0

Freedom House: “Oʻzbekistonda internet qatʼiy nazorat ostida qolmoqda”

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 18.11.2019
Freedom House xalqaro nohukumat tashkiloti dunyo mamlakatlaridagi internet erkinligi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisidagi tadqiqotini eʼlon qildi.

Reytingga koʻra, Oʻzbekiston 100 balldan 26 ball toʻpladi, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan atigi bir ball yuqoridir.

Reytingda mamlakatlar uch omil: internetga kirishga hukumat tomonidan toʻsiq, senzura va foydalanuvchi huquqining buzilishi boʻyicha baholandi. Reytingda butun dunyodagi foydalanuvchilarning 87 foizini qamrab olgan 65 mamlakatdagi internet erkinligi baholangan. Hisobotda 2018-yil iyundan 2019-yil maygacha boʻlgan vaziyat tahlil qilingan.

“Oʻzbekistonda internetda erkin fikr bildirish uchun kichik makon paydo boʻlgan boʻlsa-da, internet qatʼiy nazorat ostida qolmoqda. Aksariyat (ammo barcha emas) xalqaro ommaviy axborot vositalari veb-saytlariga kirish tiklangani tahsinga loyiq, bu deyarli 15 yillik mustaqil tanqidiy fikrlarga toʻsiq qoʻyish siyosatiga barham berilganini anglatadi”, - deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda internet tezligi nisbatan pastligicha qolmoqda. Abonentlar sifatsiz aloqa va tez-tez uzilishlarga duch kelmoqda. Speedtest maʼlumotiga koʻra, 2019-yil may holatiga keng polosali aloqa tezligi 14,37 Mbit / sni tashkil etgan (jahonda 131-oʻrin) boʻlsa, mobil keng polosali aloqa tezligi 9,77 Mbit / s boʻlgan (129-oʻrin).

“Oʻzbekiston hukumati internetda fikr bildirganlik uchun jazolashda keng vakolatlarga ega va ijtimoiy tarmoqlarni muntazam nazorat qiladi”, - deyiladi tadqiqotda.

Hisobotda aytilishicha, 65 mamlakatdan 33tasida internet erkinligi yomonlashgan. Bu borada eng yomon koʻrsatkich Sudan va Qozogʻistonda qayd etilgan. 16 mamlakatda koʻrsatkich yaxshilangan boʻlib, eng katta oʻsish Efiopiyada boʻlgan. AQSHda ham internet erkinligi bilan bogʻliq vaziyat yomonlashgan. Xitoy internet erkinligini buzish boʻyicha qatorasiga toʻrtinchi bor birinchi oʻrinda qayd etilgan.

Теги: Yurtimizda, kunlik, yangiliklar