Регистрация
Меню сайта
Новости сайта
Статистика
0

Rayhon Ulasenova: “O`g`limning rashki kuchli, ‘Sarson’dagi obrazimni yoqtirmaydi”

Автор: Activeкатегория: Shou-Biznesдата: 27-Сентябрь-2016, 00:07

2016 yil — Sog`lom ona va bola yili uchun maxsus tayyorlanadigan "Ona va bola” loyihamizni yana e`tiboringizga havola etmoqdamiz. Bugungi mehmonimiz esa Ulasenovlar oilasi. Oilada o`z tarbiya usuliga ega, bir o`g`il va ikki qizning mehribon onasi, xalqimizning sevimli aktrisasi va boshlovchisi Rayhon Ulasenovaning eng sara fikrlarini sizlar bilan o`rtoqlashishga qaror qildik. 

"Oilamizning yangi mehmoni”
— Kichkintoyimizni bolalarim juda intizorlik bilan kutishgandi. Ayniqsa, qizim har safar yonimga kelib, tug`ilajak qizim bilan gaplashib turardi. Lekin Maryamxon tug`ilgandan keyin katta qizim Mohinur o`zgarib qoldi. Chunki oilada eng kichkinasi edi-da. Maryamxondan so`ng bu "o`rinni” unga topshirishga majbur bo`ldi. Bunday paytlarda uning ko`ngliga qarashga, unga ham e`tiborni kamaytirmaslikka harakat qildim. Hozir esa Mohinur oiladagi muhitga ancha ko`nikib qoldi. 

Tarbiyaning muhim jihati
— Farzandimizning kelajakda qanday inson bo`lib voyaga etishida biz ota-onalarning o`rni juda katta. Bolaga shaxs sifatida qarashni o`rganish kerak. Bola-ku, deb faqat erkalatish bilan chegaralanishning o`zi bola tarbiyasida yo`l qo`yilgan xatoliklardan biri, deb hisoblayman. Shuning uchun ham har bir bola bilan katta odamlardek munosabatda bo`lish,  kerakli oilaviy masalalarda uning fikri bilan ham qiziqib turish kerak. Bilasizmi, ko`pchilik yosh ota-onalarda tarbiyani necha yoshdan boshlash kerak, degan savol uyg`onadi. Bunga ham o`z qarashlarimni aytib o`tsam, degandim. Aslida tarbiyani bola qorinda endi rivojlanayotgandanoq boshlash kerak. Homila bilan gaplashib, uyda, oilada, atrof-muhitda sog`lom atmosferani yuzaga keltirish unga ijobiy ta`sir o`tkazadi. Hali tug`ilmagan bola ham mehmon bo`ladigan oilaga ona qornidanoq o`rgana boshlaydi. Shuning uchun chaqaloqlar hali hech narsani tushunmaydi, degan o`ylardan yiroq bo`lib u bilan ko`proq gaplashishga harakat qilish kerak. Mana shu mening tarbiya usullarimdan biri va har bir oilada ham muhim jihatlarni shular tashkil qiladi, deb o`ylayman. 

"Bolani aldayman, ammo bu...”
— Aldamayman, desam sizlarni aldayotgan bo`laman (kuladi). Bilasizmi, menimcha, hech qaysi ota-ona bolasini ermak uchun aldamaydi. Shaxsan bizning oilada ham aldovni — bajarilmagan va`da, deb bilaman. Ba`zida bolaga biror narsa olib beraman yoki qaergadir boramiz, deb ish tartibimiz tufayli aytganimizni bajarolmaymiz. Bu esa qaysidir ma`noda aldovning bir turiga aylanib qolishi mumkin. Ammo bunday paytlardan ham tarbiyani yodimdan chiqarmayman. Masalan, bolalarimga "Berilgan va`dani vaziyat tufayli bajarolmadik. Ammo albatta bajariladi” deb tushuntirish ishlari olib boriladi. Ular ancha ulg`ayib qolishgan. Ota-onasining sohasini, ish tartibini tushunishadi.    

"Onamning tarbiya usuli”
— Ota-onamning biz farzandlariga bergan tarbiya usullarini men hayotimda qo`llab kelyapman. Ayniqsa otam doim biz bilan do`sti, hamkasbidek gaplashardilar. Biroz yumshoqlikni, kechirib yuborishni onamdan o`rganganman. Ammo to`liqligicha emas. Chunki onam ba`zida haddan tashqari kechiruvchan, ko`nikuvchi va ba`zida qiyin vaziyatlarda ham "Ha, mayli” deydigan ayollardan. 

O`g`il va qiz farzand tarbiyasidagi farq...
— O`g`il va qiz — bular ikki xil fe`l-atvorga, dunyoqarash, ichki kechinmalarga ega alohida-alohida shaxslar. Tarbiyada buning ahamiyati katta. Mehr, parvarishni onadan olgan har bir o`g`il farzand baribir otasining yurish-turishi, gap-so`zi, tarbiyasi, o`zini tutishidan o`ziga andoza oladi. Shuning uchun ham o`g`limni ko`pincha otasi bilan birga tadbirlarga, yig`inlarga qo`shib yuboraman. Qizlar esa tabiiyki onasi bilan uy ishlarida faol bo`lishi, uy tutish, ro`zg`or ishlarini bolaligidan o`rganib borishi kerak. Qizim Mohinur hozir kichkina bo`lishidan qat`i nazar, uydagi aksariyat yumushlarni o`zi qiladi. Vaholanki, u ikki soatda eplayotgan ishlarni o`zim tezda qilib qo`yishim mumkin. Biroq men uning o`zi shu ishlarni o`rganib katta bo`lishiga imkon beryapman. Menimcha, har bir oilada o`g`il va qizlar ana shunday tarzda shakllanib, ulg`ayishsa kerak. 

