0

Go‘sht narxining 50-60 ming so‘mga chiqishi QQSga bog‘liqmi?

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 17.08.2019
Ma’lumki, joriy yilning 1 oktyabrdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yana yil boshidagi kabi QQS bilan bog‘liq shov-shuvlar ko‘payib bormoqda. Ko‘pchilik, endi narx-navo oshadi, go‘shtning narxi ham shuning uchun baland bo‘lib ketdi, degan xavotirlarni bildirishmoqda. Aslida nima bo‘ladi?

O‘zA’ning yozishicha, bu savolga O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi vakili Davlatxo‘ja Mo‘minxo‘jayev munosabat bildirdi.

– Bu unchalik to‘g‘ri fikr emas, – deydi D.Mo‘minxo‘jayev. – Narx deganda alohida mahsulotni emas, to‘laqonli mahsulotlarni tushunishimiz kerak. To‘g‘ri, ayrim mahsulotlar oshadi, ba’zilari esa tushadi. Ko‘pchilik noto‘g‘ri talqin qilishi tufayli narxlarning sun’iy oshirish holatlari bor.

Bir qarashda fermerlarning QQSdan ozod etilishi ma’quldek tuyuladi, lekin bunday “imtiyoz” fermer xo‘jaliklari uchun ham, ularning mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar uchun ham unchalik foydali emasligini guvohi bo‘ldik. Chunki, fermerga QQS hisoblamaslik, QQSni hisoblashning ketma-ketlik zanjirini uzilishiga hamda avval to‘langan QQS summasini ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shilishi natijasida mahsulot tannarxini oshishiga olib keladi.

Aslida umumiy ovqatlanish shoxobchasi go‘shtni fermerdan QQS bilan olsa, undan tayyorlangan ovqatga QQSni nisbatan kamroq to‘laydi. Bu esa ovqatlarni arzonroq bo‘lishini ta’minlaydi. Yo‘qsa, tadbirkor nafaqat fermer o‘rniga QQS to‘laydi, balki avval go‘sht yetishtirish xarajatlariga kiritilgan QQS ustiga yana QQS hisoblashlariga to‘g‘ri keladi. Demak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan QQS olinishi tufayli narxlar arzonlashadi va mahsulotlar barqaror ishlab chiqariladi.

Narxlarni o‘sish zanjiri ovqatlanish shoxobchalarida davom etib, QQSni to‘lash oxirgi iste’molchi, ya’ni aholi zimmasiga borib tushadi. Shuning uchun, keyingi vaqtlarda yirik supermarketlar va savdo do‘konlari fermerlardan mahsulot xarid qilishni istamay qolgan edi. Agarda QQS bo‘lsa, bu borada muammo bo‘lmaydi.

Eng asosiy masala – bu fermerni eksportga bo‘lgan ishtiyoqini rag‘batlantirish. Misol uchun, fermer gilosni 5 ming so‘mdan, eksport qilsa, bojxona xarajati bilan 6 mingga aylanadi. QQS qo‘shilganda 500 so‘m mineral o‘g‘it uchun xarajat qilgan bo‘lsa, eksport qilgan fermerga ana shu pul ham qaytarib beriladi. Bu unga qo‘shimcha foyda bo‘lib qoladi.

Ayni vaqtda qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida 2019 yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylandi. Ular belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart.

Faqatgina paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadilar. Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning imtiyozlari bekor qilindi.

Теги: Yurtimizda