0

Yakkabog‘da yoqib yuborilgan «zamhokim» bilan uni yoqib yuborgan tadbirkor yarashib oldi

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 17.09.2019
Yakkabog‘da tadbirkorning savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konini buzishga uringan hokim o‘rinbosari va unga benzin sepib yoqib yuborgan tadbirkor yarashib oldi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur To‘ymayevning ustiga benzin sepib, uni yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilingan edi.

Shu munosabat bilan 30 avgust kuni Bahriddin Isomovning xonadonida tadbirkorning ozod qilingani sharafiga marosim uyushtirilgan va unga mehmonlar taklif qilingan. Tadbirda o‘sha voqealardan so‘ng hokim o‘rinbosari lavozimidan haydalgan Mansur To‘ymayev ham qatnashgan.

«Mansur To‘ymayev va Bahriddin Isomov yarashib olganligi va bir-biriga nisbatan o‘zaro da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu ish bo‘yicha tergov yakuniga yetgan va 30 avgust kuni ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborilgan.

Bahriddin Isomovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 («Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish»), 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») 2-qismi «g,l» bandlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida unga nisbatan e’lon qilingan ayblov JKning 25, 98-moddasiga («Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish») qayta malakalangan.

Yakkabog‘ tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Mansur To‘ymayevga nisbatan esa JKning 192[1]-moddasi 3-qismi «a» bandi («Ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda xususiy mulk huquqini buzish») va 206-moddasi 2-qismi «a» bandi («Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») bilan ayblov e’lon qilingan.

Теги: yangiliklar, kunlik, Yurtimizda