Регистрация
Меню сайта
Новости сайта
Статистика
0

Yuragimda saqlaganlarim: “Olti oydirki, ichga yutaman...”

Автор: Adminкатегория: She'rlar / Hikoyalarдата: 11-Ноябрь-2016, 14:14

Nazarimizda, xatlar bizga taqdir bitiklarini tashuvchi kabutarlardek tuyuladi. Har bitta maktubda, bitta qismat manzarasi aks etadi. Ularni o`qib, o`yga tolamiz, iztirob chekamiz, ba`zida ko`zlarimiz yoshlanadi ham. Ushbu Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidan kelgan kelgan noma egasining sabriga esa qoyil qoldik...

Meni hamma baxtli deb o`ylaydi. O`z ota-onam va hatto qaynona-qaynotam ham. Men yuragimda saqlab kelayotgan dardlarimni hatto qo`shnilarim ham bilmaydi. Chunki bor kechmishlarimni ichimga yutaman. 

Turmush o`rtog`im kirakashlik bilan shug`ullanadi. Toshkentga qatnaydi. Topish-tutishi shunga yarasha. Lekin ro`zg`orimizda baraka yo`qdek. Bilaman, atrofimizdagi boshqa taksichilarning oilasi to`kin-sochin. Uy-joylarini ham juda chiroyli qilib olishgan. 

—  Nega biz sira orttira olmaymiz. Nima uchun odamlarga o`xshab, uyga mebel, jihoz ololmaymiz? Hatto, ta`mir qilishga ham qurbimiz etmaydi? — derdim ba`zida kuyinib.

—  Jo`jabirdek jon bo`lsang. Bolalar yosh-da. Katta bo`lsin, bizam orttirib qolamiz, — deb qo`yardi erim.

To`rt farzandimiz: ikki o`g`il, ikki qizimiz bor. Katta o`g`lim o`n olti yoshga to`ldi. Hamma narsani farqlab, bilib qolgan. 

—  O`rtoqlarimning hamma narsasi bor. Uylari ham juda chiroyli. Men o`rtoqlarimni uyga boshlab kelishga ham uyalaman, — dedi bir kuni.

Men o`zim ham birimizni ikki qila olmayotganimdan ko`p siqilaman. Nima qilay, axir? Erim kunu tun ishlaydi. Topgani eyish-ichish va kiyim-kechakdan ortmaydi. Bu ham etmagandek ba`zida biror nima olarmiz deb yiqqan pulimiz yo`qoladi ham. Hammasi emas albatta. Masalan, uch yuz ming so`m qo`yib qo`ygan bo`lsak,  shundan ellik, o`ttiz ming yo`q bo`lib qoladi. Men olmaganman, erim ham "olmadim”, deydi. 

—  Tashqaridan o`g`ri tushsa, hammasini olib ketadi-da, buni uydan birov qilyapti... — deyman-u, katta o`g`limga yopishaman. — Sen o`zingcha oliftalanib qolgansan. Pullarni olayotgan sensan! Boshqa it ham olmaydi! 

—  Oyi, nimalar deyapsiz? Pul kerak bo`lsa so`rayman-ku! — yig`lagudek bo`ladi, u.

Tag`in mana endi besh yuz-olti yuz ming yig`dik deganimizda erim yo`l qoidasini buzadi-yu, pul o`shanga ketadi. 

Men yana siqilaman. 

—  Nima qilsak, birimiz ikki bo`larkan? Bunaqada bolalarni qanday o`qitamiz, qanday uyli-joyli qilamiz? — deya ich-etimni eyman.

—  O`ylanma, bir gap bo`lar, — deydi erim beparvo.

Erimning odati shu. Ichi ham, fe`li ham keng odam. Sira siqilmaydi. Meni ham urib-so`kavermaydi. Shuning uchun ham hamma meni juda baxtli deb o`ylaydi. O`zim ham shunday deb o`ylardim, toki...

—  Dadamni tergamaysiz. Dadamni surishtirmaysiz, — dedi bir kuni katta o`g`lim o`z-o`zidan.

