0

Internetdagi «trollar» kimlar?

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Texnoдата: 18.08.2019
Bugun internetdan foydalanish imkoniyatlari kengaygani sari ijtimoiy tarmoqlar va elektron ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotining ajralmas bo'lagiga aylanib bormoqda. Tabiiyki, virtual olamda turli fikrlar, qarama-qarshi munosabatlar mavjud. Biror mavzu yuzasidan fikr bildirayotganda har ikki taraf ham o'zining haqligini isbotlashga, asosli dalillar keltirishga urinadi. Ammo internet foydalanuvchilari uchun ma'lum bo'lgan shunday bir toifa borki, ular «tirnoq orasidan kir qidirib», har qanday islohot va yangiliklar haqida salbiy munosabat bildirishga, bu orqali xalq fikrini o'zgartirish, insonlarni haqorat qilish va odamlar o'rtasida adovat urug'ini sochishga intiladi. Bundaylar internet foydalanuvchilari orasida «troll» deb nomlanadi.

Haqorat qilingan kishi hech narsa qila olmaydi

Troll deb ko'pincha hamsuhbatlarga yoqimsiz bo'lgan narsalarni yozadigan kishiga aytiladi. Yoki virtual muloqotda janjallashadigan, urishadigan, mojaro chiqaradigan, jumladan, hammaning e'tiborida turish uchun har kuni kimnidir yomonlab, adashganligini fosh qiladigan kimsalarni ham trollar deyish mumkin. Internet orqali muloqotda ko'pchilik arzimagan bahona bilan hech qanday sababsiz odamlarni haqorat qilishga moyil bo'ladi — axir, uning tushunchasida haqorat qilingan kishi baribir hech narsa qila olmaydi.

Ma'lumot o'rnida aytish lozim, Troll — skandinav xalq afsonalari qahramoni, yashil rangli dengiz jonzoti. Vahshiy va qonxo'r maxluq. Virtual olamdagi trollar ham shu mavjudotga o'xshab ketadi. Faqat ular go'sht bilan emas, insonlarning ruhiyatini buzish bilan oziqlanadi.

Ularning maqsadi nima?

Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlardagi alamzada va tajovuzkor foydalanuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Bir-birini haqoratlash, masxaraomuz sharh qoldirish, sha'nini bulg'ash, tashkilotlar va rahbarlarni obro'sizlantirish virtual olamdagi yangi trendga aylandi. Nizolar ortidan, hatto bir-birini ko'rmagan insonlar ashaddiy g'animga aylangan holatlar ham mavjud. Ijtimoiy tarmoqlar inson fe'l-atvorining allaqaysi burchaklarida berkinib olgan yovuzlikni yuzaga chiqarayotgandek go'yo.

— Odamlar fe'l-atvorining tadrijiy rivojlanishiga e'tibor qaratsak, uning shakllanishi bevosita muloqot vositalari bilan bog'liq ekaniga guvoh bo'lamiz, — deydi psixolog Shoira Isoqova. — Tadqiqotchi olim Deni Uolleysning «Qo'pol odamlar haqida haqiqat» kitobida yozilishicha, ijtimoiy tarmoqdagi muloqot sabab odamlar xulqi qo'pollashmoqda. «Inson xulqi va kompyuterlar» (Computers in Human Behavior) jurnalida keltirilishicha, aslida insonlar jonli muloqotning kamayishi, ko'z aloqasining yo'qligi bois o'zaro munosabatlarda dag'allashmoqda.

Pensilvaniya universiteti olimlari o'tkazgan tadqiqotlarga ko'ra, ijtimoiy tarmoqdagi hayot insonlarning xulqiga, ijtimoiy munosabatlari hamda ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. «Ijtimoiy va klinik ruhiyat» jurnali (Journal of Social and Clinical Psychology)da yozilishicha, ijtimoiy tarmoq tushkunlik, darg'azablik, odamovilik, xafaqonlik va tajovuzkorlikning qo'zg'atuvchisi sanaladi.

Trollarning psixologiyasi qanday?

Ijtimoiy tarmoqda «troll» xususiyatli profillar mavjud. Ular doimo boshqalarni xafa qilishga urinishadi. «Shaxsiyat va individual tafovutlar» (Journal of Personality and Individual Differences) jurnalida e'lon qilingan tadqiqotga ko'ra, virtual trollar shaxsiyatida sadizm (birovni qiynab lazzatlanish), narsizm (o'z-o'ziga bino qo'yganlik), machiavellianizm (muntazam ravishda boshqalarni aldash va ta'sirda ushlab turish) alomatlari yuqori bo'ladi. Ularning aksariyati tabiatan shunga moyil, jamiyat qoidalariga zidligi bois o'zini tiyishga majbur bo'lgan. Virtual olam esa ulardagi maylni qo'zg'atmoqda.

— Internetdagi ilk Usenet forumlari bilan birga paydo bo'lgan «troll» fenomeni dastlab 1993 yilda tilga olingan, — deydi Koreyaning Yonsey universiteti tadqiqotchisi, bloger Shuhrat Sattorov. — Trollga o'shanda «kiber-makondagi zo'ravon» deb ta'rif berilgan. Ular internet foydalanuvchilarining munosabat va kayfiyati, nufuziga ta'sir ko'rsatish maqsadida muntazam ravishda tajovuzkor yoki ig'vo qo'zg'atuvchi, nafratomuz va qo'pol sharh va postlar qoldiradi. Ko'pincha ularning shaxslari mavhum bo'ladi. Ammo ism-familiyalarini yashirmaydigan trollar ham mavjud. Ular boshqalarning azobini his qilmaydi va osonlik bilan odamlarni kamsitadilar. Eng achinarlisi, bu – ommaviy trendga aylanmoqda, ijtimoiy tarmoqdagi xulq esa real hayotdagi yurish-turishga ta'sir ko'rsatadi.

Salomatlikka ham ta'siri bor

Insonlar o'rtasidagi hurmat va inson fe'lidagi odob-axloq jinoyatchilikning kamayishi va tinchlikka xizmat qilgan muhim omillar sanaladi. Agar virtual tarmoqdagi trollar hayotda ham o'zlarini ochiq-oydin namoyish qilsalar, bu – katta xavfga aylanishi, tabiiy.

Qo'pollik misoli sovuq havo kabi juda tez tarqaladi. Hatto, qo'pollikka guvoh bo'lganlar ham undan jabr ko'radilar, ruhan bu vaziyat ularning jismlarida yukka aylanadi. Hadeb bu holatga guvoh bo'lish esa tushkunlik, asab tizimiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi neyrotoksinlar esa turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Texnologiyalar asrida hukumatlar oldida insonlarning virtual olamdagi xulq-atvorlarini to'g'ri yo'naltirish, salbiy ta'sirlardan ularni himoya qilish vazifasi ham turibdi.

Hozircha Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi davlatlarda internet va ijtimoiy tarmoqlarning zararli foydalanuvchilariga qarshi kurashga oid yangi qonunlar joriy qilinmoqda.

Trollarga qarshi xalqaro miqyosda kurash qanday kechmoqda?

— Angliya va Uels 1988 yildayoq «Zararli aloqalar to'g'risida»gi qonunni qabul qilgan va unda ilk marotaba «iztirob uyg'otuvchi», «bezovtalikka sabab bo'ladigan», «elektron haqorat», «onlayn tuhmat» kabi tushunchalar izohlangan, — deydi Shuhrat Sattorov. — 2003 yilda elektron vositalar orqali tahdidlarni tartibga solish yangi qonun bilan belgilab berilgan. Buyuk Britaniya Adliya vazirligiga ko'ra, tajovuzkor internet-kontentni tarqatayotganlar soni muntazam ortmoqda. Misol uchun, Londonda «onlayn jinoyatlar» ko'lami keskin oshgan. 2015-2016 yillarda «Aloqalar to'g'risida»gi qonunning 127-moddasiga asosan, javobgarlikka tortilganlar soni 13 foizga oshgan bo'lsa, «Zararli aloqalar to'g'risida»gi qonunning 1-bandiga, ko'ra, jazolanganlar soni 32 foizga ko'paygan. Ayni paytda zararli axborot tarqatayotganlarga nisbatan 5,000 funt-sterling jarima yoki 6 oylik qamoq jazolari qo'llanilmoqda. Shuningdek, internet tarmog'ida tajovuzkor axborotlarni tarqatayotgan trollarga 2 yilgacha qamoq jazosi ham belgilab qo'yilgan.

Avstraliya hukumati ham internetda mavhum nom ostida faoliyat olib borayotganlarning xulqidan xavotirda. Chunki onlayn xatti-harakat real hayotga ta'sirini o'tkazmoqda. Shu bois «Jinoyat kodeksi»ga ko'ra, ayni paytda trollarga qarshi faol kurash boshlangan. Onlayn tarmoqda o'zini kamsitilgan, haqorat qilingan deb hisoblagan shaxslar Avstraliya aloqa va axborot agentligiga murojaat qiladi. Shu asosda tekshiruv harakatlari olib boriladi.

AQShning Kaliforniya shtatida kiber-kamsitish va elektron ig'vogarlik uchun jiddiy ayblovlar muqarrar. Misol uchun, shtatning «Ta'lim kodeksi»ga ko'ra, zararli axborot tarqatayotgan, boshqalarni kamsitgan va haqoratlagan o'quvchilar maktabdan chetlashtiriladi. Mazkur qoida shtatda onlayn ig'volar ortidan o'quvchilar o'rtasida o'z joniga qasd qilish holatlari ko'paygani tufayli joriy qilingan. Shuningdek, Kaliforniya «Jinoyat kodeksi»da virtual tarmoqdagi nobop xatti-harakat uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo'llaniladi.

Virtual olam jang maydoniga aylangan

Internet — odamlar o'rtasidagi xudbinlik jangga kirgan makonga aylandi. Bu yerda «men sendan zo'rman», «men sendan boyroqman», «men sendan baxtliroqman», «men sendan go'zalroqman» kabi da'volar raqobatga kirishadi. Avvallari jonli muloqotda bir-birining dardiga malham bo'lganlar endi bir-birlarining yaralarini «cho'p» bilan «kavlamoqda». Bunday muhitda tushkun bo'lish va aziyat chekish, noilojlikdan boshqalarga nafrat sochish va ularni kamsitish juda oson.

Bugun O'zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda huquqlari toptalgan fuqarolarning hammasi ham kimga murojaat qilishini bilmaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda esa kiber jinoyatlarni tadqiq qiladigan malakali mutaxassislar yetarli emas. Ayrim davlatlarda kiber jinoyatlar bilan shug'ullanadigan alohida idoralar faoliyat ko'rsatmoqda.

Qonunchiligimiz fuqarolarning internet tarmog'ida o'zini tutish odobini belgilab beruvchi, virtual kamsitish va haqoratlarning oldini oluvchi, insonlarning internetdagi xatti-harakatlari, shuningdek, turli nomlarda sahifa yuritishni tartibga soluvchi, mavhumlikka qarshi kurashuvchi, foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qiluvchi hujjatlarga muhtoj. Zamonaviy trend va muammolar asosida mavjud qonunchilikni takomillashtirish – bugun yuzaga kelayotgan muammo va jinoyatlarning, shuningdek, trollarning virtual olamdan hayotimizda hozir bo'lishlarining oldini oladi.

Теги: trollar, kimlar, Internetdagi