0

«Liverpul» fanatlari Barselonada tartibsizlik chiqarmoqda (video)

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Sport newsдата: 23.05.2019
YeChL yarim finalidagi «Barselona»ga qarshi o‘yin uchun Ispaniyaga kelgan «Liverpul» muxlislari qator tartibsizliklarni keltirib chiqarmoqda. Ular Barselonadagi Placa Reial maydonida joylashgan mehmonxonalardan birining bir necha xizmatchisiga hujum qilib, shu yerdagi favvoraga kamida ikki nafar shaxsni yiqitishdi.

Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, mehmonxonadagi bezorilikda ishtirok etganlikda ayblangan muxlislardan 6 nafari hibsga olingan. Ularning do‘pposlashi oqibatida ikki xizmatchi tibbiy yordamga muhtoj ahvolga kelgan, yana ikki kishining ayrim joylari ko‘karib, ulardan birining burni singan.

Ushbu holatlar videosi internetda tarqalib ketgach, «Liverpul» rasmiy bayonot bilan chiqib, Angliyaning Mersisayd grafligi politsiyasi va Ispaniyaning tegishli idoralari bilan hamkorlikda begona kishini suvga itarib yuborgan muxlislarning shaxsini aniqlash bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Bunday xatti-harakatlar o‘ta noma’qulchilikdir, bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Klub shunga o‘xshash holatlarning barchasi yuzasidan tegishli chora ko‘rilishini nazardan qochirmaydi», – deyiladi «qizillar»ning rasmiy bildirishida.

«Liverpul» ijrochi direktori Piter Mur o‘z tvitterida murojaat bilan chiqib, muxlislarni munosib xulq-atvorga chaqirdi.

«Butun Yevropani zabt etganimizdan faxr bilan qo‘shiq kuylaymiz. Lekin, keling, bu chiroyli shaharga munosib hurmat bilan munosabatda bo‘laylik, o‘zimizni tutishimiz ham «Liverpul» nomiga yarasha bo‘lsin.

Shubhasiz, vaqtimizni chog‘ o‘tkazamiz, ammo biz – «Liverpul»chilarmiz. Shunday ekan, keling, o‘zimizni marhamatli tutib, tavozeni unutmaylik», – deb yozdi Piter Mur.

Eslatib o‘tamiz, «Kamp Nou»dagi «Barsa»–«Liverpul» o‘yini bugun Toshkent vaqti bilan soat 00:00da boshlanadi.

Теги: sport