—  Jinni bo`ldingmi? Nega dadangni gapirib qolding? Nima qilibdi, dadangga, ahmoq bola? Kunu tun tinmasa, sizlarni boqay deb uyqu bilmasa... — dedim tutaqib.

—  Telefonini qarang. Siz bilmaysiz-da! Anuv kuni ko`rib qoldim, men. Siz bu erda tinim bilmaysiz. Ro`zg`or qilasiz, kamiga maktabga borib farroshlik ham qilib kelasiz. Dadam esa... — u boshqa gap gapirmadi.

To`g`rirog`i, o`zim gapirtirgani qo`ymadim. Nimani ko`rdi, ekan, telefonda? Yuragimni vahm bosdi. Shanchalar ta`sirlanadigan nima bor ekan?

Erim yo`ldan qaytguncha ich-etimni edim. Kelganida uxlashini kutdim. Odatda yo`ldan kelgach, uxlaydi. Bu paytda bolalar ham jim o`tirishadi. Men tayinlab o`rgatganman. Bu safar ham shunday bo`ldi. Ovqat suzib berdim. Edi-yu, uxlagani yotdi. 

Men esa uyning u yoq, bu yog`ini yiqqan kishi bo`lib, erimning telefonini oldim. Umrim bino bo`lib, uning telefonini titkilagan odam emasman. Hatto bolalarim ham qo`lga olishmaydi. Katta o`g`lim qanaqasiga ko`rib qoldi, ekan. Ha-a, anuv kuni jiringlab qoldi. Erim hammomda edi. Men "Ol, telefonni”, dedim. O`sha paytda gaplashib bo`lib, titkiladimikan, yo?

Ming gumon bilan telefonni uydan olib chiqdim. Dir-dir titrayman. Tavba, nega buncha qo`rqmasam? Qaerda telefonga qarasam ekan, deb ham ancha vaqtni o`tkazdim. Birorta xonaga kiray desam, ortimdan bolalar kirishi tayin. Oxiri hammomga kirdim. 

Savil, aksiga olib telefonni u qadar yaxshi tushumayman ham. Shunday bo`lsa-da, o`zim bilgancha, titkilay boshladim. Shubhali hech narsa ko`rmadim. Xayolimda hamma fayllarni titkilab chiqqandek edim. Yana qayta qaray boshladim. Nihoyat...

Videolar ketma-ket turgan faylga kirdim. Ko`rdim-u...

Bir videoda erim qanaqadir kafeda. Yarim yalang`och raqs tushayotgan qizlar bilan o`ynay boshladi. Ularga pul qistirdi.

Yana birida qandaydir xona. Oddiy xonadonning xonasi shekilli. Bir ayol yuziga parda tutib yurib keldi. So`ng ochiq bellarini qilpillatib, qorinlarini selkillatib biltanglab raqs tusha boshladi. Yarim yalang`och edi bu ayol ham. "Yaxshilab o`yna, mana, mana buni beraman”, degan erimning ovozi eshitildi. Ekranda bir qo`l haligi ayolga ikkita besh ming so`mlik qistirdi. Qo`l erimning qo`li edi.

Boshqa birida esa xuddi o`sha ayol endi erimning elkasiga boshini qo`yib o`tirar, erim kabob eyish bilan band. Ayol esa o`zini va o`ziga qo`shib erimni ham tasvirga olardi...

Qolganini ko`rishga toqatim etmadi.

Birdan ro`zg`orimizning barakasi qayoqqa ketishini angladim. Pullari nega to`satdan yo`qolishini, nima uchun har ikki kunda erimning yo`l patrul xizmatiga jarima to`lashini tushungandek bo`ldim. Demak, erimning "yo`l patrul xizmati deb qilayotgan bahonalari ham, o`z uyiga o`g`rilik qilishga majbur etayotgan ham mana shu ayollar. 

