Реклама
Новый песни и популярные музыка !
Место для вашей рекламы !
Место для вашей рекламы !
Поиск по сайту

Меню
Главная
Музыка
Клипы
Кино
» Dunyo news
«Putinchi» Le Pen Makronga qarshi: Fransiyada saylov finali boshlanmoqda
«Putinchi» Le Pen Makronga qarshi: Fransiyada saylov finali boshlanmoqda
Дата: 24.04.2022, 13:15

24 aprel kuni Fransiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi. Bu gal ham 2017 yilda bo‘lgani kabi Emmanuel Makron hamda Marin Le Pen g‘oliblik uchun asosiy da’vogar. Birinchi raund ham o‘tgan safargiga o‘xshash natijalar bilan yakunlangandi, ammo bu gal ikkinchi raundda Makronga 5 yil avvalgidek oson bo‘lmaydigan ko‘rinadi.

5 yil oldingi kabi

Makron birinchi turda 27,6 foiz ovoz to‘pladi. Bu borada uning natijasi 5 yil avvalgiga qaraganda 2,5 foizga yaxshilangan. Le Pen birinchi turda 27,4 foiz ovoz olgan. Bu borada «Milliy birdamlik» partiyasi yetakchisi 5 yil oldingi natijasini 6,1 foizga yaxshilab olgan.

Ammo ikkinchi turda ham birinchi bosqichda bo‘lgani kabi ikki nomzod kichik farq bilan ovoz to‘playdi degani emas. Masalan, 2017 yil saylovning ikkinchi bosqichida Makronga saylovda ishtirok etganlarning 66,1 foizi ovoz bergan. Le Pen esa 33 foiz bilan kifoyalangan. Ukrainadagi urush Fransiyadagi saylov natijalariga ham bevosita ta’sir qilishi kutilmoqda. Aynan urush sabab bu galgi saylovlarda intriga ancha yuqori.

Saylov nega ikkinchi bosqichga o‘tgani esa tushunarli, bu gal ham hech bir nomzod 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmadi.

Hal qiluvchi debat: asosiy mavzu urush bo‘ldi

Saylov finalidan avval nomzodlar hal qiluvchi, yakkama-yakka debatda ishtirok etdi. Uning asosiy mavzusi esa tabiiyki Ukrainadagi urush bo‘ldi. Debatlar saylov natijasiga eng jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lishi aniq. Sababi, Makron ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra Le Penni 10 foizga ortda qoldirayotgan bo‘lsa-da, hali 10 foiz saylovchilar kimga ovoz berish borasida bir qarorga kelmagan.

2017 yilgi saylovlarda ham finaldan avvalgi debat natija uchun hal qiluvchi bo‘lgani aytiladi. O‘shanda ekspertlarning fikricha, Marin Le Pen yaxshi tayyorlanmagani sezilgan va debatlarda o‘zini juda qiziqqon tutgan. Tahlilchilar Le Pen bu gal oldingi xatolarini takrorlamagani va xotirjam ko‘ringaniga e’tibor qaratdi. O‘z navbatida Le Pen Makronni izdan chiqarishni ham uddalay olmagan, amaldagi prezident keskin pozitsiya egallab sovuqqonlik ko‘rsatgan.

Rossiya borasida tortishuv

Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urush mavzusi debatning asosiy qismiga aylandi. Har ikki siyosatchining ham Rossiya borasida fikrlari keskin farqli ekani oydek ravshan.

Makron urush boshlanishidan avval Moskvaga borgan kam sonli g‘arblik siyosatchilardan biri bo‘ldi. 24 fevralda urush boshlangach, Makron Rossiyaning harakatlarini qoralab, G‘arb sanksiyalarini qo‘lladi. Shuningdek, Kiyevga qurol yetkazib berilishini aytdi. Makron urush vaqtida Putin bilan eng ko‘p telefonda gaplashgan davlat rahbari bo‘ldi. Muloqotni to‘xtatmagan Makron Putinni qoralashni ham kanda qilmadi. Fransuz nashrlarining yozishicha, bu ko‘p sonli muloqotlarda Putin har safar urush qanday paydo bo‘lganining sabablarini tushuntirgan.

Marin Le Pen esa Rossiyani qo‘llashi va «Putinchi ekanini» yashirib o‘tirmaydi. Uni Putinning Yevropadagi asosiy siyosiy ittifoqchilaridan biri deb atashadi. Oldingi saylovdan avval Le Pen Putin bilan ko‘rishgandi ham. O‘sha uchrashuv haqida Fransiyada rosa yozishgan. Putinning terrorizmga qarshi kurashdagi harakatlarini maqtagan Le Pen Rossiya prezidenti bilan qarashlar borasida hamfikr ekanini aytgandi. Le Pen Fransiya prezidentligiga nomzod bo‘laturib Rossiya Dumasida nutq so‘zlagan va juda ko‘p iliq so‘zlari bilan yodda qolgan. Putinning Le Pen bilan uchrashuvdagi quyidagi so‘zlari dunyo nashrlarida sarlavhaga aylangan: «Biz Fransiya prezidentlik saylovlariga aralashmoqchi emasmiz».

2017 yil saylovdan avval Le Pen Qrim bosib olinganiga ishonmasligini aytgandi. Uning fikricha, qrimliklar referendumda ovoz berib, Rossiyaga qo‘shilish istagini bildirgan. 2016 yil BBC'ga intervyu bergan Le Pen Putin davlatini aqlli boshqarishini aytgan va bu usul davlat manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlagandi.

Bu galgi debatlarda Makron raqibining Rossiya bilan favqulodda yaqinligini aytib, uning partiyasi 2014 yil Rossiya-Chexiya bankidan 9 million yevro kredit olganini eslatdi. Makronning aytishicha, bu bank Rossiya hukumatiga yaqin hisoblanadi. «Siz Rossiya hukumati va Putinga bog‘liq odamsiz. Rossiya bilan gaplashganda o‘z bankiringiz bilan gaplashasiz. Buni ko‘p harakatlaringiz isbotlaydi», dedi Makron debatda.

Makron Le Penning Qrim bo‘yicha pozitsiyasini ham eslatdi: «Qaysi asosga ko‘ra Qrimni Rossiyaning bir qismi deb hisoblaysiz? Biz xalqaro qonunchilikka ko‘ra har kuni ham bosib olingan hududlarni tan olavermaymiz», dedi Fransiya prezidenti.

Bunga javoban Le Pen mustaqil fikrlovchi ayol ekanini aytdi. «Birinchi Chexiya-Rossiya banki»dan kredit olganini izohlar ekan, «Milliy birdamlik» partiyasi yetakchisi Fransiyada hech qaysi bank kredit bermaganini aytdi. Kredit olgani haqidagi fakt orqali Le Pen Makronga «apperkot» berishga harakat qildi: «Qiyin iqtisodiy holatda bo‘lgan juda ko‘p fransuzlar kabi men ham kredit olishga majburman», dedi Le Pen. Ammo Makronning qarshi hujumi ham kuchli chiqdi: «Fransuzlar sizdan farqli o‘laroq pul so‘rab Rossiyaga yugurib borishmaydi».

Marin Le Pen Ukraina qurboni bo‘layotgan tajovuzkorlikni qo‘llamasligi, Yevropa ukrainalik qochqinlarni qabul qilishi kerakligini aytdi, ammo Fransiya Ukrainaga qurol yuborish orqali harbiy nizo ishtirokchisiga aylanib qolishini ta’kidladi. Oldinroq Le Pen xonim urushdan keyin NATO va Rossiya yana qalin aloqalar o‘rnatishi mumkinligini aytib, tanqidlarga uchragandi.

Yana nimalar haqida tortishishdi?

Final debati 2 soat-u 45 daqiqa davom etgan bo‘lsa, asosiy tortishuvlar narxlar oshishi, ayniqsa, energiya narxlari oshishi haqida bordi. Le Pen saylovda g‘olib bo‘lsa, energiya uchun qo‘shimcha qiymat solig‘ini, 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar uchun esa daromad solig‘ini bekor qilishini aytdi. Makron esa energiya narxlariga cheklov belgilagani Le Pen taklif qilganidan ikki baravar samaraliroq ekanini ta’kidladi.

Oldingi yillarda Le Pen Fransiya Yevropa Ittifoqidan chiqishi kerakligi g‘oyasini qo‘llardi. Hozir bu fikridan qaytgan Le Pen xonim ittifoqni isloh qilish kerakligini ta’kidlaydi. Makron raqibining «Turli millatlar Yevropasi» g‘oyasi Yevropa Ittifoqini tugatishini aytdi. «Siz odamlarga yolg‘on sotishni istayapsiz», dedi Makron.

Nomzodlar islom va migratsiya masalasida ham tortishib qolishdi. Xususan, Marin Le Pen musulmonlarga qarshi agressiv pozitsiyasini o‘zgartirmadi. Uning fikricha, Fransiyaga yoppasiga kirib kelishning oldini olishi kerak. Chunki fransuzlar xavfsizlik nimaligini unutib qo‘yishmoqda. Le Pen ayollar hijobda yurishini taqiqlash kerakligini aytdi. Uning fikricha, shu tariqa ayollarni «islom bosimidan ozod qilish kerak». Le Pen bu talabini avval ham aytgandi.

Makron raqibining islom haqidagi fikrlariga munosabat bildirar ekan, bu fuqarolik urushiga olib kelishini aytdi. «Nima, siz politsiyani ko‘chada ayollarning ro‘molini, yahudiylarning esa bosh kiyimini yechib olishga yuborasizmi?» degan Makron.

Tomonlar pensiya yoshi borasida ham bahslashgan. Makron pensiya yoshini 62 dan 65 ga ko‘tarish kerak demoqda, Le Pen esa bunga qarshi. Ikki nomzodning fikri bir joydan chiqqan holatlar ham bo‘ldi. Masalan, Makron ham, Le Pen ham ko‘proq atom elektrostansiyalari qurish zarurligini aytishdi.

So‘rovlar nimani ko‘rsatdi?

Fransiya prezidentlik saylovlarida teledebatlar juda muhim hisoblanadi. Chunki ko‘pchilik ikkilanayotganlar aynan oxirgi debatdan keyin bir qarorga keladi. Birinchi turda uncha katta farq bilan oldinda bormagan Makronning ustunligi debatlardan keyin ancha mustahkamlangan. Turli ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Makronga 53-57 foiz saylovchilar ovoz berishi kutilmoqda. Debatlarni kuzatgan BFM TV tomoshabinlarining 59 foizi Makron keltirgan argumentlarni ishonchli deb hisoblagan. 39 foiz tomoshabin esa Le Penning so‘zlari ishonarliroq deb hisoblagan.

Новые песни

Diqqat, Diqqat !
Xato va kamchiliklar bo'lsa shikoyatlar uchun bizga murojaat qiling.
Biz bilan bog'lanish !


Поделиться:

Метки: | Ko'rildi: 25
Категория
O'zbekiston Yangiliklar
Dunyo Yangiiklar
Sport Yangiliklar
Texnologiya Olami
Shou-Biznes Olami
Avto Yangiliklar
Статистика
Всего на сайте: 6
Гостей: 6
Пользователи: 0