0

Kompot qishgacha «otmasligi» uchun nima qilish kerak?

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Foydali maslahatlarдата: 18.07.2019
Yoz keldi deguncha hamma qish g‘amini o‘ylay boshlaydi. G‘arq pishgan mevalardan qishki zaxira tayyorlanmoqda. Tuzlama va murabbo tayyorlash davrida Kun.uz nashri bozordagi narx navoni o‘rgandi.

«Chorsu» bozori. Olchaning 1 kilogrammi o‘rtacha 3 ming so‘m, boshqa turdagi olcha (shpanka) —6-8 ming so‘m, malina —10 ming so‘m, 1 kilogramm o‘rikning bahosi o‘rtacha 5 ming so‘m, shotut esa 10 ming so‘m.

«Farhod dehqon bozori»da ham narxlar shunday: olcha —3 ming so‘m, olcha (shpanka) —6 ming so‘m, malina —9 ming so‘m, 1 kilogramm o‘rik —4-5 ming so‘m, shotutning 1 kilogramm uchun 8-10 ming so‘m narx aytilmoqda.

Shakar bir kilosi oziq-ovqat do‘konlarida 5 yarim ming so‘m bo‘lsa, ulgurji savdo markazlarida 4 900 so‘mni tashkil etadi. Banka qopqog‘ining bir qutisi 17 ming so‘mga sotilmoqda (50 dona bo‘ladi).

«10 kilogramm olcha (shpanka)dan o‘rtacha 15 banka kompot yopish mumkin. Agar boshqa mevalar, o‘rik, olxo‘ri, olmalar ham qo‘shilsa 30 bankagacha yopish mumkin. Olxo‘rini quruq o‘zidan qilinadigan kompotlar odatda, juda nordon bo‘ladi. Shuning uchun shakar ko‘p solinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shotut mevasidan qilinadigan kompot ham salomatlik uchun juda foydali. Qon bosimi ko‘tarilgan paytda, shotut kompoti ichilsa foyda beradi.

Kompotlar qishgacha «otmasdan», o‘z holatini saqlab qolishi uchun bankalar toza yuvilgan va kimyoviy moddalardan yaxshilab chayilgan bo‘lishi kerak. Banka og‘zini yopuvchi qopqoqlar sirkali paxta bilan artib olinadi. Bankalar quritilgan va besh daqiqa issiq olovda sterilizatsiya qilingan bo‘lsa, kompotlar nafaqat, bir yil, ikki yil ham o‘z holatida turadi. Lekin salomatlikni o‘ylagan holda, bir yildan uzoq vaqt saqlanmagani ma’qul»,—deydi uy bekasi Dildora Rahmatullayeva.

Qishki zaxirani tayyorlashda botulizmdan himoyalanish lozim. Bu odam va hayvonlar (ayrim sut emizuvchilarda uchraydigan o‘tkir yuqumli kasallik; botulizm ovqatdan bo‘ladigan toksikoinfeksiyalar guruhiga kiradi. Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tabiatda keng tarqalgan bo‘lib, chidamli (sporali) va chidamsiz (vegetativ) xillari uchraydi. Sporalari tashqi muhitda yillab saqlanishi mumkin; sporalar tuproqdan suv, meva, sabzavot, oziq-ovqat, yem-xashakka o‘tadi, keyin odam va hayvonlar ichagiga tushib, so‘ngra najas bilan yer yuziga tarqaladi.

Botulizm mikrobi faqat anaerob (havosiz) sharoitda rivojlanadi. Shu sababdan konserva qilingan, tuzlangan, dudlangan mahsulotlar va kolbasaga tushib qolgan sporalar anaerob sharoitda o‘sib, vegetativ shakl (bakteriyalar)ga aylanadi. Ular ana shu sharoitda kuchli zahar (ekzotoksin) hosil qiladi. Bu mahsulotni iste’mol qilgan odam kasal bo‘ladi. Uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarida botulizm xavfi kuchli bo‘ladi.

«Uyda tayyorlangan konservalar kuchli sterilizatsiya qilingan bo‘lishi lozim. Clostridium bakteriyalari va ularning sporalarini yo‘q qilish uchun sanitar-gigiyena qoidalariga amal qilib, neyrotoksinlarni yo‘q qilish uchun issiqlikdan foydalanish lozim. Botulizm neyrotoksinlari yuqori haroratda (85 gradus) besh daqiqa davomida parchalanadi. Shuning uchun ham konserva mahsulotlarini iste’moldan avval o‘n daqiqa davomida qaynatish tavsiya etiladi»,—deydi shifokor Dilfuza Ochilova.

Теги: Foydali