Xo`rligim keldi. Axir ro`zg`ordagi etishmovchilikni deb bolalarim har kuni go`shtli ovqat emaydi. Men doim opa-singillarimning eski kiyimlarini olib kiyaman. Kichik bolalarim sira yangi kiyim kiygan emas. Doim aka va opalarining eskini kiyadi. 

Adoyi tamom bo`ldim. Demak, necha yillardan buyon mana shu sharmisorlikning nuqsiga, yolg`onlaring komiga qorishib yashab kelayotgan ekanman-da! 

Doim hayron bo`lardim, mashinasi borlar, kira qilayotganlar hecham kam bo`lgan emas. Bir-ikki yilga qolmay uylarini hashamatli qilishadi, mashinasini almashtirishadi. Birgina biz doim yo`l patrul xizmatining "qarmog`i”ga ilinamiz, pulimiz yo`qoladi, yo`lovchilarning olg`iriga uchraymiz...

Aslida bularning hammasi bahona ekanligini endi tushundim. Dod degim keldi. Yana uzoq-uzoqlarni o`yladim. Eng avval bolalarimning ko`ngli sinishini... Mana katta o`g`lim o`zgarib qoldi-ku! Dadasi kelishi bilan o`zini olib qochadi. Yuziga qarashni istamaydi. U bildi, dadasining turli ko`ngilxushliklarni deb pul sarflashi-yu, biz oilasi bu erda qiynalib yashashimizni...

Mana shu voqeaga ham, hamma sirdan voqif bo`lganimga ham olti oydan oshdi. Hamon erimga bir nima deya olganim yo`q. Telefonini ko`rib turaman. Har gal yangi video paydo bo`ladi. Hali u restoran, hali bu kafeda bo`lgan o`yin-kulgu, ko`ngilxo`shlik aks etgan manzaralar...

Haliyam o`sha bahonalar og`ushida yashayapman.

—  Onasi, — deb kirib keladi o`zini jabrlanuvchi qilib ko`rsatib. — Ancha pul ishlagandim. Esiz, shunday Chinozga kirganimda, bitta patrul... Bor-budimni to`ladim. Mana, bori shu. Olib kirib qo`y. Boriga baraka, mayli... Juda charchadim, bir uxlab olay. Ertalab yana ketaman. Ko`zim o`yilib tushay deyapti. Yo`l eb qo`yadi-da, odamni. Yo`lga tikilaverib, ko`zlarim yoshlanib ketdi. Ozroq dam olay...

Shartta-shartta hammasini yuziga aytib tashlay deyman. Yana jim qolaman. Boshlasam, janjal bo`ladi. Qaynona-qaynotamning qulog`iga etadi. O`zi ularning qon bosimi bor. Keyin o`z ota-onam eshitadi. Ularga ham oson emas. Bolalarim bilsa ne bo`ladi?

Ko`p narsalarni o`ylab, ichimga yutaman. Hayronman, qachongacha sabr qilaman? Qachongacha jim yuraman? Axir jim yurib ham bo`lmaydi. Farzandlarimning kelajagi uchun ham erimni bu yo`ldan qaytarishim kerak. Lekin qanday qilib?

Bir necha bor og`iz juftladim. Gapira olmadim. Har gal yangi videolarni, yangi ko`ngilxushliklarini ko`rganimda o`z yog`imda o`zim qovrulaman. Rashk yuragimni jizg`anak qiladi. Lekin sabr qilaman. Vaqti-soati etar, deyman. Ammo qachon? Nega men bunaqaman? Nima uchun haqiqatdan bu qadar qo`rqaman? Iltimos, menga maslahat bering. Qanday yo`l tutay? Bilaman, menimcha erim salkam besh-olti yildan buyon shunday yashab kelmoqda. O`rganib bo`lgan, kayfu-safoga. Gapirganim bilan qaytarmikan, bu yo`lidan. Shu tomonlarini o`ylab ham o`zimni janjaldan tiyaman. Sizlardan o`tinaman, menga to`g`ri yo`l ko`rsating...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Manba: Darakchi.uz

Теги: saqlaganlarim:, yutaman...”, “Olti, ichga, oydirki, Yuragimda

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги