0

Onlayn tanishuv, yaxshimi yoki yomon?

Автор: Activeкатегория: Qiziqarli (YANGILIKLAR)дата: 19-Октябрь-2016, 16:50

Ko`pchilik dugonalarim hayotimga havas qilib, qanday tanishganimizni so`rab-surishtirsa, ochig`ini aytmayman, chunki ular tasavvuridagi sevgimizning qadri tushib ketadigandek tuyuladi. Biz turmush o`rtog`im bilan internetda tanishganmiz! Sevgi tariximizdan xabardor bo`lgan, shunday tanishib, oila qurish mumkinligiga chindan ishongan ba`zi dugonalarim esa bir necha marta «virtual muhabbat»ga aldanib qolishdi.

Onlayn suhbatlarga ehtiyoj

Qizlarning aksariyati o`qish va ish, uy yumushlari bilan mashg`ul bo`lib, ko`cha-ko`yda, qahvaxonada duch kelgan bilan tanishishni o`zlariga ep ko`rmaydilar. Bunga ularning odobi yo`l qo`ymaydi, sharqona tabiati begonalar bilan tanishish tugul, hatto boshini tuzukrok ko`tarib, ro`parasidagi odamning ko`ziga tik qarashga izn bermaydi. Har kuni ko`chada ko`radigan, ko`ngliga o`tirgan yigit bilan bir og`iz gaplashishni istasa ham ortiqcha gap-so`zlardan, birov ko`rib qolishidan qo`rqib, oriyat kuchliligidan, ehtimol yonidagi baxt qushini uchirib yuborgan qizlar qancha... Kompyuter, internet degan narsalar chiqdi-yu, unda o`zing ko`rmagan, bilmagan, sinamagan odamlar bilan g`oyibona suhbatlashish, yaqindan tanishish, joiz bo`lsa, ko`rishish imkoni paydo bo`ldi.

Ijobiy jihatlari

  • Tabiatan kamgap yoki tortinchoqlar uchun ayni muddao. Chunki bunday insonlarning ichki olami nihoyatda keng va tasavvurga boy bo`ladi. Yozishmalar orqali esa o`zingizni to`liq namoyon eta olishingizga imkon yaraladi.
  • Suhbatdoshingizni erkin tanlaysiz. Yashash joyi, yoshini o`zingizga maqbul variantda belgilaysiz.
  • Onlayn uchrashuvlar uchun ortiqcha harakatu xarajat (pardoz, libos) kerak emas. Internet va vaqt bo`yicha limitingiz bo`lsa bas. Boshqa ishlarni bajarib ham ora-sira suhbatlashib turishingiz mumkin.
  • Uning yozayotganlaridan maktabda qanday o`qigani, dunyoqarashi qanchalik kengligini bilib olsa bo`ladi. Imlo xatolarining o`ziyoq bundan xabardor qiladi.
  • Hech kim sizni «bittasi bilan qo`l ushlashib ketayotgan ekan» (1 metr oraliqda yurib ketayotganingizni ko`rsa ham) deb g`iybat qilolmaydi.
  • Suhbatdoshingiz rasmingiz yoki o`zingizdan ham ko`ra birinchi bo`lib ko`nglingiz bilan tanishadi.
  • Sizda qarama-qarshi jins vakillari bilan qanday gaplashish borasida ko`nikma hosil bo`ladi. O`zingizga bo`lgan bahoingiz ortadi.
  • Agar suhbatdoshingiz aqlli, bilimli bo`lsa, undan ko`p narsa o`rganasiz, hatto xorijiy tillarni o`zlashtirsangiz bo`ladi.

Salbiy jihatlari

  • Siz ham, suhbatdoshingiz ham suhbatlarda ko`p yolg`on ishlatasiz.
  • Internetda tanishganingiz uchun ham yigitga ermak, ovunchoq, tekin tinglovchiga aylanishingiz, u sizni jiddiy qabul qilmasligi mumkin.
  • Yigit haqidagi asl haqiqatni bilib olish juda qiyin. Balki u uylangan yoki ajrashgan bo`lib chiqar, bankda ishlayman, deb turib, internet kafeda adminstratorlik qilib o`tirar... Siz xolis odam topib, uni surishtirolmaysiz.
  • Unga bog`lanib qolishingiz, hamma siringizni aytib qo`yishingiz mumkin. Begona odamning niyati qandayligini bilmaysiz, kun kelib, sizni shantaj qiladigan darajaga etishi mumkin.
  • Uni sevaman deb o`ylaysiz-u, yuzma-yuz ko`rishib, muloqot qilmaguncha bir to`xtamga kelolmaysiz. Virtual suhbatdoshlar esa real uchrashuvdan juda qo`rqadilar. Har holda hayot boshqa, xayol boshqa.
  • Avatarga qo`yilgan rasm, profildagi videolaringizni iloji bo`lsa begonalar ko`rmagani ma`qul. Onlayn shaydolarning ba`zilari bularni ham qayta ishlab yuborishga usta bo`ladilar.
  • Pasport ma`lumotlari, manzil, telefon, ish joyi haqida ma`lumotga ega bo`lgan havasmandingiz siz istamagan paytda, hatto aloqani uzsangiz ham yana qarshingizda paydo bo`lishi mumkin.
  • Yozishmalarda kishi haddan ortiq erkin bo`lgani uchun ham oradan parda ko`tarilishi, yopiq mavzular ochilishi mumkin.
  • Uning harakatlari, o`zini tutishi, kiyinishini tasavvur qilolmaysiz, bularsiz inson haqida yakdil xulosa qilish qiyin.
  • Ma`naviy olamiga baho berasiz-u, ijtimoiy, moliyaviy ahvolini bilolmaysiz.
  • Bayramlarda elektron gulxatlaru saytlardan ko`chirilgan izhorlarga xursand bo`lib o`tiraverasiz.
  • Sizga sevgi izhor qilsa ham o`zingizni «sevilganman» deb to`laqonli his qilolmaysiz…

 

Shuncha salbiy jihatlari bo`lsa, shahzodamni qaerdan topaman, degan qizlarjonga bir tavsiyam bor. Agar o`zingizga ozgina pishiqroq bo`lib, siringizni boy bermay, bor bilimingiz va muomalangizni ishga solib, tanlab-tanlab suhbatlashsangiz, o`zingizga kerakli bo`lgan kimnidir albatta topasiz! Ammo yodingizda bo`lsin, unga butkul bog`lanib qolmang, u odam internetda bo`ladimi yoki hayotdagi tanishingizmi, siz tanlash imkoniyatiga hamisha egasiz!

AZIZA

Manba: Darakchi.uz

Теги: yomon?, yaxshimi, Onlayn, tanishuv, yoki

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги