0

O'ylab ko'rdingizmi? 2019 yil 11 iyun kuni yulduzlar sizga nimalarni va'da qilarkin?

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Muchallar haqida / Мучаллар хакидадата: 26.06.2019
QO'Y (21. 03 — 20. 04)

11 iyun kuni shaxsiy hayotda ham, ishda ham yorqin tanaffuslar kuzatiladi. Faqat ularni munosib qarshi olishga tayyor tursangiz bas. Moliya masalasida aniqlik muhim rol o'ynaydi. Basharti bugun kimgadir katta miqdorda qarz beradigan bo'lsangiz, bilingki, yaqin orada bu qarzni qaytara olmaysiz. Olis yoki yaqin manzilga safar qilishni rejalashtirgan bo'lsangiz, boshqa kunga qoldiring. Bugungi safar yaxshilik keltirmaydi.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

Kuningiz siz o'ylaganchalik yengil kechmaydi. Bahsli, janjalli lahzalar tinka madoringizni quritishi mumkin. Biroq ularning ortidan yarashishlar va xush kayfiyat kirib keladi. Ayrimlar salomatligiga yetarlicha e'tibor qaratmaslik oqibatida shamollab qolishi ham ehtimoldan xoli emas. Endi bu xastalikni zudlik bilan yo'q qilish niyatida bo'ling. Aks holda surunkaliga aylanib ketishi hech gap emas.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

11 iyun kichik ko'ngilsizliklar bilan boshlanadi. Ammo bu moliyaviy ahvolingizga salbiy ta'sir o'tkaza olmaydi. Baribir moliyada yetti o'lchab bir kesing. Shaxsiy hayotingiz bir maromda o'tishda davom etadi. Yangi tanishuvlar oila qurmaganlarga haqiqiy romantikani taqdim etishi mumkin. Kechqurun imkon topsangiz, tabiat qo'yniga chiqib dam oling. Ovqatlanishda tavakkalchilikka yo'l qo'ymang. Rejimni buzmang. Me'yorni biling.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)

Bugun qisqichbaqa burji ostida tug'ilganlarning aksariyati ta'tilga chiqish va sayohat haqida bosh qotira boshlashadi. Bosh qotirishdan ne naf? Oilaviy byudjetingizni hisoblang-da, cho'ntak ko'tarsa, safarga otlanavering. Bugun yirik loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun qulay imkoniyatlar paydo bo'ladi. Qolib ketgan ishlarni oxiriga yetkazish ham yodingizdan chiqmasin. Muhabbatda barcha istaklaringiz haqiqatga aylanadi.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

11 iyun kuni siz ishlarni, istaklar ijrosini o'lda-jo'lda qoldirib ketishdan saqlaning. Ayniqsa, moliya masalasiga jiddiy munosabatda bo'ling. Muhabbatda oila qurmaganlar muvaffaqiyat qozonishadi. Kimdir suyganining qalbini va qo'lini so'rash, keyin to'y boshlash niyatida bo'lsa, do'ppini osmonga otaversin. Bu amallar xayrli va omadli kechadi. Ro'zg'ordagi muammolarni yoshi ulug' qarindoshlar zimmasiga yuklab qo'ymang.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

Ovqatlanishingiz, kuch-quvvat va imkoniyatlarni balansda ushlash hamda emotsiyani o'zingizga bo'ysundirish bugun asosiy vazifangizga aylanishi zarur. Moddiy ahvolingizni bekitiqcha yo'llar bilan yaxshilashga harakat qilmang. Sizga harom yo'l bilan topilgan pullar yuqmaydi. Peshona terini to'king va halolingiz bo'lsin. Kimlardir ruhiy va ma'naviy ko'makka muhtoj bo'lsa, qo'lingizdan kelganicha yordam bering, savobga ega bo'ling.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

11 iyunda ish bo'ladimi, shaxsiy hayotmi, qulay imkoniyat tug'ildimi, darhol uni tutib qolishga harakat qiling. Shaxsiy hayotingizda kutilmagan hodisalar yuz berishi mumkin. Bu siz uchun kutilmagan sovg'a bo'la qolsin. Yaqinlaringizning muammolarini ham birgalikda bartaraf eting. Ular kerak bo'lsa sizga bilganlaricha maslahatlar berishi mumkin. Ishxonada rahbarlar zimmangizga yuklagan vazifalarni o'z vaqtida ado etish payida bo'ling. Kam bo'lmaysiz.

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

Maqsad, orzu va erkinlik. Shu uch narsani o'zingizga shior deb biling. Ularni haqiqatga aylantirish yo'lida olg'a boring. Kun davomida qarindoshlaringiz sizga kutilmagan xushxabar yetkazishlari kutiladi. Xususiy mulk bilan mashg'ul do'stlarimiz kunning ikkinchi yarmida katta miqdorda dividend olishlari ehtimolga yaqin. Salomatlikka kelsak, oshqozoningiz pand berib qo'yishi mumkin. Duch kelgan ovqatni yeb ketaverishdan saqlaning.

O'QOTAR (23. 11 — 21. 12)

11 iyun kunning birinchi yarmida yoqimli va o'ta foydali xaridlarni amalga oshirishingiz kutilmoqda. Pulingiz yetarli. Lekin baribir bir qismini zahirada qoldirganingiz ma'qul. Bir koringizga yarab qolar. To'g'rimi? Oila qurmaganlar orzusidagi inson bilan tanishib, suhbatlashadi. Bu inson bilan suhbat davomida sira-sira adashmaganingizni his etasiz va baxtli bo'lishingizga bo'lgan ishonchingiz ming karra ortadi.

TOG' EChKISI (22. 12 — 19. 01)

Bugun chin ko'ngildan ishlashingiz uchun qulay imkoniyatlar bir dunyo. Ish jarayonida ko'plab yoqimli lahzalar hamrohingizga aylanadi. Moliya masalasida favqulodda qarorlar chiqarishdan tiyiling. Boshqalarni sizning manfaatingiz uchun ishlashiga yo'l qo'ymang. Neki muammo bo'lsa, o'z kuch va imkoniyatlaringizgagina suyaning. Kechqurun xonadoningiz mehmonga to'lishi mumkin. Xavotirga tushmang, bu mehmonlar sizga faqat pozitiv kayfiyat hadya etishadi.

QOVG'A (21. 01 — 19. 02)

11 iyun kuni barchaning diqqat markazida bo'lasiz. Kimlardir sizni mehmondorchilikka chaqirishi mumkin. Qarorlar chiqarishda imkoniyatlaringizni hisobga olishni unutmang. Ishxonangizda rahbarlar sizni olqishlashdan, maqtashdan tiyila olmasliklari tayin. Xuddi shu narsa martaba va lavozimingiz oshishi uchun xizmat qiladi. Omadingizni bersin! Salomatligingizni ham e'tibordan chetda qoldirmang.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

Orzulash, faqat martabani oshirish haqida o'ylayversangiz, barchasidan mahrum bo'lishingiz hech gap emas. Oilaviy hayotingizda juftingiz bilan orangizda janjalli vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin. Ro'zg'ordagi muammolarni yaqinlaringiz bilan bamaslahat bartaraf eting. Asabiylashishdan nari bo'ling. Arzimas sabablar bilan asabni buzaversangiz, salomatligingizga putur yetadi. Atrofdagilarga nisbatan adolatli bo'ling!

Теги: Munajjimlar