0

Folga ishonma, folsiz yur!

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Foydali maslahatlarдата: 23.03.2019
Transportda ikki ayolning suhbati nogahon qulog‘imga kirdi:
- Qizingiz yaxshi yuribdimi, aylanay? Bir ajoyib qiz-da. Essiz, haligacha baxti ochilmadi-ya?
Ikkinchi ayol hamrohining “g‘amxo‘rligi” ostidagi o‘smoqchilashni yo anglamadi, yoki tushunib turgan bo‘lsa-da sir boy berishni istamadi chog‘i:

- Nimasini aytasiz, qizim husnda ham, odobu andishada ham birovdan kam emas. Pazandaligini aytmaysizmi, bir piyoz bilan suvdan ham har qanday injiq odamning ta’bini yayratadigan mazali taom tayyorlaydi. Eng mukammal dasturda yaratilgan kir moshinasi ham kirlarni qizim yuvgandek toza yuvib berolmaydi. Bilmadim, Xudoning ishlari-da, bo‘lmasa oddiy yovg‘on qilsa ham tagiga oldirib qo‘yadigan, ivirsib yuradigan qizlarni baxti ochilib tuppa- tuzuk turmush qilib ketishyapti. Mayli-da, mening qizimga ham atalgani bordir. Muhimi, tan-joni salomat bo‘lsin. Sog‘lik ham baxt-ku!..
- Voy, siz qanday onasiz-a? Indamay qarab turaverasizmi? Ko‘nglingiz ham ko‘ngil ekan-da! “Qizingni uzatishga shoshil” degan qadimgilar. O‘tiravermay bundoq folbingami, azayimxongami borsangiz-chi?..
Suhbat shu joyiga kelganda tushadigan bekatimga kelib qoldim. Avtobusdan tushib orqamga, deraza oldiga o‘tirgan haligi ayollarga ko‘z tashladim. Sherigiga folbinga borishni maslahat bergan ayol kuyib-pishib nimalarnidir tushuntirishda davom etayotgan edi...

Ajab odamlar, ajab savdolar
Ajab odamzod... Boshiga biror mushkulot tushib qolsa, kutilmaganda dardga chalinsa, yoki ishlaridan unum, qo‘lidan baraka arisa, sababini qayerdadir xatolikka yo‘l qo‘yganidan izlab, musibatga yo‘liqayotganini o‘zining qilmishlaridan bilib, fe’lini, yurish-turishini taftish qilmaydi-yu, folbinlarga yuguradi. Go‘yo shu bilan yengil tortadiganday, yoki ishlari yurishmayotgani, boshi kasaldan chiqmayotgani boisini folbin yaxshi biladiyu uni balolardan forig‘ etadiganday. Ko‘pchiligimiz hayotimiz davomida hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa ham folbinga borganimiz inkor etilmaydigan haqiqat. Ba’zan uning ayqash-uyqash gap-so‘zlaridan bitta rostini topib olib hayratga tushgan bo‘lsak tushgandirmiz, lekin albatta behudaga sarflangan pulimiz va isrof bo‘lgan vaqtimizga kuyib qolaverganmiz. Folbinlarning yolg‘on uydirmalari kasofati tufayli parokandalikka uchrayotgan oilalar, bir-birlari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketayotgan qarindosh-urug‘, jigarlar haqida eshitib, bilib, ko‘rayapmiz, ammo yana o‘shalardan najot izlayveramiz.

G‘alati odamlar...
Farzandini turmush qurishi, baxtli-saodatli bo‘lishini yoki ishlari yurishib, moddiy farovonlikka yetishishni yoxud bemor yaqinining tuzalishini folbinu azayimxondan so‘rashadi, istashadi. Balki, “g‘alati” degan nisbat ularga unchalik qovushmas, balki, nodon deganimiz to‘g‘riroqdir. Axir, folbin, azayimxon degani tap-tayyor tovlamachi, firibgar, ya’ni jinoyatchi bo‘lsa, o‘z oyog‘i bilan tovlamachining oldiga borib, o‘z og‘zi bilan firibgarga o‘zini aldash uchun imkon berib, jinoyatchiga peshona teri bilan topgan pulini o‘z qo‘llari bilan tutqazib kelgan odamni qanday nisbat bilan ta’riflash mumkin?..

Voqea: Qizning onasi qaylardandir gap topib keldi: falon tumanning, pismadon mahallasida yaxshi folbin bor ekan. Hamma narsani “tochnыy” bilarmish. Kim, qachon, qayerda hammasini bexato aytarmish. Tong qorong‘usida uyg‘ongan er-xotin bomdod namozini ado etib, duosida tinchlik, sog‘lik istab, qizi uchun xayrli taqdir nasib etishini so‘rash o‘rniga o‘sha ovozasi olamni tutgan taniqli folbinga yo‘l olishdi.

Bir amallab navbat kutib, folbinning huzuriga kirdilar. Folbin qo‘lidagi kitobga termulgancha onaning tavallolarini eshitdi-da, ovoziga o‘zgacha ohang berib qiroat bilan maslahat berishga tushdi. Emishki baxti ochilmayotgan qiz yettita avliyo ziyoratiga borib, avliyolar madfun bo‘lgan ziyoratgohlardagi quduq suvidan olib, o‘sha suvda cho‘milsa, baxti ochilib turmushga chiqib ketarmish. Qiz onasining bu tarzdagi ishlaridan bezib ketgan bo‘lsa ham, noiloj, folbinning aytganini qildi. Bir emas, bir necha marta. Ammo...

Oxiri bema’ni mash-mashalar joniga tekkan qiz folbinning bu galgi “tavsiya”sidan bosh tortdi:

- Onajon, shu folchilaringizning qachon, qaysi gapi to‘g‘ri chiqdiki, endigisi amalga oshsa? Baxtni, taqdirni Alloh qismat qiladi, u xohlamasa hech kim birovni erga ham berolmaydi, uylantirolmaydi ham!..
Ona indamadi. Yo‘q, qizining gaplari to‘g‘riligi uchun emas, qaytanga qizi haqida “yoshi o‘tgan sayin juda qaysar bo‘lib ketyapti-da” degan o‘y bilan boshqa gapirolmadi.

“Tomog‘imdagi “jodu” quruq chiqdi”
Onamning folbinma folbin sudrashlaridan to‘yib-charchab ketdim. Uyda kelinoyilarim - akalarimning xotini bor, ular ustimizdan kulmaydimi? Endi Jizzaxda bir folbinmi azayimxonmi nima balo chiqqan ekan, “issiq-sovuq”ni ochib, odamning ichidan sehr-jodusini olib tashlarmish. Aytsam birov ishonmas, onam meni uch marta o‘sha iymonsiz kampirga olib bordilar. Sezib turibman, azayimxon kampir aldayapti, qo‘liga nimalarnidir ildirib oladi-da tomog‘imga barmog‘ini tiqib “Ana, joduni olib tashladim” deydi.

Bir martasida tomog‘imdan olingan ipga qarasam qup-quruq turibdi. “Iye, nega bu ip qururq”, desam bir nimalarni g‘udranib, o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. O‘zi bir ammallab kun kechirayotgan bo‘lsak, folbin-azayimxonlar ancha-munchaga amalini bajarmasa, onam bechora dadam ming bir mashaqqat bilan topgan pulni haromxo‘r, diyonatsiz firibgarlarga sarflab yuborishga qanday ko‘zi qiyadi, hayronman...
Madina, Toshkent viloyati, Qibray tumani.

Mulohaza: Bizga aql va tafakkur nega berilgan, zamondosh? Nega bir marta qo‘ygan yanglish qadamimizdan umrimizning keyingi kunlari uchun ibrat bo‘ladigan xulosaga kelmaymiz? Folbinlarning yolg‘onchi, makkor va tovlamachi ekani yaqqol namoyon bo‘lsa, o‘z ko‘zini o‘zi o‘yadigan odamga o‘xshab ularning oyog‘iga bosh urib borishimiz nimasi? Agar folbinlar kimningdir baxtini ochib oilali, kimnidir test sinovlaridan o‘tkazib oliy o‘quv yurti talabasi qilolganida, boringki, qo‘lidan shunday mushkulotlarni yechish kelganida odamlarning ellik- yuz mingiga ko‘z tikib yurarmidi?! Bunisi ham mayli, ayrimlar bir marta folbin-azayimxonga borib aldansa-da ko‘zi ochilmaydi. Bir marta aytganlari butkul yolg‘on chiqqan folbinga qayta-qayta boraveradilar, umid qilaveradilar. Biz insonmiz-ku, nahotki, kuppa- kunduzi, ochiq ko‘z bilan, aql, tafakkurimiz bilan yolg‘on, aldov va firibni haqiqatdan ajratishga kelganda ojiz qolsak?

Talonchi- azayimxon
Bir kuni erim va o‘g‘illarimni ishga kuzatib, darvozani qulfladim-da, ro‘zg‘or yumushlariga kirishib ketdim. Bir payt darvoza taqqilab, ortidan “Kim bor, iltimos, yaxshi odamlar, sadaqa qilib yuboring” degan ovoz eshitildi. Darvozani tirqishidan mo‘ralasam, lo‘li-tilanchi ayol irkitgina qizchani yetaklab turibdi. Darvozani qiya ochib sadaqamni uzatdim-da, tezgina yopib oldim. Birdan lo‘li “Anchadan beri o‘g‘lingizni uylantirolmay yuribsiza-a? Essizgina, o‘g‘lingizning baxtini boylashibdi-ku” dedi. Sergak tortdim. Chindan ham o‘g‘lim o‘ttiz yoshda, qo‘lida kasb-kori, hunari bor, esli-hushli yigit bo‘lsa-da, negadir qaysi xonadonga borsak rad javobi olardik yoki yoshlar bir-biriga ma’qul tushishmasdi. “Bu qaydan biladi?” deya hayron bo‘lganimni sezdi chog‘i, labi-labiga tegmay uyimda, shaftoli daraxtining tagida bir qarindoshimning “amal” ko‘mib ketgani, agar tezroq o‘sha amalni topib, yo‘qotmasam o‘g‘illarim o‘lib qolishini aytib vaysashga tushdi. Xullas, lo‘lining uydirmalari o‘zimga va bo‘lajak kelinlarimga atab olib qo‘ygan tilla taqinchoqlarni olib ketishi bilan yakunlandi. Ular gipnozga ham ustamikan, deyman, kunduzgi soat 10larda meni “talab” ketgan bo‘lsa, soat kechki 18larda o‘zimga kelib, haligi lo‘li “o‘qib dam solaman” degan tilla taqinchoqlar tugilgan ro‘molchani ochib ko‘rdim. Ichida allaqanday qog‘ozchalarni buklab-buklab o‘rab ketibdi. Negadir o‘sha paytda undan gumon qilmagan edim, kechga borib yuragimga vahm oraladi. Bejizga emas ekan. Lo‘li ayol meni rosa laqillatib, o‘n besh milliondan ko‘pga “tushirgan” ekan.

Turmush o‘rtog‘im bilan o‘g‘illarim “Sizni o‘ldirib, uydagi boshqa narsalarni ham olib ketmaganiga shukr qiling, joningiz omonda qolibdi” deya taskin berishadi. Bu talonchilik bir umrga yetgulik dars bo‘ldi. Endi folbin, azayimxon, lo‘liga mutlaqo ishonmayman.
Nazokat opa, Buxoro viloyati

“Shu folga ishonsang-ku...”
Taqdir ekan, yoshim o‘ttizdan o‘tgan bo‘lsa-da, negadir hanuzgacha baxtim ochilmayapti. Shukr, qo‘lo-yog‘im butun, aql-hushim o‘zimda. Oliy ma’lumotliman, qo‘limda kasb-korim, hunarim bor. Yaqinlarimni baxtimni so‘rab folbinma folbin izg‘ib yuraverishidan charchab ketdim. Tag‘in gap orasida “Sen ishonmaysan-da, agar ixlos bilan shu folchining gaplariga ishonsang-ku, baxting ochilib, uzatilib ketasan” degan ro‘kachni iddao ham qilishadi. Yaqinda xolalarim bir folbinnikiga meni qachon turmushga chiqishimni fol ochtirish uchun borishibdi, buni qarang-ki, folchi qiz ham uzatilmagan ekan. Xolalarimga kulib “O‘sha folbiningiz oldin o‘zini erli qilsin, keyin meni tashvishimni qiladi” desam, meni shakkoklikda ayblab, xafa bo‘lishdi. Ularga qarab og‘rinib ketdim, odam shunchalik ham go‘l bo‘lar ekan-da?!..
Nigina, Samarqand shahri

«Folbinning so‘zini tasdiqlagan kishi...»
Bugungi kun odamlari sehrgarlik, folbinlik hamda munajjimlik balosi bilan balolangan. Bu hol shu qadar keng rivoj olganki, ommaviy axborot nashrlari ham munajjimlar bashoratiga alohida e’tibor qaratib, odamlarning yulduziga qarab fol ochish bilan ovora. Allohning kalomi, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari bir chetda qolib, odamlar shaytonga rostmana shogird tutingan folbinlarning so‘zlariga quloq soladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida folbinning oldiga borib, uning gapini tasdiqlagan kishi dindan chiqishini aytganlar. Nima uchun endi, faqat borgan odam emas, balki borib gapini tasdiqlagan kishi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Gap bu yerda folbinning oldiga borishda emas, balki uning gapini tasdiqlashda. Iymon haqida ketmoqda gap.

Folbinlarning oldiga borgan kishilar turli maqsad bilan borishadi, ularning aksari o‘z kelajaklarini bilishga qiziqadilar. Ammo oddiy bir farosat bilan o‘ylab ko‘rishmaydiki, borayotgan joylarida o‘tirgan odam xuddi o‘zlari kabi bir odam. Allohga sig‘inmagan banda baribir nimagadir, kimgadir sig‘inadi.

Allohning taqdiridan rozi bo‘lmagan banda kimningdir so‘zlaridan rozi bo‘ladi va ana shu so‘zlarga ishonadi. Shuning uchun ham, Sarvari koinot sallallohu alayhi vasallam folbinning so‘zini tasdiqlagan kishini dindan chiqadi, deganlar. Shu birgina amal ila inson kofir bo‘lishi turgan gap. Folbinning aytayotgan so‘zlari yuz foiz to‘g‘ri chiqib qolsa ham, uning so‘zlariga mo‘min odam ishonmaydi, chunki Alloh va Uning rasuli buni qat’iy ravishda taqiqlagan. Ba’zan insonlarni sinash uchun folbin va munajjimlarning so‘zlarini amalga oshiradi, xuddi shayton bir odamning ko‘ziga qo‘lini tiqib olib, folbinning oldidan chiqqanida qo‘yib yuborgani singari. O‘sha odamning ko‘zi tuzalib ketadi-da, u buni folbin amalga oshirdi, deb o‘ylaydi. Bu yerda gap iymon, e’tiqod, ishonch ustida ketmoqda. Bu savdo qattiq savdo hisoblanadi.

Folbinlar kelajakni hech qachon bila olishmaydi. Alloh ta’olo Qur’oni karimda bu ilm faqat O‘zida ekanligini aytgan. Alloh bilan Allohning ilmini talashayotgan bandalar albatta xor bo‘lajak.

Sehr-jodu, ilmu amalga kelsak, sehr - afsunlar o‘qish, tugunlar tugish va shu kabi odamlarning qalbi va tanasiga ta’sir o‘tkazuvchi narsalardir. Ular kasallik va o‘limni chaqiradi, er-xotinni ajratadi va boshqa shu singari yomonliklarga sabab bo‘ladi. Sehrgar (sahir) – bu jinlardan bo‘lgan shaytonlarga, ularga yoqadigan kufr va jirkanch amallarni qilish orqali murojaat qiluvchidir. Bundan murod sehrgarga sehrda ularning yordam berishidir. Shuningdek, u g‘ayb haqida bilimga ega ekanligini ta’kidlaydi, sehr orqali odamlarni o‘limga olib boradi, sevishganlarni ajratadi, odamlarda yoqtirish yoki yoqtirmaslik hissini uyg‘otadi va odamlarning aql yo‘nalishini o‘zgartiradi.

Islom ulamolari sehrgar shak-shubhasiz, kofir bo‘ladi, degan hukmni o‘qishgan. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: «Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (“Baqara” surasi, 102-oyat).

Bugungi kunda ko‘plab gumroh kimsalarning sehrga aralashib yurganiga guvoh bo‘lasiz. Ular sehrni faqatgina harom deb o‘ylaydilar va uning kufr ekanligini his qilmaydilar. Bu hol ayniqsa, er-xotin orasidagi munosabatlarda – «issiq-sovuq» va shu kabi narsalarni qilishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular bu ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo‘lgan so‘zlarni qo‘llaydilar.

Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam «Yettita halok qiluvchi gunohlardan saqlaninglar», deb ulardan biri sehr ekanligini bayon qilganlar.

Firibgarning jazosi
Xo‘sh, tovlamachilik va firibgarlikning o‘ziga xos yo‘lini tanlagan bu kimsalarni qonuniy javobgarlikka tortish mumkinmi? Bu haqida huquqshunos Amrullo Ahmedov shunday deydi:

- Folbinlik, sehr-jodu bilan odamlarni aldash va aldov orqali kishilardan pul va shunga o‘xshash moddiy narsalarni ta’ma qilish firibgarlik yoki tovlamachilikka kiradi. Agar shaxs folbinlik yoxud sehr-jodu yo‘li bilan odamlarni aldab yurgan kimsalardan jabrlangani haqida tegishli huquqiy muassasalarga murojaat qilsa, folbinlik qilib yurgan tovlamachiga qonun doirasida chora ko‘riladi. Yetkazilgan zarar juda katta miqdorda bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka ham tortiladi.

Jumladan, tovlamachilikda ayblangan jinoyatchiga uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi, yoxud o‘ta xavfli retsividist yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan holatda o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, firibgarlik jinoyatida ayblanuvchiga esa eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud olti oygacha qamoq jazosi tayinlanadi. Basharti firibgarlik jinoyati o‘ta xavfli retsividist yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zda tutib sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud besh yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

So‘ngi so‘z o‘rnida
Mulohaza va munosabatlarni muxtasar qilish fursati yetdi. Biz nima demoqchi ekanimizni anglagandirsiz? Xulosa o‘zingizga havola. Ha, darvoqe, “Qalb ko‘zi ko‘r bo‘lsa, jism ko‘zining ko‘rishligi yetarli emas” degan ekan ahli donishlardan biri. Qalb ko‘zimiz xira tortmasin, azizlar...

Теги: Foydali

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *: