Реклама
Новый песни и популярные музыка !
Место для вашей рекламы !
Место для вашей рекламы !
Поиск по сайту

Меню
Главная
Музыка
Клипы
Кино
» Uzb News
Qurg‘oqchilik xavotiri: 2022 yilgi yoz qanday bo‘ladi? - Ekspert bilan suhbat
Qurg‘oqchilik xavotiri: 2022 yilgi yoz qanday bo‘ladi? - Ekspert bilan suhbat
Дата: 24.04.2022, 13:11

Markaziy Osiyoda asosiy suv zaxirasi qor va muz holida shakllanadi. Qishda qorning yildan yilga kam yog‘ishi esa suv taqchilligiga olib keladi. O‘zbekiston ana shu yangi sharoitlarga moslashishi kerak, deydi suv resurslari bo‘yicha xalqaro ekspert Abror G‘afurov. U bu yil yozdagi suv miqdori bo‘yicha prognozlar haqida ham ma’lumot berdi.

Abror G‘afurov – Germaniya Yer tadqiqotlari markazining “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi rahbari, Berlindagi Humboldt universiteti dotsenti. Ekspert Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonning asosiy suv resurslari, iqlim o‘zgarishlari sabab ularning kamayib borayotgani, 2022 yil yozda bizni kutayotgan vaziyat haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonning asosiy suv manbalari

O‘zbekistonga suv Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari orqali keladi. Amudaryo va Sirdaryo, asosan, Tyan-shan va Pomir tog‘laridagi qor va muzliklar erishi evaziga to‘yinadi. Qor mavsumiy bo‘lib, mart oyidan iyun-iyul oyigacha eriydi va daryo suvi to‘lishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Qor erib bo‘lgach muzliklar eriy boshlab, asosan, avgust oyida daryolar muzlik suvi bilan to‘yinadi.

Qor va muzliklar – asosiy suv manbasi deyish mumkin. Yillik hisobda taxminan 50-60 foiz suv qorlar erishi orqali, 20 foiz suv esa muzliklar erishi hisobiga shakllanadi.

Qor kam yog‘aversa, suv kamayib ketadimi?

Iqlim o‘zgarishining O‘rta Osiyoga ta’siri salbiy. Mintaqaning asosiy suv manbasi – qor va muzliklar, ammo ko‘p qismi qor hisobiga shakllanadi. O‘rta Osiyodagi tog‘lar qishda yog‘gan qorlar evaziga yoz fasli uchun suv saqlash funksiyasini ham bajaradi. Kelajakda iqlim o‘zgarishi sabab yog‘ayotgan yog‘ingarchilik qor ko‘rinishida yog‘may qo‘ysa, muammoli vaziyat paydo bo‘lishi mumkin. Bunda yog‘ingarchilikning asosiy qismi yomg‘ir ko‘rinishida tusha boshlaydi va O‘rta Osiyo tog‘lari suvni yoz fasli uchun saqlash funksiyasini yo‘qotishi mumkin.

Faraz qilaylik, qishda qor emas, yomg‘ir yog‘sa, u tog‘larda zaxira bo‘lib qolmasdan o‘ziga yo‘l izlab pastga oqib tushadi. Va daryolarning qishda suvga to‘yinishi sodir bo‘ladi. Bizga esa suv, asosan, yozda kerak. Shuning uchun agar kelajakda iqlim isib boraversa, tog‘lardagi qor zaxiralarini yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Muzliklar ham yildan yilga erib boryapti, bu esa avgust oyida suv kamayib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu vaziyat kelajakda real ekanini hisobga olib, unga moslashishni unutmaslik lozim.

Mart oyida O‘zbekistonda qariyb rekord darajada yomg‘irlar yog‘di, ko‘plab hududlarga sel keldi. Ana shu suvlarni zaxira qilib ishlatsa bo‘lmaydimi?

Bunday holatda eng yaxshi narsa – keraksiz vaqtda kelayotgan suvni yig‘ib olish. Buning uchun suv omborlari quriladi. O‘zbekistonda ham suv omborlari bor. Ular elektr energiya ishlab chiqarishdan tashqari qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash funksiyalariga ega. Lekin suv omborlari ko‘pincha suv bilan to‘la bo‘ladi.

Agar aytaylik, kelasi 10 kun ichida xuddi mart oyidagidek tinimsiz yomg‘ir yog‘sa, suv omborlarida bu suvni ushlab qolish uchun kerakli joy zaxirasi bo‘lishi kerak. Agar zaxira bo‘lmasa, bu suvni tashlab yuborishga majbur bo‘lamiz. Sababi suv omborlarining o‘ziga yarasha xavfsizlik qoidalari bor, ularda me’yordan ortiq suv saqlash mumkin emas. Shuni e’tiborga olgan holda, kelasi oyda qancha suv kelishini oldindan hisoblab, suv omborlarini boshqarish va iloji boricha yomg‘ir suvini ham saqlab qolish imkoniyatlarini topish kerak.

Masalan, Norvegiya tajribasida bunga alohida ahamiyat beriladi: ular “Tepadan tushayotgan har bir tomchi iqtisodiyotimiz uchun bir dollar bo‘lsa ham qo‘shimcha foyda bo‘ladi”, deb hisoblashadi.

Biz ham suvni maksimum darajada saqlab qolish va unumli foydalanish yo‘llarini topishga harakat qilishimiz zarur. Buning uchun turli maqsadlarni, jumladan, qishloq xo‘jaligini sug‘orish, elektr energiya ishlab chiqarish va suv omborlari xavfsizligi kabi jihatlarni hisobga olib suvdan foydalanishni optimallashtirish kerak.

Bu yil bizni qurg‘oqchilik kutyaptimi?

Bu savol – juda aktual va javob berish oson emas. Lekin bu yilgi vaziyat o‘zgacha. Yuqorida aytganimdek, O‘rta Osiyoda suv shakllanishi asosan tog‘larda qorlar to‘planishiga bog‘liq. Biz suv zaxiralarini aniqlash maqsadida qor qoplamlari bo‘yicha shug‘ullanamiz, doimiy kuzatuv olib boramiz va uni monitoring qilish bo‘yicha MODSNOW va boshqa dasturlar yaratganmiz. Hozir bu dasturlar nafaqat O‘zbekistonda, balki barcha O‘rta Osiyo davlatlari va ayrim Yevropa davlatlarida ham ishlatiladi.

MODSNOW dasturimiz orqali olayotgan natijalarimizga ko‘ra, bu yil qishda qor achinarli darajada kam yog‘di. Biroq mart oyi sersuv bo‘ldi. Mart oyida yomg‘irlar ortidan tog‘li hududlarga qor ham yog‘di, lekin ko‘p emas.

Sirdaryo havzasida nisbatan ko‘p qor yog‘di va bu Sirdaryo havzasining suv zaxiralari nisbatan ko‘payishiga va shakllanishiga olib keldi. Afsuski, bu hodisa Amudaryo havzasida kuzatilmadi. Amudaryoda bu yilgi qor to‘planishi oxirgi 22 yil ichida bunaqa past ko‘rsatkichga ega bo‘lmagan.

Sariq chiziq – shu vaqtgacha oxirgi 22 yildagi eng kam qor qoplami kuzatilgan yilning oylar bo‘yicha shakllangan qor zaxiralari. Ko‘k chiziq – shu vaqtgacha oxirgi 22 yildagi eng ko‘p qor qoplami kuzatilgan yilning oylar bo‘yicha qor zaxirasi. Yashil chiziq – oxirgi 22 yildagi o‘rtacha qor zaxirasining oylar bo‘yicha zaxirasi. Uzuq qizil chiziq – 2022 yildagi qor zaxirasi. Qizil nuqta – oxirgi kuzatuv olib borilgan kundagi qor zaxirasi.

Shuning uchun aytish mumkinki, bu yil yozda ham suvimiz kam bo‘ladi: Sirdaryoda ham, Amudaryoda ham. Lekin uzoq yillik o‘rtacha qiymat hisobida Amudaryoda bu yil ancha suv kam bo‘lishi kutilyapti deb xulosa qilish mumkin.

Aprelning birinchi yarmida kuzatilgan havo haroratining anomal darajada isib ketishi tog‘lardagi qor zaxiralarining ham yozda emas, balki aprel-may oylarida erib ketishiga olib kelish ehtimoli katta. Bu o‘z navbatida, kelayotgan yoz faslida qurg‘oqchilik kuzatilishiga olib kelishi mumkin.

Amudaryo O‘zbekiston janubidan boshlanib, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonni suv bilan ta’minlaydi. Sirdaryo esa Farg‘ona vodiysidan kirib kelib, vodiy viloyatlari, Toshkent viloyati, Sirdaryo viloyatiga, qisman Jizzax viloyatiga suv beradi. Samarqand viloyati esa Zarafshondan suv ichadi. Afsuski, Zarafshonda ham suv bu yil ko‘p emas.

Qisqacha aytganda, O‘zbekistonning sharqiy qismida suv nisbatan ko‘proq, lekin Amudaryo oqib o‘tadigan janubiy, g‘arbiy qismida suv kam bo‘ladi.

Aholi suv tanqisligiga qanday moslashadi?

Aholi suv tanqisligi haqida oldindan xabardor bo‘lishi, bunga moslashib harakat qilishi kerak. Bunda suv kamroq talab qiladigan ekinlarni ko‘proq ekish, sug‘orishning tejamkor usullaridan foydalanishni o‘rganish lozim. Sababi bundan keyin suv kamayib boradi. Har 3-4 yilda bir qattiq qurg‘oqchilik bo‘lib, dehqon zarar ko‘rsa, bu yomon. Shuning uchun oldindan suv zaxiralarini kuzatib borish va unga moslashgan holda suvdan foydalanish muhim.

Ayni paytda hukumat tomonidan aholini suvni tejashga rag‘batlantirish uchun yaxshi ishlar davom etyapti, masalan, tomchilatib sug‘orish usullarini qo‘llagan fermerlarga subsidiyalar berilyapti. Biroq buning o‘zi yetarli emas, fermerlarga tomchilatib sug‘orishning ijobiy va salbiy taraflari haqida ko‘proq bilim berish zarur. Fermer tomchilatib sug‘orishning o‘ziga va olib borayotgan faoliyatiga foydasi katta ekanini bilsagina davomiy ravishda bu usuldan foydalanishi mumkin. Aks holda, tatbiq qilingan yangi sug‘orish usulidan 1-2 yilda voz kechish ehtimoli ham yo‘q emas. Buning davomiyligini kafolatlash ancha ish talab qiladi.

Suvni tejashning yangi usullarini ilmiy jihatdan ham o‘rganish, tuproqqa, hosildorlikka ta’siri, ko‘p va kam ishlatiladigan resurslar tadqiq qilinishi lozim. O‘rta Osiyoda hozir bu bilim chegaralangan. Tomchilatib sug‘orishdan biz faqatgina oxirgi 3-4 yilda keng ko‘lamda foydalanishni boshladik. O‘ziga yarasha murakkab sug‘orish uslubini amalda davomiy ravishda tatbiq qilish anchagina bilim talab qiladi. Bu bilimni nafaqat ilmiy ishlar orqali egallash va uni fermerlarga ham yetkazish lozim. Bu yo‘nalishda Isroilning tomchilatib sug‘orish bo‘yicha tajribasini o‘rganish mumkin.

Agar suvdan to‘g‘ri foydalansak va tejamkor sug‘orish usullarini qo‘llasak, O‘rta Osiyoda suv barchaga yetadi. Dunyoning ayrim davlatlarida suv zaxiralari O‘rta Osiyonikidan ham kam bo‘lib, qishloq xo‘jaligi o‘ta rivojlanganini ham kuzatish mumkin. Bunaqa darajaga yetish uchun suvdan unumli foydalanish kafolat bo‘la oladi.

O‘zbekistonda ham tomchilatib sug‘orish fermerning daromadiga qanday ta’sir qilishini, u nimalardan foyda ko‘rishini ilmiy o‘rganish lozim.

Hukumatga takliflar

Innovatsion usullarni tatbiq qilgan holda suv zaxiralarini kuzatish va bu usullarni zaxiralarni boshqarishda keng qo‘llash zarur. Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan keng foydalanib, suv zaxiralari haqida ko‘proq ma’lumot olishni yo‘lga qo‘yish lozim. Suvdan unumli foydalanish uchun avval uning miqdori to‘g‘risida aniqroq ma’lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Hozirda nafaqat yoz fasli uchun oyma-oy, balki kunma-kun tog‘larimizda qancha suv miqdori mavjudligini kuzatib borish imkoniyatlari mavjud.

Shuningdek, suv resurslari yig‘ilishi, uning kutilayotgan miqdorini yoritib beradigan onlayn platforma yaratish foydali bo‘ladi.

Buning bilan suv zaxiralari haqidagi ma’lumotlardan faqat prognozlashtirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar emas, balki suvdan foydalanadigan barchani xabardor qilib borish mumkin. Hozirda Jahon Bankining O‘rta Osiyoda amalga oshirilayotgan CAFEWS loyihasi ham ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yadigan platforma yaratishni maqsad qilgan.

Bunday platforma suv bo‘yicha ma’lumot berishdan tashqari, tabiiy ofatlardan ham ogoh bo‘lishga yordam beradi. Masalan, mart oyida tinimsiz yomg‘ir yog‘di. Shunday vaziyatda qayerda qancha yomg‘ir yog‘ganini, qayerda sel kelish ehtimoli bor, qayerda qurg‘oqchilik ehtimoli mavjudligi xarita orqali ko‘rsatib berilsa, suvdan foydalanishda ancha samaradorlikka erishish mumkin. Qolaversa, suv omborlaridan foydalanishni ham optimallashtirish imkoni bo‘ladi.

O‘zbekistonda suv resurslarini o‘rganishga oid ilmiy ishlar ham yetarli emas. Rivojlangan davlatlarda biror yangi boshqarish usulini amalda tatbiq etishdan oldin vaziyat ilmiy o‘rganib chiqiladi va haqiqatan, hudud uchun foydali bo‘ladigan, uzoq muddat davomiy ishlab beradigan loyihalargina amaliyotga joriy qilinadi. Bunday usulni O‘zbekistonda ham qo‘llash foydali bo‘ladi.

O‘zbekistonda sug‘orish maqsadida keragidan ko‘p suv ishlatiladi va buni kelajakda kamaytirib borish kerak. Sababi suv yildan yilga kamayib boraveradi. Biroq bunga moslashish – tez bo‘ladigan jarayon emas. Keyingi 10-15 yil davomida bo‘lsa ham, yangi sharoitda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga moslashishimiz zarur.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Abror G‘afurov – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bakalavriatni, “Umid” jamg‘armasi orqali Germaniyada magistraturani tamomlagan va Germaniya granti orqali doktoranturada tahsil olgan. Hozirda Germaniya yer tadqiqotlari markazining (German Research Centre for Geosciences) “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi rahbari.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar mutaxassisi sifatida faoliyat yuritib boradi, Berlindagi Humboldt universitetida dotsent, talabalarga dars beradi. Vatandoshimiz o‘zi jismonan Germaniyada faoliyat yuritishiga qaramay O‘zbekiston, Markaziy Osiyo suv resurslariga oid doimiy izlanishlar olib boradi.

Новые песни

Diqqat, Diqqat !
Xato va kamchiliklar bo'lsa shikoyatlar uchun bizga murojaat qiling.
Biz bilan bog'lanish !


Поделиться:

Метки: | Ko'rildi: 25
Категория
O'zbekiston Yangiliklar
Dunyo Yangiiklar
Sport Yangiliklar
Texnologiya Olami
Shou-Biznes Olami
Avto Yangiliklar
Статистика
Всего на сайте: 18
Гостей: 18
Пользователи: 0