0

Nima uchun elektr energiyasi narxlari oshdi?

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 17.08.2019
Ushbu savolga Energetika vazirligi javob berdi.

“Hammamiz har qanday narsaning narxi oshishini yoqtirmaymiz. Ayni paytda biz uchun odatiy bo‘lib qolgan maishiy qulayliklar xavf ostida qolishi bizni nihoyatda tashvishlantiradi.

Elektr energiyasi tariflarining o‘zgarishi mavzusi bugungi kunda muhokamalar markazida turibdi. Ijtimoiy tarmoqlar, internet-OAVlar ayniqsa, ushbu “qaynoq” mavzuni ko‘tarib chiqishni yoqtiradi, zero uning o‘quvchisi ko‘p. Ammo elektr energiyasi narxi oshishi haqida so‘z ketganda, kamdan kam kishilargina narxlar qanchaga oshishi bo‘ycha aniq ma’lumotlarni keltiradi, narxlar qanday bo‘lsa, shundayligicha qolsa, nima bo‘ladi, degan savol kamdan kam odamning xayoliga keladi.

Keling, izchillik bilan mulohaza yuritaylik – aholi tomonidan elektr energiyasi iste’moli uchun bugungi narxlar qayerdan olindi. Aholi uchun bu bir kilovatt-soat uchun 250 so‘mni tashkil etadi. Amalda esa bir kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 450 so‘m sarflanadi. Ya’ni biz, aholi uchun elektr energiya narxi davlat tomonidan dotatsiya qilinadi. Bunday dotatsiyaning oqibatlari shundaki, agarda u o‘n yillar davom etayotgan bo‘lsa (amalda ham shunday bo‘lmoqda) sohaning norentabelligga olib keladi.

Sohaning norentabelligi nima va bu nimaga bog‘liq? Bu uskunalarning asta-sekin eskirishi, ularni to‘liq yangilashga mablag‘ yetishmasligi, sohaga investitsiyalar kiritilmasligini bildiradi, chunki investor norentabel ishlab chiqarishga mablag‘ sarflamaydi. Ushbu ro‘yxatni davom ettirish mumkin va unda hech qanday ijobiy jihatlar kuzatilmaydi. Dotatsiyalar, odatda, vaqtinchalik chora hisoblanadi. Agarda ular, bizning mamlakatimizda elektr energiyasidan foydalanish uchun haq to‘lash holati kabi, ko‘p yillar davom etayotgan bo‘lsa, yoki bu holatni tubdan o‘zgartirish kerak, yoki bizni energiya ta’minotida uzulishlar kutmoqda.

Nima sababdan? Javobi oddiy. Biz elektr energiyasini kamroq iste’mol qilmayapmiz, aksincha, unga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Aholi soni o‘sib bormoqda, barchamiz farzandlarimiz va nevaralarimizni yaxshi ko‘ramiz, oilamiz kengayishidan xursand bo‘lamiz. Demak, iste’mol hajmi ham ortib boradi. Moddiy farvonligimiz ortmoqda, ilgari bo‘lmagan maishiy texnikani xarid qilamiz, yoki ularning sonini ko‘paytiramiz. Ventilyatorlar, konditsionerlar, muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari va ko‘plab boshqa narsalar – hozirgi paytda har bir oila turmushining uzviy qismiga aylandi.

Ko‘proq iste’mol qilish – mavjud quvvatlarga, foydalaniladigan uskunalarga katta yuklamani, demak, ushbu infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish vositalariga ehtiyojlar o‘sishini anglatadi. Qayd etilganidek, sohaning norentabelligi tufayli investitsiyalar yetishmaydi. Toki dotatsiya siyosati davom etar ekan, ular kelajakda ham bo‘lmaydi.

Insoniyat taraqqiyotining elektr toki kabi ne’matidan foydalanishni davom ettirishimizning yo‘li bitta - sohani rentabelli qilish kerak. Rentabellilikka esa bozor qonuniyatlari amal qilishi, ya’ni elektr energiyasining haqi uning tannarxiga ko‘ra to‘lanishi orqali erishish mumkin. Bunday o‘tish bosqichma bosqich amalga oshiriladi, odamlarning manfaatlari e’tiborga olingan holda, elektr energiyasidan foydalanish haqi oz-odan oshirib boriladi.

O‘zbekistonda 1 kVt-saot elektroenergiya haqi 45 so‘mga oshirilgan. Ayni paytda qolgan xarajatlar korxonalarning tadbirlari hisobidan va davlat yordamida qoplanadi.

Keling, yaqin qo‘shnilarimiz elektr energiya uchun qancha haq to‘lashini ko‘rib chiqaylik. Ish haqida elektr energiya xarajatlari qanday o‘rin egallaydi? Shunday qilib, O‘zbekiston fuqarosi bugungi kunda elektr energiya uchun ish haqining 1,9% to‘lasa, ish haqida elektr energiya to‘lovlari ulushi Turkiyada 2,1 foizni, Ozarbayjonda – 2,6%, Gruziyada – 3,2%, AQSh da – 2,9%, Janubiy Koreyada –3,8%, Germaniya va Hindistonda –5,3%, Yaponiyada –5,4%, misol uchun Portugaliyada - 6,2% ni tashkil etadi.

Ya’ni tariflar o‘zgarganda biz 1 kVt soat uchun 295 so‘m to‘lay boshlaymiz va baribir qo‘shnilarimiz xarajatlariga yeta olmaymiz.

Butun dunyoda elektr energiya iqtisodi uning tannarxi oshishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bizning holatimizda, elektr energiya narxi oshganligi sezilmasligi uchun, misol uchun uyda oddiy 26 kVt lampochkadan foydalanishni kamaytirish, yoki kuniga konditsionerdan bir yoki bir yarim soat kamroq foydalanishning o‘zi kifoya qiladi.

Elektr energiyaga to‘layotgan haqning uning real tannarxiga yaqinlashuvidan erishiladigan samara esa nihoyatda salmoqli. Soha rentabellik sari harakatlanmoqda, investorlarni jalb etishga qodir, demak rivojlanishi va barqaror faoliyati uchun mablag‘ ko‘payadi. Bu ishning samarasi esa aynan bizning chiroqdan, muzlatgichdan, televizordan, hozirgidek issiq kunlarda hayotimizga qulaylik ato etuvchi konditsionerlar va ventilyatorlardan foydalana olishimizda ifodalanadi.

Narxlar past bo‘lsa, turmush qulay bo‘lishi haqida uzoq mulohaza yuritish mumkin. Ammo kelajakni ham o‘ylash vaqti keldi – hozirgi ahvolni o‘zgarishsiz qoldirsak, ertaga nima bo‘ladi? Elektr energiya bo‘lmasa – zamonaviy hayotimizning qulayliklari, jumladan, sevimli ijtmoiy tarmoqda qayd qoldirishimiz uchun telefonlar va kompyuterlar ham bo‘lmaydi. Keling, turmushimizni yanada yaxshilash haqida o‘ylaylik. Bu bizning umumiy manfaatlarimizga mos keladi!”.

Теги: Yurtimizda, yangiliklar, kunlik