Регистрация
Меню сайта
Новости сайта
Статистика
0

Sevara Nazarxon o`zbekistonlik hamkasblari, kinoda rol ijro etishi va onalik baxti haqida

Автор: Activeкатегория: Shou-Biznesдата: 30-Сентябрь-2016, 13:59

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sevara Nazarxon "Darakchi” gazetasi intervyu berdi. Xonanda bilan suhbatni quyida o`qishingiz mumkin.  

Bilishimcha, siz ayni kunlarda yangi albom ustida ish olib boryapsiz...

— Gapingiz to`g`ri, biz ijodkorlar muxlislarimizga qo`shiqlarimizning sarasini ilinamiz. Yangi albomga kelsak, u deyarli tayyor. Ammo  taqdim etish sanasi hozircha noaniq. Bu borada hali bir to`xtamga kelmadik. 

Yangi musiqiy to`plamdan o`rin olgan barcha qo`shiqlarimning musiqasini o`zim yozdim. Bu haqdagi batafsil ma`lumotlarni muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifam  orqali berib boryapman.
— O`zbek ijodkorlaridan kimlarinng qo`shiqlarini eshitasiz?

— Milliy qo`shiqlarimizning o`ziga xos, hech qaerda uchramaydigan ohangini sog`inaman. Bunday paytlarda odatda Tavakkal Qodirovning ijodiga murojaat etaman. Shou biznesimizdagi xonandalarning ijodini  kamdan kam eshitaman. Oxirgi marta xonanda Shahriyorning albomini tingladim. To`plam hali oxirigacha tugallanmagan bo`lsa-da, ko`p tomonlama menga ma`qul bo`ldi. Shahriyorning yoshi ulg`aygani qo`shiqlaridan sezilib turibdi. 

— O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rashid Xoliqov, «Setora» guruhining birinchi tarkibi bilan kuylagan duetlaringiz juda mashhur bo`lgandi.  Yana kimlar bilan hamkorlik qilishni istardingiz?

— Agar bir tinglashning o`zida qo`shiqni «sevib» qolsam va duetdoshim haqqoniy kuylay oladigan ijodkor bo`lsa, takliflarni qabul qilaman.

— Masalan, Jahogir Otajonov?

— Nega endi yo`q?! Bo`lishi mumkin.

— Aktrisa Asal Shodieva sizning ijodingizni kuzatib turishini ijtimoiy tarmoqlardagi suratlaridan bildirib turadi. Siz ham uning ijrosidagi filmlarni tomosha qilasizmi?

— Asal juda yoqimtoy aktrisa. Samimiyatini va ochiqko`ngilligini hurmat qilaman. U bilan suhbatlashish yoqadi. Ammo filmlari haqida hech narsa deyolmayman. 

— Rossiya telekanallarining birida «Toch-v-toch» loyihasida ishtirok etdingiz. Ushbu loyihadan aktyorlik mahoratingiz kuchli ekanligini sezdik. Kino san`atida ham o`zingizni sinab ko`rish niyatingiz bormi?

— Ba`zida ijodiy rejalarimni xayolan ko`z o`ngimdan o`tkazaman (o`ylanib). Lekin sira kinoda o`zimni tasavvur etolmayman. Chunki aktyorlik mahoratimni unchalik yuqori baholamayman. Ammo mahoratli rejissyor va yaxshi ssenariyli filmga taklif etishsa, bir martagina o`zimni sinab ko`rishim mumkin. Ammo aytib qo`yay, yaxshi aktrisa emasman deb avvaldan ogohlantirdim. Shu sabab bir kun kelib meni kinoda ko`rganingizda, «shu rolni o`ynamagani yaxshi edi», demaysiz (kuladi)

— Aytishlaricha fe`l- atvoringiz biroz og`ir ekan... 

— Men birovlar bilan o`zim haqimda gaplashmayman. Balki atrofimdagilarning o`zi og`ir fe`lli bo`lishgani uchun menga shunday ta`rif berishgandir…

— Hayotiy prinsiplaringiz haqida gapirib bersangiz.

— Bu haqida gapirsam, suhbatimiz ancha vaqtga cho`zilib ketishi aniq. Chunki bu uzoq gapiriladigan mavzu. Mayli, shunday bo`lsa-da, prinsiplarimni qisqaroq tushuntirib berishga harakat qilaman. Hayotda mayda-chuyda, e`tibor talab qilmaydigan narsalarga  ahamiyat bermaslikka harakat qilaman. Ular hayotni qiyinlashtiradi. Inson doim sevimli kasbi yoki mashg`ulotlari bilan band bo`lib, o`zini baxtli his etib, yashashi kerak deb hisoblayman.

— O`zingizni tushunmaydigan paytlaringiz ham bo`ladimi?

— Albatta! Ayniqsa Xitoy tilida gaplashsam o`zimni-o`zim sira tushunmayman (kuladi).

— Yaqinda yana bir bor onalik baxtiga erishdingiz. Qizingiz Imon Anvardan keyin hayotingizda qanday o`zgarishlar bo`ldi?

— Farzandli bo`lish baxti va quvonchini oddiy so`zlar bilan ta`riflash, izohlab berish mushkul. Qizim tug`ilgach, baxtimiz ikki karra oshdi deya olaman.  Bunday baxt hammaga nasib etsin deb tilab qolaman.

— Imon Anvar dadangizning xotirasiga qo`yilgan ismligi rostmi?

— Bu ism otamning biz farzandlarga bergan mehri, hayotda doim yaxshi ota bo`lishga intilishidan xotira. 

— O`zga davlat safarlarda bo`lganingizda, Vatan sog`inchini qanday engasiz?

— Vatan mening qalbimda! Sog`inganimda esa qalbimga quloq tutaman va u albatta meni eshitadi.

— Ashadiy muxlislaringiz xorijdagi konsert dasturlaringizni internet tarmoqlari orqali kuzatib borishadi. Ammo hammani qiziqtirgan savol bor, ya`ni Sevara Nazarxon qachon O`zbekistonda yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi?

— Tashkiliy ishlarni hal qilsak, tez orada yakkaxon konsertberish niyatidamiz.

Aliya SULAYMANOVA
suhbatlashdi

Manba: Darakchi.uz

Теги: Sevara Nazarxon ozbekistonlik hamka, kinoda rol ijro etishi va onalik ba

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги