ko`roldimi, tamom, fikrini o`zgartirmaydi. Ikkilanib turganida qarorini o`zgartirishini to`g`ri tushunaman. Lekin tasdiqlab bo`lgach, aktrisa almashtirish to`g`ri ish emas, nazarimda. «Shamollarda qolgan hislarim» filmini ko`rgansiz-a?! Mana shu kartinadagi bosh qahramon obrazi aslida Viven Liga tegishli bo`lmagan. Unga boshqa bir aktrisani tasdiqlashgan ekan. «S`yomka»ga ikki kun qolganida film rejissyori Vivenni ko`rib qolib, uni rolga oladi. Chunki bu aynan Vivenga mos obraz edi. Agar bunaqa holatlar bo`lsa, to`g`ri qabul qilaman. 

–  Hayotda ham fe`lingiz shundaymi? 

Z: – Har qanday vaziyatda ham past ketmayman. Qiynalsam ham.  Notanish insonlarga nisbatan balki «Mayli, qo`yaver» derman. Lekin yaqin insonlarim dilimni og`ritsa, baridan voz kechaman. 

–  Tasavvur qiling, agar shunday imkon berilsa, hayotingizning qaysi davrini qayta ijro etardingiz? 

Z: – ...bu haqda eslashni istamasdim. Hayotimizdagi har bir voqea saboq. Har bir zarbaning bir hikmati bor.  

Nigora: 

–  Dugonangiz punktual insonmi?

–  Ba`zan kechikib yuradi. 

–  U haqida uchta fakt ayting.

–  Mehribon, ishonuvchan va yaxshi farzand. U ota-onasi istagandek bo`loldi, ularni rozi qilolgan qiz. Bu borada hech bir shubhaga o`rin yo`q. 

–  Ojizligi? 

–  Ko`ngilchan, soddaligi bor. 

Zarina: 
–  Nigoraning eng sevimli filmi?

–  Qayta-qayta ko`radigani... eslolmadim.

–  Bolalikdagi kumirlari?

–  Maykl Jekson ijodini kuzatardi.

–  Sizdan yashirgan siri bormi?

–  Yo`q!

–  Eng katta orzusi?

–  Aytaveraymi?! Gollivudda qo`shiq kuylash!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

«Uzbekona.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!
Источник: Даракчи.уз

Теги: Zarina & Nigora. Ikki dugona 20 yil, maktabdagi xotiralari va shumliklar


Интересно Новости


Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *: