0

Qoraqalpog‘istonda ikki yigit voyaga yetmagan qizning nomusini bulg‘adi

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 21.04.2019
«Huquq» nashri Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlarining birida yuz bergan jinoyat haqida maqola chop etdi. Quyida ushbu maqola to‘lig‘icha havola etildi.

1993 yilda tug‘ilgan Begzod Ergashev bundan uch yil oldin badanga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urgan, ammo sudning ajrimiga ko‘ra uning ayblilik masalasi taraflarning yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatilgandi. Bu, agar u teranroq fikr yuritganida, yoshlikdagi xatosidan tegishli xulosa chiqarib olishi uchun o‘ziga berilgan imkoniyat edi. Afsus, biz hi­koya qilmoqchi bo‘lgan voqea «qahramon»laridan biri o‘tmishdagi xatosidan tegishli xulosa chiqarmadi. Aksiga olib, bekor yurdi, tayinli bir ishning boshidan tutmadi, qolaversa, yosh oilasi «tashvishi»ni ota-ona ixtiyoriga topshirib, «o‘ziga o‘xshagan»lar bilan ulfatchilik qilishni odatga aylantirdi.

B.Ergashev shunday kunlarning birida axloqan qashshoqligi bois oilasidan ajrashgan, na kelinlik xonadoniga, na ota uyiga sig‘may, sayoq yurgan Dilnoza Hamidullayeva bilan tanishib qoladi. Buni qarangki, dunyoqarashlari biri-biriga o‘xshash bu kimsalar pinhona uchrashuvlarini ham boshlab yuborishadi.

Darvoqe, kezi kelganda yana bir gapni aytish joiz, B.Ergashev bu payt­larda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, hali balog‘at yoshiga yetmagan qizning ham «boshini aylantirib», xayolida, uni ham o‘ziniki qilib qo‘ygandi…

Begzodning bunday yurishlari kunlardan bir kun qandaydir ko‘ngilsizlikni keltirib chiqarishi o‘z-o‘zidan ma’lum edi. Ammo Begzod, Dilnoza va ularning tanishlari bo‘lgan Oynazar Muratov, Oybek Hayitov va Shohrux Ixtiyorovlar bu haqiqatni hatto xayoliga ham keltirmasdi.

Tuman hududida joylashgan kafelarning biridan mast holatda chiqqan yigitlar o‘tirishni davom ettirish maqsadida O.Hayitovning bo‘sh turgan uyiga borishadi. Tabiiyki, ichkilikbozlik bu yerda ham davom etib, o‘tirish qiziydi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Begzod mast holatida bu uyga voyaga yetmagan tanishini ham olib keladi. Hali balog‘at yoshiga yetmagan, uning ustiga, bunday tartibsiz o‘tirishlarda ishtirok etib ko‘rmagan qiz o‘zini noqulay sezadi. Ayniqsa, uning qo‘liga aroq to‘la piyola tutqazilganida, u dasturxon atrofidagilarga o‘zining aroq ichib ko‘rmaganligini va umuman, ichishni xohlamasligini aytadi. Lekin, u «ichmayman», deb qancha harakat qilmasin, baribir atrofdagilarning qistovi bilan ichishga majbur bo‘ladi.

Mana shunday qistov ostida uch-to‘rt piyola aroq ichgan qiz mast bo‘lib qoladi. Yoshligidan foydalangan holda boshini aylantirib yurgan qizining ana shunday holatga tushishini poylab o‘tirgan Begzod uning yoniga boradi va go‘yoki, yordam bermoqchi bo‘lgandek, uni uyning alohida xonasiga yetaklaydi…

Begzod singlisi tengi qizning nomusini bulg‘ab, dasturxon atrofiga kelganidan so‘ng ichkilikbozlik yana davom etadi. Begzodning pastkashligi tutib, hozirgina nima ish qilgani haqida aytib, maqtanar va bundan o‘zicha huzurlanardi. Eng achinarlisi, bu ishning oqibati nimalarga olib kelishi mumkinligini shu yerda o‘tirganlarning hech biri hatto xayoliga ham keltirmasdi. Aksincha, endi bu xonaga mast holatda bo‘lgan Oynazar ham kirishga qaror qiladi va qizning ojizligidan, ya’ni o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ega emasligidan foydalanadi…

Ikki yigit tomonidan og‘ir jinoyat sodir etilayotgan paytda qizning ota-onasi xavotirlanib, ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan va u qidirilayotgandi. Qilg‘ilikni qilib, bir qizning nomusini bulg‘agan jinoyatchilar esa jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida turli nayranglarni ishga solish bilan ovora edi. Lekin, ularning o‘ylab topgan nayranglari, tabiiyki, ish bermasligi kundek ravshan edi. Jinoyatchilar shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sud ishni xolisona va har tomonlama o‘rganib chiqdi. Odil sudning hukmiga binoan, Begzod Ergashev va Oynazar Muratovlarga qilmishlariga yarasha uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Albatta, biz ushbu jinoyat tafsilotlarini imkon qadar qisqartirib, ism va familiyalarni esa o‘zgartirgan holda sizga yetkazishga harakat qildik. Xulosa chiqarishni esa gazeta o‘quvchilarining ixtiyoriga qoldirdik.

Теги: Yurtimizda