0

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi: Denovda bolasini hojatxonaga tashlab ketgan ayolning qarindoshi nomusiga tekkan

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 18.07.2019
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Surxondaryo viloyatining Denov tumanida bolasini hojatxonaga tashlab ketgan ayol voqeasi bo‘yicha munosabatini e’lon qildi.

Ushbu hodisa sabablari, ildizlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, Shavkat Mirziyoyevning Termizdagi "Sulton Saodat" majmuasini ziyorat qilish chog‘ida yoshlarning islomiy ta’lim-tarbiyadan uzoq qolganini baholab, "Ochiq aytsak, odamlarni tarbiyasiga islom nur ekanligini singdirolmadik. Fojiamiz mana shu yerda", — deb aytgan so‘zlarini eslash zarur bo‘ladi.

Chunki Denovda bo‘lgan mana shu mudhish holatda ham nikohsiz bola ko‘rish, oilasiga xiyonat qilish fojiasi bolani tug‘ib hojatxonaga tashlab o‘ldirish xulosasigacha borib yetishining negizida oilada, atrof muhitda, avvalo, nafaqat diniy, balki insoniy axloq qoidalarni, ma’rifatni anglab yetmaslik, xalqining qadriyatlarini hurmat qilmaslik sababi yotibdi.

Bugungi kunda jamoatchilik tomonidan bot-bot takrorlanayotgan «mas’ullar qayerga qarashyapti?» degan e’tiroz ham o‘rinli.

Shu o‘rinda Surxondaryo viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulovaning Denov tumanida bo‘lgan holat yuzasidan bergan ma’lumotiga to‘xtalish joiz. Ma’lum bo‘lishicha, oilada 6 farzand — 2 nafar o‘g‘il, 4 nafar qiz ulg‘aymoqda. F.T.ning ma’lumoti o‘rta maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermaganligi uchun uyida tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Amakisining o‘g‘li, 1990 yilda tug‘ilgan o‘zi bilan bir mahallada yashovchi A.T., uning nomusiga tekkan.

Bola 2 iyulda tug‘ilgan, onasi va o‘zidan boshqa hech kim bilmagan. Otasi va aka-ukasidan qo‘rqqanidan, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnidan uyalganidan onasi bilan kelishgan holda bolani yo‘q qilish uchun shu yo‘lni topgan. Bola hojatxona yangi tozalanganligi va orqa tomoni bilan tushganligi sababli va o‘z vaqtida topilib, tibbiy yordam ko‘rsatilganligi uchun tirik qolgan, hozirda salomatligi yaxshi.

Tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi oiladan xabar oldi. Oila mahallaning oddiy oilalaridan. Otasi ham, oila a’zolari ham voqeadan xabar topgach yana bir xatolikka yo‘l qo‘yib qo‘ymasligi uchun ularga vaziyatni boricha qabul qilishi va yana keskinlashtirmasligi tushuntirildi. Hozir vaziyat nazoratga olindi, bolaga guvohnomani rasmiylashtirish chorasi ko‘rilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi holni sodir etgan erkak va qiz yashayotgan mahallada ma’rifiy muhit yetarlicha sog‘lomlashtirilmagan. Qiz homilasini «hojatxonaga tashlash uchun» ko‘tarib yurgan 9 oy davomida hech kim hech narsani sezmagan.

Hozirda jinoyat sodir etgan ayol haqida shov-shuvli e’tiroz va haqoratga to‘la minglab izohlar va fikrlar kuzatilmoqda. Biroq Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar ham ayol katta xato, hatto jinoyat qilib qo‘ysa ham unga nisbatan ommaning nafratini qo‘zg‘atish, «bu ayolga o‘lim» qabilidagi kayfiyatni uyg‘otishga haqli emas. Chunki barcha qatlamdagi zarbaga uchragan, jinoyati zamirida bitta o‘zi turmagan ayollarni ham himoya qilish qonunga zid emas.

Bolasini tug‘ib hojatxonaga tashlab yuborgan ayolning qilmishini mutlaqo oqlamagan holda, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan tergov ishi yakunlarini kutib, ayol va uning oilasini hozirgi murakkab ruhiy holatdan olib chiqish bilan shug‘ullanish Xotin-qizlar qo‘mitasining vazifasidir.

Теги: jinoyat