Регистрация
Меню сайта
Наш опрос
Qaysi Davlatdan kirdingiz?
Всего ответов: 139
Статистика

Всего на сайте: 15
Гостей: 15
Пользователи: 0

17:34
Shakarsiz hayot haqida shirin xayollar
Parhezshunoslarning fikricha, insoniyat muammosiga aylanayotgan ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammolarning asosiy sababchisi shakar hisoblanadi. Quyidagi maqolada muallif odamlarning kundalik ehtiyojiga, shu bilan birga, sog‘lig‘ining kushandasiga ham aylangan shakar haqidagi ma’lumotlarni keltiradi. Shuningdek, ishlab chiqarish kompaniyalari odamlar voz kecha olmaydigan shirinlikka o‘chlikdan qay usulda foydalanishlarini ham bayon qiladi.

Nima uchun ko‘pchilik amerikaliklar tana vazni og‘ir bo‘lishiga mamlakat farovonligi belgisi sifatida qaray boshlashdi?

Amerikalik demokratlarning aytishicha, hukumat fuqarolar qanday taomlar iste’mol qilayotganiga befarq emas. Respublikachilar esa hukumatning bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini, har bir odam qanday ovqatlanishiga o‘zi javobgar ekanligini ta’kidlamoqda.

“Maktabdagi tushlik unga hukumat aralashmasa shirinroq bo‘ladi”, degandi AQSh prezidenti Tramp oktyabr oyining boshlarida. Balki u haqdir – sobiq prezident Obama ma’muriyati tomonidan AQShdagi maktablar taomnomasidan qisman olib tashlangan yog‘li va shirin taomlar ehtimol mazaliroq bo‘lgandir.

Biroq bolalar maktabdagi tushliklardan semirib ketayotgani sababli Obama bu masalaga boshqacha yondashgan. Bugungi kunda amerikalik aksariyat bolalar semirishdan aziyat chekayotganini hisobga olib, Obama boshchiligidagi ma’muriyat bu masalaga hukumat aralashishi shart bo‘lgan vazifa deb qaradi.

“Maktablardagi tushlik bilan bevosita shug‘ullanuvchi odamlar bunga qanday yondashishni o‘zlari hal qil qilishsin... Davlat nazoratini kamaytirib, maktablarga tushlik bilan bog‘liq masalalarni jamoatchilik orqali hal qilish erkinligini qaytarish lozim”, – deya ma’lum qilgan Tramp.

Lekin maktab ma’muriyati, ota-onalar qo‘mitasi va alohida ota-onalarning qiziqishlarini nima shakllantiradi? Ota-onalarda bolalar va o‘zlarining tushliklari qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tushunchalar qanday paydo bo‘ladi?

Amerika aholisining qariyb yarmidan ko‘pi ortiqcha vaznga ega, aholining 35 foizi esa semizlikdan aziyat chekmoqda. Bunda kambag‘al va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilarning semizlikka moyilligi, ayniqsa, yuqori.

Semirib ketish xunuk ko‘rinadi, shuningdek, ortiqcha vazn bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan ko‘plab kasalliklar – saratonning ba’zi turlari, yurak hastaliklari, artrit, gipertoniya, oshqozon, jigar, buyrak, ichak, oshqozon osti bezi kasalliklariga, teri muammolariga, krioz, diabet, tushkunlik, va umrning qisqarishiga olib keladi.

Ko‘p ovqat yeyishning oqibatlari barchaga ma’lum – bu borada hech qanday sir yo‘q. Televizordan tortib internetgacha axborot olami shifokorlarning ogohlantirishlari, parhez haqidagi reklamalar, semizlikning oqibatlari haqidagi ilmiy izlanishlar bilan to‘lib toshgan. Bundan tashqari, tibbiy ko‘rikka borgan ortiqcha vaznli mijozlar shifokordan semirishning oqibatlari haqidagi maruzalarni eshitadi, AQShda esa kamiga to‘g‘ri ovqatlanish haqida bir to‘plam risolalar ham oladi.

Biroq hatto semizlik ayanchli oqibatlarga va erta o‘limga olib kelishini bilish ham odamzotning zararli ovqatlarni yaxshi ko‘rish odatlaridan voz kechishiga turtki bo‘lmayapti.

Bu borada AQSh yetakchilik qilmoqda. Ortiqcha yog‘ning organizmga zararini bilgan Amerika aholisini kuniga o‘rtacha 22 qoshiq shakar iste’mol qilishga nima majbur qiladi? Axir ko‘pchilik parhezshunoslar aytganidek, aynan shakar bu muammolarning asosiy sababchisi hisoblanadi. Aynan shakar inson aqli va irodasini yenggan holda uni turli shirinliklar, gazli ichimliklarni ichishga undaydi.

So‘nggi yillarda inson xohish-irodasi, ongini va axloqini yenguvchi shakar mavzusi nafaqat parhezshunoslar, balki ko‘pgina tarixchilar va jurnalistlarda ham qiziqish uyg‘otdi.

"Odamlar qamishdan yaralgan"

Shakar ko‘rinmas shaklda kirib kelgan. Bir vaqtlar u haqda Yevropada hatto bilishmagan ham. Shirinliklar uchun asaldan foydalanishgan. Shakar esa birinchi ayol va erkak shakarqamishdan paydo bo‘lgan va barcha insoniyat shundan tarqalgan, degan mahalliy afsonalar mavjud bo‘lgan janubiy Tinch okeani orollarida paydo bo‘lgan.

Shakar dastlab Yangi Gvineya, Indoneziya va Hindistonda yetishtirilgan. Milodiy 6-asrga kelib Hindiston shakarqamishini forslar tomonidan sevib iste’mol qilish boshlangan. 8-asrga kelib esa Misrgacha kirib borgan. Lekin u yerda shakarqamishni yetishtirish oson bo‘lmagan. U suvsevar bo‘lgani uchun kurg‘oqchil Misrda o‘simlikni kuniga 20 marta sug‘orishga to‘g‘ri kelardi. Buning uchun uchun dalalarga maxsus kanallar o‘tkazilgan.

“Shakar. Shirin-nordon hikoya” (Elizabeth Abbott. Sugar: A Bittersweet History) kitobi muallifi, tadqiqotchi Elizabet Abbotning so‘zlariga ko‘ra, shakar islom bilan bir qatorda dunyoni egallagan. Musulmonlar dunyosida shakar shifobaxsh vosita va noyob shirinlik sifatida ko‘rilgan.

Yevropaga shakarni salibchilar olib kelgan. Birinchi salib yurishidayoq musulmonlar dushmanlari tomonidan qurshovga olingan va ochlikdan azob chekayotgan salibchilar shakarqamish sharbati ochlikni to‘xtatib, kuch-quvvat berishini tushunganlar. Bosib olingan hududlarda, ayniqsa, Kipr va Sitsiliyada salibchilar shakarqamish yetishtirishni va undan shakar olishni tezda o‘rganib olishgan.

Yevropaga kirib kelgach, shakar tez orada yevropalik monax va dvoryanlarning sevimli mahsulotiga aylangan. Saroy oshpazlari shakarni yog‘, yong‘oq bilan aralashtirib undan turli shakldagi shirinlik yasashni o‘rganib olishgan.

Shakarni ko‘p iste’mol qilish monaxlar sog‘lig‘ida aks etmay qolmagan. Bir xorijiy elchining fikriga ko‘ra, shirinliklarni yaxshi ko‘ruvchi Britaniya qilolichasi Yelizaveta I tishlarining qorayganini yashirib yurgan.

16-asr oxiriga kelib shakar boy zodagonlarning uylarida keng iste’mol qilina boshlandi. Oradan 100 yil o‘tgach esa u deyarli butunlay soddalashib, oddiy aholi ham iste’mol qila boshladi.

Shakarni, ayniqsa, inglizlar sevib iste’mol qilishgan. 1603 yilda ispaniyalik delegatsiya inglizlar hatto go‘shtni ham shakar solingan qayla bilan tortiq qilishganini ta’kidlagan. Keyinchalik shakarni choy va qahvaga qo‘sha boshlashgan. 19-asrga kelib shakar choy Angliya kambag‘al aholisining eng sevimli ichimligiga aylangan.

15-asrdan boshlab 19-asrning o‘rtalarigacha shakar yetishtirishda qullar mehnatidan foydanilgan. Dastlab Portugaliyada qullar yordamida shakar yetishtirilgan.

Yevropaliklar tomonidan Yangi dunyoning kashf etilishi issiqsevar shakarqamishni yangi zabt etilgan mamlakatlarda yetishtirish imkoniyatini sezilari darajada oshirgan. Shakar, ayniqsa, Karib orollarida yaxshi o‘sgan. To‘rt asrlik qullik davomida yevropaliklar shakar plantatsiyalarida ishlash uchun 6 mln atorofida afrikaliklarni olib kelishgan.

20-asrda shakarni makkajo‘xoridan olish boshlandi, bu esa uning narxini yanada arzonlashtirdi. Bir necha asr davomida shakar qimmatbaxo mahsulotdan barcha iste’mol qiladigan oddiy mahsulotga aylandi.

Odamlar kamyob va erishish qiyin bo‘lgan narsalarni qadrlaydi, shu sababli shakarning mashhurligi uzoqqa bormasligi kerak edi. Lekin aksincha bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, shakar bo‘lgan xohish bizning fiziologiyamizda bor ekan.

1970 yilda olimlarning aniqlashicha, og‘izga shakar solinsa, butun og‘iz bo‘shlig‘i ta’sirlanadi. Og‘izda 10 mingdan ortiq ta’m bilish retseptorlari mavjud bo‘lib, ularning barchasi miyadagi “lazzatlanish markazi” bilan bog‘langan.

Oziq-ovqat sanoati bo‘yicha amerikalik tadqiqotchi Maykl Moss o‘zining “Tuz, shakar, yog‘” kitobida “Coca-Cola”, “Kraft”, “Frito-Lay” va “Nestle” kabi yirik kompaniyalar kundalik iste’mol uchun ta’m yaratishi haqida yozgan.

Iste’molchi ta’mi – oziq-ovqat kompaniyalari bozorida raqobatlashadigan jang maydonidir. Xaridorlar tanloviga erishishda shakar muhim rol o‘ynaydi. Shakar xaridorlarni qiziqtiradi. Bunda sun’iy ta’m beruvchi moddalar mahsulotni yana arzonlashtirib, kompaniyaga ko‘proq daromad olib keladi. Bir qancha ilmiy laboratoriyalarda u yoki bu mahsulot tarkibidagi qancha shakar miqdori odamlarda lazzatlanish hissini uyg‘otishi o‘rganilgan. Agar mahsulot iste’molchida o‘zini boshqara olmaydigan "lazzatlanish nuqtasi"ni uyg‘ota olsa, odam o‘sha mahsulotsiz tura olmay qoladi va uni doim ishtiyoq bilan sotib olgisi keladi.

“Lazzatlanish nuqtasi”ni aniqlash uchun turli jins va yoshdagi odamlar o‘rtasida bir qancha degustatsiyalar o‘tkaziladi. Mutaxassislar ularning reaksiyalarini so‘rovnomalarda qayd etadilar.

Eng katta kompaniyalar iste’molchilarning ta’mga bo‘lgan reaksiyalarini o‘rganish uchun miyani skanerlashdan foydalanadi. Ularning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, miya shakardan xuddi kokaindek ta’sirlanadi. Muzqaymoq ishlab chiqaruvchi “Unilever” xalqaro kompaniyasi bu faktni hatto reklamaga aylantirib yuborgan: “Bizning muzqaymoq sizga baxt hissini berishi ilmiy isbotlandi!”.

“Moss”ning yozishicha, halqaro “Yoplait” kompaniyasi yogurtga konfetga qaraganda kamroq shakar soladi, “Prego” yirik kompaniyasining bir porsiya pomidor qaylasida esa uchta pecheneda bo‘ladigan shakar qo‘shiladi. Ayrim kaynatilgan kolbasa, sosiskalar, salat qaylasida ham shakar bor.

Amerikaliklar nosog‘lom taomlarni ham o‘z an’analarining tarkibiy bir qismi deb hisoblaydi. Haqikatdan ham, nonushta uchun iste’mol qilinadigan quruq unli makkajo‘xori bodroqlari Amerikada 19-asrning oxirlarida aka-uka Kelloglar tomonidan kashf etilgan. Dastlab u yog‘siz va sog‘lom nonushta sifatida berilgan. Biroq 1906 yilda Vill Kellog kasbi shifokor bo‘lgan akasi Djon Kellog yo‘qligida makkajo‘xori bodroqlariga shakar qo‘shib yuboradi. Ish shunday tus oldiki, ular hatto bu mahsulotni o‘z nomlari bilan atash uchun sudlashadilar.
“Kellog” kompaniyasi hozir ham faoliyat yuritadi va o‘z mahsulotlariga shakar qo‘shishda davom etmoqda. Bu quruq nonushtaning ayrim turlaritarkibida 50 foizgacha shakar bor. Ularning asosiy iste’molchilari esa bolalar. Bolalar, ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra, shakarni kattalardan ikki barobar ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Bunga televizor orqali shirinliklar yeyishni masxalat beruvchi jajji ertaknamo jonzotlar reklamasi katta ta’sir ko‘rsatadi.

"Koka kola" – eng mashhur gazli ichimlik

AQShda eng mashhur gazli ichimlik, bu – "Koka kola" ekanligi tasodif emas. Ko‘pchilik amerikaliklar ongida bu nafaqat shirin ichimlik, balki vatanparvarlik hissini uyg‘otuvchi milliy ichimlik ham. Bunday qarashlar sababi Amerika tarixiga borib taqaladi. Ikkinchi jahon urushi davrida amerikalik harbiylarning jangovar ruhini ko‘tarish maqsadida, hukumat frontga "Koka-kola" jo‘natishni tashkillashtiradi. General Marshal hatto "Koka-kola" fabrikasini Yevropaga, harbiy harakatlar teatriga yaqinroq joyga ko‘chirish haqidagi buyruqni imzolagan. Askarlar bu ichimlikni qadrlashgan – u uyni eslatib turuvchi va hukumat g‘amxo‘rligining ramzi edi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, amerikaliklar yuqoridagi mahsulotlar zararligini juda yaxshi bilsalar ham, do‘konga kirgach, ularni sotib olishdan o‘zlarini tiya olmaydilar.
Категория: Uzb News | Просмотров: 5 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: yurtimiz | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *: