0

Tojikistondagi mardikor bozordagi ayollar qismati (video)

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Dunyo newsдата: 18.04.2019
Bahorning iliq kunlari boshlanishi Tojikistonning Bo‘xtar (sobiq Qo‘rg‘ontepa) ayollari uchun mardikor bozorining yangi mavsumi boshlanganini anglatadi, deb yozadi Kun.uz nashri Tojikistonning "Asia Plus" nashriga tayanib.

Nashrda e’lon qilingan maqolada bayon qilinishicha, Bo‘xtarda yuzlab ayollar oilaning barcha xarjini o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lib, mardikor bozorga chiqadi. Aslida bu yerga yaqin tumanlardan ham ayollar kelib, mehnat bozorida raqobat qiladi.

«2000-yillardan boshlab, Tojikistondagi yirik shaharlar markazlarida stixiyali mehnat bozorlari paydo bo‘la boshladi. Xalq orasida mardikor bozor nomi bilan ataladigan yollanma ishchilar to‘planadigan joylarda, avval, erkaklar ko‘proq ko‘rinardi. So‘nggi paytlarda esa turli yoshdagi ayollar ham bozorda faollashgan. Ular oilasini boqish uchun ko‘p ish qilishga rozi bo‘ladi», — deyiladi maqolada.

AP Xatlon viloyati ma’muriy markazi mamlakatdagi birinchi ayollar mardikor bozori tashkil topgan hudud ekanligiga urg‘u bergan.
«U yerda yon-atrofda, yuzida baxt ifodalanib turgan ayollarni uchratmaysiz. Ularning hammasi oilasi haqida qayg‘urish bilan band», — deya ta’kidlanadi maqolada.

Ayollar uyga quruq qaytmaslik uchun og‘ir ishlarga, xususan qurilish, dala ishi va yuk tashishga ham rozi bo‘lishi bayon qilingan. Ta’kidlanishicha, ularning ayrimlari kuniga 30 somonidan ko‘p (taxminan 28 ming so‘m) maosh olmay ishlaydi.



«Bizga bir necha marotaba ko‘mak berilishi aytilgan. Zavod qurilishi, yangi ish o‘rinlari haqida ko‘p va’dalar berilgan, ammo bu faqat so‘zda qolgan. Biz endi hech kimga ishonmaymiz, o‘z nonimizni o‘zimiz topishga o‘rgandik», — deydi mehnat bozorida mijoz kutib turgan ayollardan biri .

Bo‘xtar aholi bandligi va mehnat munosabatlari boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, o‘sha ayollarning aksari o‘rta maxsus ta’limga ham ega emas.
«Ayollar biz taklif qilayotgan ishga rozi bo‘lishmaydi», — degan boshqarma mutaxassisi Ziyodullo Maizoda.

Mutaxassis ayollarga 500 somoni (taxminan 450 ming so‘m) maosh beradigan ish taklif qilinayotganini aytsa-da, negadir ayollar mardikor bozori hanuz oila bag‘rida bo‘lmagan xotin-qizlar bilan gavjum.

Теги: DUNYO