0

Kelinmi yoki xizmatkor?

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Qiziqarli (YANGILIKLAR)дата: 23.05.2019
Keksa yoshli hamkasbimiz bilan ayollar ma’naviy dunyosi, yurish-turishi xususida suhbatlashganimizda ustoz opaxonimiz qaynonalardan domangir ekanliklarini kuyinib gapirdilar:

— O‘n to‘qqiz- yigirma yoshli talaba qizchalarni kelin qilishadi-da, keyin “ro‘zg‘or ishlariga uquvi yo‘q”, “qachon qarasam uxlab yotgan bo‘ladi”, “erta turolmaydi” degan bahonayi vajlar bilan qiz uzatgan onalarning tinchini buzib yurishadi.

Kelin xizmatkor, degani emas-da! Kelinga o‘zi tushgan xonadon naslining davomchisi, ona sifatida qarash kerak. Ellikka kirmagan qaynona bir qop bo‘lib choshgohgacha yotsinu, yigirmaga ham to‘lmagan navniholgina kelinchak tonggi to‘rtda uyg‘onib, hovli-ko‘cha supursin, oila a’zolarining har biriga alohida nonushta tayyorlasin, nonushta dasturxonini yig‘ishtirib, idshlarni yuvib apil-tapil darsiga yo ishiga borsin, deb qayerda yozilgan ekan? Gap-gashtaklarda ayollarning so‘ziga e’tibor bersam orzu-havasida ma’ni-mantiq yo‘q. “Kelin olib xizmatimga shaylasam” emish.

Hoy, baraka topkur, momolarimiz “Xudoyo, o‘z qo‘l- oyog‘imizdan qoldirmagin. Bandangga zoriqtirib, O‘zingdan o‘zgaga muhtoj qilib qo‘ymagan” deb duolar qilganlar. Biz bir qop go‘sht bo‘lib, davralarning to‘rida yonog‘imizni qip-qizil qilib o‘tiramiz, kuch-quvvatimiz o‘zimizda, bitta ekan-ku, to‘rtta kelinning bir kunlik ishini bir soatda bajarib qo‘yadigan g‘ayratimiz boru, kelinning xizmatiga xomtama bo‘lishimiz nimasi? Birovning bolasiga zulm qilish emasmi bu? Allohdan ham qo‘rqish kerak-da, bundoq...

Odam nima uchun kelin qiladi?!..

Suhbat jarayonida ustozning achchiq gaplaridan uyalib ketdim. Ukamga qish faslida kelin tushirdik. Tongda onam uyg‘onib hovlimizni supurib, sigirni sog‘ib, nonushtaga shirchoy tayyorlab, chovgumlarni yuvib-artib qo‘yardilar. Jahlim chiqib onamga:

— Mazza qilib yotavermaysizmi? Siz tiyinlab pul jamg‘arib kelin qildingiz. O‘zingiz kiymagan kiyimlarni qildingiz, o‘zingiz o‘tirmagan uylarga kelinni o‘tqizib qo‘ydingiz. O‘zingiz yemagan taomlarni dasturxonga qo‘yib, to‘y berdingiz. Kelin hovli supirsin, osh-ovqatingizni qilib, ikki bukilib “yana nima yumush bor, oyijon?” deb tursin. Xizmatingizni qilsin-da endi. Odam nima uchun kelin qiladi?- degandim, onam mendan xafa bo‘ldilar:

— Men xizmatkor olmadim, qizim. O‘g‘limga tan mahram, jufti halol olib berdim. Otang ikkalamiz bo‘ynimizdagi qarzdan qutuldik. Kelin kelmasdan oldin meni hovlimni kim supurardi? Ovqatimni kim tayyorlab, choyimni kim damlardi? Shu paytgacha hovli-joyim supurilmay qolganmidi? Menga hech kimning xizmati kerak emas! Kelin o‘g‘limning oilasini yashnatib, baxtini butun qilib, ro‘zg‘orini gullatsa, etagimni nevaraga to‘ldirsa bo‘lgani. Men ham bir paytlari kelin bo‘lganman. Qaynonam rahmatli bir marta bo‘lsin qaynonalik qilib ish buyurmaganlar.

Ishdan kelganimda choy damlanib choynakpo‘sh kiydirib qo‘yilgan, qozonda ovqat bo‘lardi. Avval bafurja ovqatlanib olardim, so‘ng uy yumushlariga kirishardim. Kelin - farzandim ortidan kelgan farzandim. U qiynalsa menga yayrarmidim? Menga kelinga buyruq berib boshida qamchi o‘ynatish shart emas. Senga kimdir zulm qilsa, men chiday olamanmi? Kelin ham birovning jonidan bunyod bo‘lgan jigarbandi. Men qizini og‘rintirsam, onasi azob chekadi. Allohdan qo‘rqish kerak, bolam...

To‘g‘risi, onamning shu gaplaridan keyin ham fikrim o‘zgarmagandi. Qaytanga, ulardan ranjigandim “uch qavat ko‘rpacha ustida, savlat to‘kib, kelinning xizmatidan foydalanib, qosh kerib o‘tirmaydilarmi?! Tongda turib hovli supirish, mazali tamaddilar tayyorlab qaynona-qaynotaning og‘ziga tutish kelinlikning bor-yo‘q ziynati-ku”, deb hisoblardim. Ustozning gaplarini eshita turib, go‘yo ular yuragimdagi fikrni uqib, menga tanbeh berganday xijolat chekdim.

Bu borada ayrim yurtdoshlarimizning ham mulohazalari bilan qiziqdim:

“Qaynonamning molparastligi otamning boshini yedi”

Madina, 24 yosh: - Kelinga xizmatkor sifatida qarashni qo‘yavering, kelin olishni boylik olish manbai deb biladigan qaynonalar ham bor. Mahallamizda ko‘pni ko‘rgan, to‘rt o‘g‘ilni uylab, uch qiz chiqargan, faxriy o‘qituvchi onaxon yashaydilar. Mahallaning to‘y-tadbiri, aza-motami onaxonning maslahatlarisiz o‘tmaydi. O‘sha onaxon bir ayolning jon berayotganidan ustida turgan ekanlar. Ayolning joni chiqqanidan keyin kelini:

— Ayajon, ko‘rdingizmi, qaynonam bo‘kirib o‘ldilar-a?- debdi. Xola “Astag‘furulloh, deng kelinposhsha, kim qanday o‘ladi, buni hech birimiz bilmaymiz, Xudo biladi. Qaynonangiz haqida shunday deyishingiz yaxshi emas. Shu yerdagi gap shu yerda qolsin, oqila bo‘ling, gapingiz ko‘chaga chiqmasin” deb uni koyibdilar. Kelin ham anoyi emas ekan “Ey, o‘lgani chin bo‘lsin, ayajon! Ota-onamni ezib yubordi qaynonamning tiyiqsiz orzu-havaslari! Hali devorga osadigan televizor dedilar, hali muzlatkich dedilar, “otang kondinsioner olib kelmadi”, “onang hayitlarda yo‘qlov yubormaydi, pastsanlar, gadoysanlar” deb yerga uraverdilar, kamsitaverdilar. Ajarashaman, desam adam rahmatli unamadilar.

Qaynonamning molparastligi adamning boshiga yetdi! Onam uch joyda farrosh bo‘lib ishlaydilar. Kelin bo‘lganimga besh yil bo‘libdi, besh yildan beri onam qizim borgan joyida tinib tinchsin deb, ro‘shnolik ko‘rmadilar. Qaynonamning orzu-havasidan ortmadi topganlari. Uchta singlim allaqachon uzatiladigan yoshga yetishgan, onamda hech vaqo qolmadi. Qaynonam otamning umriga zomin bo‘lgani, onamning xo‘rlangani, singillarimning baxti boylangani uchun hali qabrida ham javob berdi...” degan ekan. Aya ayollar jamlangan bir izdihomda bu voqeani ibrat bo‘lsin deb gapiribdilar...

Kelinning vazifasi faqat xizmat qilish emas

Mukarramxon aya, faxriy shifokor, Farg‘ona viloyati: - Kelin xizmatkor, uy ishlarini bajarishga majbur emas-kuya, ammo kelinlikning ziynati, gashtu zavqi ham aynan shu yelib-yugurib qaynona-qaynota, kuyov va uning yaqinlariga xizmat qilishda-da! Kelin qo‘l-oyog‘i chaqqonligi, pazanda, chevar epliligi bilan borgan joyida hurmat-ehtirom qozonishi, o‘ziga imtihon nigohi bilan qarayotganlarning duosini olishi o‘zbekchilikning yana bira yozilmagan qonunlaridan.

Lekin yoshgina kelinchaklarni tong qorong‘usida uyg‘otib, sovuq kunlarda ko‘cha-hovlilarga chelaklab suv septirishga qarshiman. Kelinlik paytida qiz bolaning jismida to‘satdan o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bunday paytda kelin imkon qadar issiqroq kiyinib yurishi, o‘zini ehtiyot qilishi shart. Chunki kelinning vazifasi faqat uy yumushlarini bajarish emas, balki naslni davom ettirish, kelgusida sog‘lom, aqlli farzandlarni dunyoga keltirib, jamiyatga komil insonlarni yetishtirib berishdir. Qaynonalar mana shu haqiqatni unutmagani ma’qul...

Azaldan o‘zbek ayoli oriyatli, ko‘ngil ko‘zi to‘q, fahm-farosat bobida benazir xilqat sifatida tanilgan. Jumladan oila, turmush va chin ayollik ilmining nuqtadoni sifatida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadigan siymo ham- o‘zbek qaynonasi! Har ishda uquvsiz, no‘noq kelinchakka ibrat bo‘lishga arzigulik fe’l-atvori bilan tahsinga loyiq qaynonalarimiz mulohazalarimizga qanday munosabatda ekanlar? Marhamat, so‘z sizga!

Теги: Qziqarli