0

Yunusobod metrosi qurilishidagi fojianing sababi ma’lum qilindi

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 26.02.2020
O‘tgan yili 18 dekabr kuni Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishida sodir bo‘lgan avariyada quruvchilar halok bo‘lgan edi.

Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa maxsus tekshirish komissiyasi tomonidan o‘rganildi. Mazkur komissiya tarkibiga Davlat mehnat inspeksiyasi vakili ham biriktirilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, «baxtsiz hodisaga xandak qiyalik devorini mustaxkamlash ishlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holati mavjudligi, yog‘ingarchilik suvlari hamda oqava quvurlaridan sizib chiqqan suvning intensiv tuproqqa shimilishi sabab bo‘lgan», deyiladi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi xabarida.

Maxsus tekshirish komissiyasi jabrlanuvchilarning qaromog‘idagi shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 ta oilaning har biriga 261 million 938 ming 888 so‘mdan, jabrlanuvchi yana bir oilaga 281 million 62 ming 782 so‘m bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik nafaqa pullari belgilandi.

Shuningdek, marhumlarning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari hisob-kitob qilinib, amalga oshirish uchun ish beruvchilarga taqdim etilgan.

Теги: Yurtimizda