"Ijodimga munosabat”
— O`g`lim filmlarimni, kliplardagi rollarimni sinchkovlik bilan kuzatib turadi. Uning eng yomon ko`rgan roli — O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning "Sarson” klipidagi obrazim. Ayniqsa, klipning oxirini yoqtirmaydi. Hatto bu klip efirga uzatiladigan bo`lsa, televizorni o`chirib qo`yadi. Shu darajada rashki kuchli (kuladi). Qizim esa uning aksi. Har bir rollarimni sinchkovlik bilan kuzatib, doim ijobiy baholab kelgan. 

Ayolning kuchi...
— Menimcha, ayollarning kuchi uning kuchli, aqlli, tafakkuri keng insonlarni dunyoga keltirishida, deb bilaman. Shuning uchun men farzandlarimni qanotlarim deyman. Oldin ular kichkina edi. Bugun esa bemalol o`sib ulg`ayayotgan qanotlarim bilan baland-balandlarga parvoz etishim mumkin. Menimcha, har bir ona farzandiga tegishli bo`lgan masalalarda tog`ni talqon qilib yuborishi mumkin. Hatto bundan paytlarda onalar erkaklardan ham kuchli bo`lishi aniq. 

Jazolash kerakmi?
— Bolalarni jazolash kerak, biroq sababini albatta tushuntirishimiz shart.  Chunki agar bola jazolanaversa va nega bunday bo`layotganini tushunmasa, unda ko`nikma hosil bo`ladi. Doimiy holatku bu, deb qarashi esa juda yomon. Misol uchun, o`tgan yili o`g`lim maktabda barcha fanlarni 5 bahoga yakunladi-da, bir dona 3 bo`lib qoldi. Sababini esa u "O`qituvchi bilan kelisholmadik. Xarakterimiz to`g`ri kelmadi” deya tushuntirdi (kuladi). Bu 12 yosh bolaning aytayotgan gapi. Biz esa uning bu xato ishini yozgi lagerga yubormasdan jazoladik. Singlisi dam olganda u dadasining do`sti bilan do`konda ishladi. Go`yoki, katta hayotga qadam qo`yib pul topdi. Bu yil esa ikkisiga ham "O`qituvchi doim haq! U senlarni o`qityapti, ta`lim beryapti, ular bilan o`chakishish to`g`ri emas” deb yangi o`quv yilini boshlab oldik. Agar o`quv yilining yakunida, kimdir 3-4 baho oladigan bo`lsa, yana shu tarzda jazo qo`llashimizni alohida ta`kidlab o`tdik. 

"Enagaga ishonmayman”
— Enagalarning eng zo`ri bu — BUVIJONLAR! Eng yaxshi enaga, eng yaxshi boquvchi va eng yaxshi tarbiya beradiganlar ham aynan ular. To`g`ri, ba`zida haddan tashqari erkalatib yuborishlari ham mumkin. Axir "Danagidan mag`zi shirin” deyishadi-ku. Lekin shunday bo`lishiga qaramasdan ular doim oqilona fikr yuritishadi. Ularning bola tarbiyasida bizdan ko`ra tajribasi ancha katta. Jumladagan, mening onajonlarim ham. Ular bilan bir narsani kelishib olganmiz: bola noto`g`ri ish qilsa va ularga kattalardan kimdir tanbeh bersa, hech kim aralashmaydi. Chunki bola kimningdir qo`llab-quvvatlashini bilsa, tanbehlarni qulog`iga olmaydi. Shuning uchun ham biz kattalar bola bilan bo`ladigan munosabatlarda ana shunday yozilmagan qoidalarga amal qilamiz. 

San`atni egallashsa...
— San`at sohasini egallashsa, hech kim bunga qarshilik qilmaydi. Chunki har bir inson o`zi yaxshi ko`rib ishlaydigan sohani tanlashi kerak. Ishga majburligidan emas, balki o`zi istab borib-kelishdek rohatni hech narsaga tenglashtirib bo`lmaydi. Agar ular san`atni egallab kasbimning davomchisi bo`lishsa, yagona maslahatim halollikni unutmaslik kerak. Nafaqat bizning sohada, balki hamma yo`nalishda ham inson toza qalb va sof vijdon bilan ishlashi shart!

Bolalar urishib qolishsa...
— Bolalar gap talashib, biroz arazlashib qolishsa, ularda o`zaro hurmat va birdamlik yo`qolmasligiga ota-ona mas`ul. Bundan paytlarda men o`zimni misol keltirib ish ko`raman. "Men tog`a, xolalaring bilan urishmaganman-ku. Aka-singillar bir-biriga mehribon bo`lishlari kerak” deb hayotiy voqealar bilan tushuntiraveraman. Qayta aytilavergan gap esa bolaning yodida saqlanib qoladi.

Aliya Sulaymonova tayyorladi

Manba: Darakchi.uz

Теги: Rayhon Ulasenova: “Oglimning rashki, ‘Sarson’dagi obrazimni yoqtirmaydi”

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги