0

«Qorong`i kechalarda yashagan qizim»

Автор: Activeкатегория: She'rlar / Hikoyalarдата: 19-Октябрь-2016, 13:00

Yuzimga sachragan sovuq tomchilardan seskanib o`zimga keldim. Zax erda chilparchin bo`lib yotardim, boshim negadir qattiq og`rirdi. Tepamda esa qo`shnimiz Ma`rufaxon va katta qizim Sanobar turishardi. Sekin-asta o`zimga kelib, nima bo`lganini eslay boshladim. Ha, men yana hushimni yo`qotibman-da. Nargizamni tuproqqa topshirganimdan keyin shunaqa bo`lib qolganman. Shu on yigirma to`qqiz yoshida zavol ketgan nuridiydam ko`z oldimdan yana lip etib o`tdi. Farzand dog`ini dushmaningga ham ko`rsatmasin ekan. Ota-onamni, erimni erga berganimda ham kuyganman, biroq bolamning dardida yonib ketdim. Hamon yonayapman… endi umrimning oxirigacha o`chmasam kerak. Tezroq yonib bitaqolsaydim…

To`qqiz yashar qizalog`im may oyining issiq kunida maktabidan betob qaytdi. Qarasam, isitmasi baland, qornim og`riyapti, deydi. Darrov qorniga issiq qildim, isitma tushiradigan dorilardan berdim. Ammo isitmasi tushmadi. Erim ikkimiz bolani tuman markazidagi kasalxonaga olib bordik. Qabul bo`limida qizimni ko`rikdan o`tkazgan shifokor uning qo`l-oyoqlari shishganini qayd etdi. Nafas olishi ham og`ir edi. Zudlik bilan davolashni boshlab yuborishdi.

Qizim kasalxonaga tushganiga bir hafta bo`ldi, ammo ahvoli hech yaxshilanay demasdi. Shifokorlar avvaliga buyragi kasal, deyishdi. Keyin yurak va o`pkada qandaydir dard yashirin, deya ularni tekshirishga o`tishdi. Orada «artrit» degan tashxis qo`yib, bo`g`inlarini ham davolay boshlashdi. Otasi sigirimizni sotib, kerakli dorilarni keltirib berdi. Biroq qani ular kor qilsa. Oxiri qizimizni Toshkentga olib ketamiz, deb turib oldik. Ammo bosh shifokor bizni xonasiga chaqirib, ahvol chatoqligini, bolani bu ahvolda shaharga olib borish u yoqda tursin, hatto joyidan qimirlatish ham xavfli ekanligini aytdi.

Rahmatlik erim tutgan joyidan kesadigan odam edi. «Olib borib bo`lmasa, o`sha katta do`xtirlarning o`zi shu erga keladi», – degancha chiqib ketdi. Ertasiga esa yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari oppoq, ko`zoynakli bir kishini boshlab keldi. Uni ko`rib, shifoxonadagilar tipirchilab qolishdi. Ma`lum bo`lishicha, katta shifokor, professor ekan. Bosh shifokorimizga ham institutda dars bergan ekan. Professor qizimni yaxshilab ko`rikdan o`tkazdi. Qonidan namuna oldirib, viloyat markaziy shifoxonasiga yubordi. Kechqurun tahlil natijalarini olgach, er-xotin ikkimizni so`roqqa tutdi:

– Oxirgi paytda bolaning xatti-harakati, umumiy ahvolida biron o`zgarish sezmadingizmi?

– Yo`q, har doimgidek edi shekilli. Faqat qishdan chiqqanimizdan keyin negadir o`ychan, jizzaki, tez toliqadigan bo`lib qoluvdi. Ilik uzildi palla-da, o`tib ketar deb o`ylagandim, – dedim.

– Taxminlarim, afsuski, tasdiqlandi. Qizingiz g`oyatda kam uchraydigan dardga chalingan. Tibbiyotda buni «krasnaya volchanka» deymiz. Bu autoimmun xastaliklar turkumiga kiruvchi yuqumli virusli kasallik. Bardam bo`linglar.

Er-xotin shifokor bekorga bardamlik tilamayotganini yaxshi anglar edik.

– Biz tushunadigan tilda gapiring, do`xtir. Qizim o`ladimi? – xo`jayinim ochiqchasiga so`radi.

– Shunday xavf ham bor, ammo bu aniq o`ladi, degani emas. Agar dori-darmon qilib, to`g`ri turmush tarzi olib borilsa, uzoq yashashi mumkin. Biroq darddan butunlay forig` bo`lib ketmaydi. Hozirgi asosiy vazifa, kasallik asoratlarining oldini olish. Chunki virus bolaning boshqa a`zolari – yuragi, buyragi va bo`g`imlarini shikastlashi mumkin. Bundan tashqari, qizingiz oftobga, issiqqa, quyosh nuriga nisbatan juda ta`sirchan bo`lib qoladi. Quyosh – uning dushmani. Yorug`likka chiqsa, isitmasi ko`tarilishi, tanasini qip-qizil yoki qoramtir dog`lar bosishi mumkin. Yaxshisi, kunduzi uxlab, kechalari tashqariga chiqsin.

– Voy sho`rim! Endi nima qilaman? Qiz bola narsa boyqushga o`xshab tunlari izg`iydimi?

– Bekorga «volchanka», ya`ni bo`rining urg`ochisi, deyilmagan-da. Ha, yana bir narsa: dard teri tarkibini o`zgartirib yuboradi. Qizingiz biror joyini kesib yoki tirnab olishidan ehtiyot bo`ling. Chunki bu xastalikda yaralar bitmaydi, terining shikakstlangan joyi tiklanmaydi.

Er-xotin professorning oldidan bir ahvolda chiqdik. Shu kundan boshlab hayotimiz tubdan o`zgardi. Qizimni tushib ketsa sinadigan nozik billurdek ardoqlab yashay boshladik. Qolgan uch farzandimga etarli e`tibor bera olmadim, chunki men uchun Nargizadan muhimroq hech bir zot yo`q edi dunyoda. Yaxshiki, aka-opalari vaziyatni to`g`ri tushunishdi, bu xudbinligimni hech yuzimga solishmadi.

Ota-ona o`z yo`liga, insonga do`st-yoronlar, qarindosh-urug`, jamoa kerak ekan. Qizim esa qorong`i uyda yolg`iz yashar, akasiyu opalari ko`chada o`ynab-kulib yurishganida, u to`rt devor ichida bandi edi. Xuddi to`dadan quvilgan qo`zi singari. Kechalari esa er-xotin galma-galdan unga qorovulchilik qilardik. Chunki Nargiza quyoshning nurlari so`nishi bilan ko`chama-ko`cha izg`irdi. Uzzukun uyda zerikardi-da sho`rlik. Bola bo`lsa, uni bog`lab qo`yib bo`larmidi. Avvaliga bunday hayot tarziga ko`nika olmay, rosa isyon qildi. Maktabga boraman, o`rtoqlarim bilan o`ynayman, deb kunning qizig`ida eshikka tirmashardi. Ammo bora-bora tungi hayot unga ma`qul kela boshladi.

Nargiza o`n etti yoshlarda edi, chamasi. O`zi ham juda chiroyli, oppoq, qosh-ko`zlari qunduzdek qiz bo`ldi. Lekin faqat tunlari ko`chaga chiqqani uchun uni ko`pchilik tanimasdi. Yarim kechasi to`ydan qaytayotgan mast-alast esa paridek tentirab yurgan go`zalni farishtaga, ba`zan esa yo`ldan ozdiruvchi iblisga ham o`xshatib, turli afsonalar to`qishar, og`izdan-og`izga o`tib, bu hikoyalar bizgacha etib kelardi: qishloqda bir pari paydo bo`lganmish, turarjoyi qabriston emish, kimki unga duch kelsa, bo`ridek ovoz chiqarib, o`ziga chorlarmish. Bu gaplar Nargizaning qulog`iga etib bormasligi uchun qanchalik urinmaylik, oyni etak bilan yopib bo`lmas ekan. Lekin qizimga bu afsonasifat hikoyalar yoqar, ularning bosh qahramoni o`zi ekanidan xursand edi.

Nargizam yigirmaga to`lganida otasini ko`pga qo`shdik. Bu ayriliq hammadan ham unga yomon ta`sir qildi. Endi tunlari tentirab yurmas, faqat otasining qabri tepasida tong ottirardi. Akasi uni necha marta qabristondan topib keldi. Qishloqdagi gap-so`zlar ham vahimali tus ola boshladi. «Qizim betob, quyoshga chiqa olmaydi. Undan qo`rqish emas, balki achinish kerak», – deb tushuntirishga harqancha urinmay, bu haqiqatga hech kimning ishongisi kelmas, odamlar sirli va qo`rqinchli to`qimalarga osongina ishonishardi. Bora-bora men ham Nargiza kabi gap-so`zlarga e`tibor bermay qo`ydim.

Opalari uyli-joyli bo`lib ketishdi, akasini ham uylantirdik. Nargizaning turmushga chiqishi haqida esa gap ham bo`lishi mumkin emasdi. Qizim ikkimiz taqdirga tan berib, bir-birimizga suyanib qoldik, shu ko`yi umrimizning oxirigacha yashab o`tishga qaror qilgandik. «Mendan keyin bolam sho`rlik xor bo`lmasmikan?» degan shubhalarimga o`g`lim va katta qizlarim nuqul inkor javobini berishar, ammo baribir ko`nglim notinch edi.

O`sha mash`um kunni hech unutmayman. Qizim qorni qattiq og`riyotganidan shikoyat qildi. Tez yordam chaqirib, shifoxonaga eltdik. Shifokorlar «ko`richak» degan tashxisni qo`yib, operasiyaga tayyorlana boshlashdi. «Qizimning terisini kesish mumkin emas, keyin yarasi bitmaydi» degan gaplarimga ham, kasallik tarixida aniq-tiniq yozib qo`yilgan tashxisga ham e`tibor bermay, «hozir operasiya qilmasak o`lib qoladi» deya olib kirib ketishdi. Kesib ko`rishsa, ko`richak emas ekan. Balki dard boshqa joydadir, deya ichaklarini ham ag`dar-to`ntar qilib, hech nima topa olishmagach, tikib qo`yaqolishibdi. Shundan keyin o`tgan bir yil davomida Nargizaning har bir kuni cheksiz azoblar ichida kechdi. Yarasi bitmagani ustiga uquvsiz jarroh tig`idan zararlangan ichaklardan qon keta boshladi. O`g`lim bilan uni Toshentga olib keldik. Bu erdagi shifokorlar operasiya shoshqaloqlik bilan, hech bir asossiz qilingani, «krasnaya volchanka» tashxisi bilan og`rigan bemorlarda qorin og`rig`i bo`lib turishi, buni dori-darmon bilan davolash kerakligini aytishdi.

Endi boshimni qaysi devorga urishni ham bilmasdim. O`g`lim tuman shifoxonasidagi o`sha shoshqaloq shifokorni tilka-pora qilishga otlangan eridan arang to`xtatib qoldim. Tunu kun bolamning dardiga shifo so`rab Yaratganga iltijo qildim. Ammo sho`rlik qizim ko`z oldimda so`lib borardi. Ochiq yaradan tinmay qon sizar, bechora holsizlanib, rangi oqarib ketgandi. Ko`rgani kelgan qarindoshlar, tanish-bilishlarning «hali tuzalib ketasan» degan oddiygina taskinlariga jon-jahdi bilan ishonar, ularning qo`llarini o`pib, minnatdorchilik bildirardi. «Men hali o`lmayman, uzoq yashayman. Umrimning aksar qismi zimistonda kechayotgan bo`lsa-da, hayotni sevaman», derdi nuqul…

Nargiza otasining yonidan muqim joy olganiga ham bir yil to`ldi. Yaratgannning irodasi, deymanu, biroq pushaymondan qutula olmayman. Agar o`sha kuni shoshqaloq va chalasavod shifokorlarga qizimni qo`shqo`llab topshirmay, viloyat shifoxonasiga olib borganimda, u erdagilar Toshkentdan shifokor-mutaxassis chaqirishlari va qizimning terisini behudaga kesmasliklari mumkin ekan.

Endi bu dard meni eb bitirayapti. Aytsam, kimdir saboq olar, ayrim shifokorlar o`zlariga ishonib topshirilgan inson hayotiga mas`uliyat bilan yondashishar, degan umidda sizga hikoya qilib berdim.

Shahnoza SOATOVA oqqa ko`chirdi

Manba: Darakchi.uz

Теги: «Qorongi kechalarda yashagan qizim»

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги