Регистрация
Меню сайта
Новости сайта
Статистика
0

Jarrohlik, lazer va botokssiz ajinlarga qarshi qanday kurashish mumkin?

Автор: Activeкатегория: Foydali maslahatlarдата: 28-Октябрь-2016, 17:04

Istaymizmi, yo`qmi biz bilan birga tanamiz ham ulg`ayadi. Bu jarayon terida ajinlar ko`rinishida aks etadi. Yoqimsiz holat, ammo undan butunlay qochib bo`lmaydi. Uning paydo bo`lishini kechiktirish esa o`z qo`limizda. Oliy toifali kosmetolog Mahbuba MAMANOVA bu borada tavsiyalari bilan bo`lishadi.  

Tozalang

Yuz terisining ustki qavatini mudom tozalash lozim. Skrab va turli niqoblar yordamida bu ishni amalga oshirmasangiz, teri nafas olishi qiyinlashib, yangi hujayralarning paydo bo`lishi kechikadi. Piling qildirishga imkoningiz yo`qmi? Unda yuz yuvish uchun mo`ljallangan gelga maydalangan qahva yoki dengiz tuzidan oz miqdorda qo`shib, tabiiy skrab tayyorlashingiz mumkin.

Pardoz vositalarida vitamin bo`lsin!

A vitamini nobud bo`lgan teri hujayralarining tez ko`chishi hamda ajinlarga qarshi kurashuvchi kollagen moddasi ishlab chiqarilishini rag`batlantiradi. U teridagi cho`ziluvchanlik xususiyatini saqlab qolib, mimik ajinlar chuqur iz qoldirishiga yo`l qo`ymaydi. Olimlar A vitamini kabi ta`sir ko`rsatuvchi sun`iy moddalar — retinoidlarni kashf etishgan. Pardoz vositalarini xarid qilishda tarkibida A, E, S vitaminlari hamda retinoid moddalari borlarini tanlang.

Namlantiring!

Qat`iy qoidaga amal qiling: yuz terisini quritadigan atir sovunlardan foydalanmang. Tanlovingiz bolalar sovuni bo`lsin! Kuniga 8-10 stakan iliq qaynatilgan suv iching. Bu bilan organizm, shu jumladan, terini ham kerakli miqdorda suyuqlik bilan ta`minlaysiz. Teri turingizga mos keladigan namlantirish va oziqlantirish xususiyatlarga ega kremdan foydalaning.

Quyoshdan ehtiyot bo`ling!

Ultrabinafsha nurlar teri nafas olishi va undagi moddalar almashinuviga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Biroq uning me`yordan oshishi terini quritib, kollagen ishlab chiqarilishini kamaytiradi va ajinlar yuzaga kelishi uchun qulay sharoit yaratadi. Maslahatimiz, muntazam quyoshdan himoyalovchi kremdan foydalaning.

To`g`ri ovqatlaning!

Taomnomangizda tabiiy mahsulotlar ko`p bo`lsin. Meva va sabzavotlarni imkon qadar xom va qaynatilgan ko`rinishda iste`mol qiling. hayvon yog`laridan butunlay voz keching, o`simlik yog`lari organizm uchun ko`proq foydali. Baliq eng yaxshi go`sht sanaladi. Tarkibida antioksidantlar mavjud bo`lib, keksayish jarayonini sekinlatadi.

Sog`lom turmush tarziga rioya qiling

Charchaganimiz, tushkun kayfiyatda ekanimizni atrofdagilar qaerdan bilishadi? Albatta, yuz-ko`zimizga qarab-da! Yuzingiz, qovog`ingiz salqib, yoshingizga yosh qo`shishini istamasangiz, vaqtida uxlang.  Kundalik uyqu 8 soatdan kam bo`lmasin. Mushaklar va teri tonusini oshirish uchun jismoniy mashqlarni bajarish ham zarar qilmaydi.

Uqalash foyda beradi

Yagona sharti bu muolajani 30 yoshdan katta ayollar bajarishi lozim. U yoshgacha esa uqalashga ehtiyoj bo`lmaydi. Yuz mushaklarini bo`shashtirib, barmoqlar yordamida engil harakatlar bilan yuzni shapatilang. 3-5 minutli uqalash etarli. Bu muolaja har kuni bajarilsa, yuz terisida qon aylanishi yaxshilanib, unga ozuqaviy moddalarning etib kelishi tezlashadi.

Oson niqoblar: ular uchun vaqt toping!

1-niqob: 1 choy qoshiq jelatin 2 osh qoshiq iliq suvda eritiladi. 5-10 daqiqadan so`ng hosil bo`lgan jelega 1 dona tuxum sarig`i qo`shiladi. Niqob tozalangan quruq yuz terisiga 15-20 minutga surtilib, yuviladi. So`ng namlantiruvchi loson yoki krem surtiladi. Bu niqobni haftasiga bir marta qo`llash tavsiya etiladi.

2-niqob: yarimta bananni qirg`ichdan chiqarib, 2-3 tomchi bodom yog`i qo`shib, yuzga surtiladi. 15-20 daqiqadan so`ng yuviladi. Bu niqobni haftasiga 2 marta qo`llash mumkin.

Dilnoza tayyorladi. 

Manba: Darakchi.uz

Теги: ajinlarga, VA, QARSHI, Lazer, QANDAY, jarrohlik, botokssiz, MUMKIN?, kurashish

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги