Главная » Marhumning ortidan tug`ilgan tuhmat - 25 Января 2016 - Скачать музыку mp3 бесплатно и без регистрации
Регистрация
Меню сайта
Наш опрос
Uzbekona.uz portali yanada ommalashishi uchun qanday yo'l tutgan ma'qul?
Всего ответов: 28
Статистика

Всего на сайте: 5
Гостей: 5
Пользователи: 0

00:31
Marhumning ortidan tug`ilgan tuhmat

Olmaliqdan qo`ng`iroq qilgan ushbu muxlisamizning hech bir so`zi ko`z yoshidan holi bo`lmadi. Xotirjam qilishga urinishimiz, ovutishga bo`lgan barcha harakatlarimiz zoe ketdi. O`ksinib yig`lash, og`ir xo`rsinishlar bilan aytilgan dardlari bizni ham o`yga cho`mdirdi...

Bilaman, ushbu sahifaga har doim mushtariylar yillar davomida yuragida saqlab kelgan dardlarini aytishgan. Bundan maqsad, boshqalarga ibrat, saboq bo`lsin, deyishgan. Mening kechmishlarim esa sal boshqacharoq... — deya gap boshladi u. — Qalbimdan kechayotgan tug`yonlar, iztiroblar eski emas. Balki yangiligi va juda og`irligi uchun qalbimga sig`mayotgandir? Ehtimol, men boshqalar kabi g`amlarimni yuragimda saqlab yurishga ojizlik qilayotgandirman? Ammo shuni aniq bilamanki, eng sabr-bardoshli inson ham bu gapi ko`rgilikni ko`tarmasdi, ko`ksida yashira olmasdi. Bunga vijdoni ham yo`l qo`ymasdi.

Hammasini boshidan hikoya qiladigan bo`lsam, turmush o`rtog`im bilan juda baxtli edik. Ikki farzandimiz bor. Turmush o`rtog`imning  topish-tushishi haydovchilikdan edi. Oilaparvar bo`lgani uchun topganini uyga tashir, bizni xursand qilishga urinardi. Shundan bo`lsa kerak, olti oyda yangi uyimizni ko`tardik. Bundan quvonganini ko`rganingizda edi.

U nafaqat bizni, boshqalarni ham o`ylaydigan iymonli, insofli edi. Birgina misol, bir kuni yaxshigina joydan daromadli taklif tushdi. Shoshib ketayotgandi. Kutilmaganda qo`shnimiz yugurib chiqdi:

— Aka, bolamning mazasi qochib qoldi. Yuring...

Erimga qo`shilib men ham chopdim.

Bolaning issig`i baland, otash ichida alahsirab yotardi.

— Shifoxonaga olib boramiz! — dedi turmush o`rtog`im hech ikkilanmay.

— Hozirmi?.. — ikkilangandek bo`ldi qo`shnimiz. — Pul...

U gapini aytib ulgurmadi. Erim o`sha zahoti uning ahvolini tushunib, menga buyurdi:

— Yugur, biz chiqquncha uydan pul olib chiq!

— Rahmat, qo`shni! Topganimdan qaytaraman.

— Qaytarmasang ham mayli! Bolang sog`aysa, bo`ldi! — erimning bu pulni qarzga bermayotganini, norasida go`dak uchun chin dildan yordam qilishni istaganini men ham angladim.

So`ng u haligi daromadli buyurtmani ham bekor qildi:

— Aka, kechirasiz, boshqa haydovchi toping. Shifoxonaga ketyapman. Qo`shnimning bolasining ahvoli og`ir.

Erim o`sha kuni shu bola o`ziga kelguncha shifoxonadan beri kelmadi.

Uning bu kabi savobli ishlari shu qadar ko`p ediki, shundanmi, hamma yaxshi ko`rardi. Bu qadar rahmdilligi, hojatbarorligidan ba`zan achchig`im chiqib gapirib qolardim.

— Xotin, qara shuncha narsani qaydan topyapman? Shu yaxshiliklar evaziga Xudo ikki barobar qilib beryapti-da! O`zing ham ko`rib turibsan-ku! Biror marta birovning hojatini chiqarib ziyon ko`rdimmi?

Rostdan ham shunday edi. Erim birovlarga yaxshilik qilgani sari, Xudo barakasini berardi. Bora-bora men ham indamay qo`ydim.

Afsus... Ming afsuslar bo`lsinki, endi o`ylasam, turmush o`rtog`im bu dunyodagi savobli ishlarini ko`paytirishga shoshgan ekan. Ulgurmay qolishini bilgandek, oshiqqan ekan. Chunki... uch oy avval u avtohalokatga uchradi!

O`sha kunlari qanday yashadim, yashadimmi o`zi? Buni bilmayman. Endi o`zimga kela boshlagan, farzandlarim, erimning ezgu niyatlarini amalga oshirish uchun ham yashashim lozimligini tushuna boshlagan chog`imda yana bir zarbaga duch keldim. Bu menga aziz insonimdan ayrilganimdan ham zalvorliroq tuyuldi.

— Qo`shning ering haqida har xil gap gapiribdi. Eshitib qolsang, parvo qilma! — deb qoldi bir qarindoshimiz erimning qirqi o`tgach.

Parvo qilmadim. Lekin bu gapni boshqalar ham aytishdi:

— Qo`shningiz eringizning qirqida har xil gap aytibdi. O`lgan odamning ortidan gapirish yaxshi emasligini bilmaydi shekilli...

Bir-necha marta eshitgach, oxiri so`radim:

— Nima debdi?

— E`tibor qilma! O`zingni bolalaringni o`yla.

— Nima deganini ayting, bilay... — jahlim chiqdi.

— “Nomard edi, xiyonat qilardi”, deganmish... Uncha chiqisha olmaysizlar shekilli...

— Qaysi qo`shnim? — hayron bo`ldim.

Bir tomondan qonim qaynab ketdi. Nahot, marhumning orqasidan shunaqa gap aytish mumkin bo`lsa?

— Manov qo`shning-da!

G`azab va nafratdan o`zimni yo`qotib qo`yay dedim. Chunki ular aytgan qo`shnim o`sha — erim eng ko`p yaxshilik qilgan kishi edi. Alamdan chiqib gapirmoqchi bo`ldim. Zo`rg`a o`zimni bosdim. Bu judolikni zo`rg`a ko`tarib turganimda shu gaplar kerakmidi, menga?

Sal o`tmay Ramazon oyi ham keldi. Lekin Xudo insof bermasa qiyin ekan. Qo`shnim shu muborak oyda ham gapirishini to`xtatmadi. Eng og`iri o`zimga ham chiqib gapirdi:

— Kelin, siz bilmasdingiz-da, eringiz rosa “yurardi”. Kuyishingizga arzimaydi. Istasangiz, o`sha xushtorining manzili, ismini ham beraman...

Bu odamning surbetligi oldida ojiz qoldim. Ichimdan g`azabim toshib kelgan bo`lsa-da, zahrimni socholmadim.

— Marhumning ortidan yomon gap gapirmaydilar, — deya oldim xolos.

U esa bunga javoban qo`limga o`sha o`zi aytgan qizning manzili va ismini yozilgan qog`ozni tutqazdi.

Endi bir dardim o`n bo`ldi. Xom sut emagan bandamiz-da, kuyib ado bo`ldim: “Nahot, erim ko`zlarimga qarab aldadi?! Ammo qaysi payt?”

Uch-to`rt kun ich-etimni edim. Lekin vaqt o`tgani sari fikringiz ham teranlashib, o`zgarib borarkan. Birdan o`zimga o`zim “Nega jim o`tiribman? Erim biror marta menda shubha uyg`otmagan bo`lsa... Shu tuhmat va g`iybatlarga indamay qarab o`tiramanmi? Borib, aniqlashtirib, qo`shnimning og`zini yopsam bo`ladi-ku!” dedim.

Qo`shnim bergan manzilga borib, o`sha qizni izladim.

— Bu erda bunaqa qiz yo`q. Bo`lmagan ham... — deyishdi u erdagi ayollar.

Men ularga boshimdan o`tganlarni aytib berdim.

— O`sha qo`shningiz mabodo... — deya ular qo`shnimni ta`riflay ketishdi. Lol bo`lib qoldim.

— Rostdan ham qo`shnim shunaqa. Qayoqdan bilasiz? — hayratimni yashira olmadim.

— O`sha erkakning o`zi bir ayolnikiga kelib turadi. Ko`p ko`ramiz. Ammo undan boshqa begona erkak kelgan emas, — deyishdi ular.

Battar tang ahvolda qoldim. Qo`shnimning maqsadi nima? Halol va pok erimning nomini yomonga chiqarib  nimaga erishmoqchi? Shuncha qilgan yaxshiliklariga yarasha javobimi bu? Albatta, bu gaplar qaynog`am va o`z ukalarimning ham qulog`iga etib bordi. Ular qo`shnim bilan yuzma-yuz gaplashishdi. Hozircha biroz tinchigan. Lekin begunoh va marhum kishining ortidan shuncha tuhmat qilish yaxshimi? Nahot, Xudodan qo`rqmaydi?

Aytmoqchi bo`lganim, zinhor o`tgan kishilar ortidan yomon gap gapirmang. Chunki uning oilasiga judolikning o`zi ham etib-ortadi. Bo`lar-bo`lmas gap bilan shundoq ham vayron dilini xun qilmang!

Malohatning so`zlarini KAMINA oqqa ko`chirdi

Категория: She'rlar / Hikoyalar | Просмотров: 860 | Добавил: Admin | Теги: Marhumning ortidan tugilgan tuhmat | Рейтинг: 4.0/1
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *: