​ERKIN KOMILOV SPEKTAKLLARNI JONLI EFIRDA KO`RSATIShNI TAKLIF ETDI

O`zbekiston xalq artisti Erkin Komilov hozirgi kundagi o`zbek teatr san`atidagi ayrim kamchiliklar, dramaturgiya va rejissuradagi ko`zga tashlanayotgan muammolar haqida maqola yozdi. Maqola O`zAda e`lon qilindi.

Barcha soha kabi san`at ham o`z holicha taraqqiy eta olmaydi. Buning uchun ijodkorlarga, avvalo, e`tibor va rag`bat kerak. E`tibor ijod qilish uchun etarlicha sharoit yaratib berishni, rag`bat esa san`atkor mehnatini baholash, har bir asarga, har bir rolga fikr, munosabat bildirishni anglatadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida biz bu hayot haqiqatini yanada teran his qildik. 

Chindan ham tarixiy uchrashuv bo`ldi. Milliy madaniyatimiz, adabiyot va san`atimizni rivojlantirish bo`yicha bir-biriga daxldor shu sohalarning barcha yo`nalishi vakillari katta davrada jam bo`lib, fikrlashdi. G`oyat samimiy va ochiq muloqot bo`ldi. 

Davlatimiz rahbarining milliy teatr san`atini yanada rivojlantirish haqidagi fikrlarini tinglab, ham andak yuzim qizardi, ham ko`nglim tog`day ko`tarildi. 

Qarang, birgina joriy yilda mamlakatimizdagi mavjud 37 teatr faoliyatini ta`minlash uchun davlat byudjetidan 81 milliard so`mdan ortiq mablag` ajratilibdi. Bunga qo`shimcha ravishda barcha ijodiy tashkilot qatori har bir teatrga homiylar biriktirildi. "O`zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Teatr arboblari uyushmasini qayta tiklashga, yon qo`shnimiz «O`zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati O`zbek Milliy akademik drama teatriga yordam ko`rsatishga bel bog`labdi. Baraka topishsin. Hokimliklar o`z hududlaridagi teatrlar faoliyatini kuchaytirish uchun 1 milliard so`mdan mablag` ajratar ekan, ayni ijodiy kamolotga etgan, pensiya yoshidagi ijodkorlar ham nafaqasini, ham oyligini, ham qalam haqini to`liq oladigan bo`ldi – yana nima kerak bizga? Axir bugun manaman degan davlatlarda ham teatr san`ati o`z o`rnini shou-biznesga bo`shatib berayotgan pallada bularning bari O`zbekistonda sahna san`atidan katta umidlar qilinayotganini, amaliy natijalar kutilayotganini anglatadi. 

Ammo biz aktyorlar bunday g`amxo`rlikni qay darajada oqlay olyapmiz? Bu haqda har birimiz yaxshilab o`ylab ko`rishimiz kerak. Shundan beri ongimdan bir o`y ketmayapti: nima qilsak, sahna rostdan ham zaldan baland ekanini amalda isbotlay olamiz?.. 

Mustaqillik arafasida teatrlarimiz binosi eskirgan, maoshu qalam haqi keskin kamaygan edi. Bugun kulgili tuyular, lekin o`sha paytlar oddiy dekorasiya yasash ham katta muammo edi. Agar ozgina e`tiborsizlik bo`lsa, o`zbek teatri butunlay yo`qolib ketishi mumkin edi. Ming shukurki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bu fojiaga yo`l qo`ymadi, davlatimiz endi oyoqqa turayotgan o`ta og`ir pallada teatr san`atini izchil qo`llab-quvvatladi – o`zbek teatrining maqomi belgilandi, yangi teatrlar tashkil etildi, qator teatrlar uchun yangi binolar barpo etildi. 

Bozor iqtisodiyoti talabi ekan: odamlarni teatrga qaytarish uchun o`xshasa-o`xshamasa komediya tomoshalariga mukkasidan ketilgan paytlar ham bo`ldi. Bu ham o`z davrining zarurati edi, biroq yomoni, odamlar kulyapti, deb maishiy mavzularning ichidan chiqolmay qoldik, engil-elpi, bachkana, odamga ma`naviy oziq, estetik zavq bera olmaydigan tomoshalar sahnani egallab oldi. Mana, bugun xalqimizning turmush sharoiti o`nglanib, ong-tafakkur o`zgargan pallada endi ijodkor zimmasida faqat bir vazifa – yuksak saviyali asar yaratish qoldi. 

Bugun nima uchun tom ma`noda yuksak saviyali spektakllar kam? Buning asosiy sababi, avvalo, milliy dramaturgiyamiz va rejissuraning ancha kuchsizlanib qolganida. Afsuski, hozir etuk dramaturg va rejissyorlarimiz barmoq bilan sanarli. Ularning ko`pi negadir o`ziga munosib shogird tayyorlamagan. Bugun O`zbek Milliy akademik drama teatri bosh rejissyorsiz ishlayotganining o`zi ham bu muammo naqadar dolzarb ekanini anglatadi. 

Spektakllarda bugungi kun nafasi, odamlarni o`ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o`z aksini topishi jamiyatimizdagi illatlarga qarshi kurashishda juda muhim. Chunki xalq bu illatlarga murosasiz bo`lmas ekan, bunday muammolarning ildizi qurimaydi. 

Prezidentimiz zamonaviy qahramon obrazini yaratish masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqqanining sababi shu: san`at omma orqasidan ergashib ketmasligi kerak, aksincha xalqni buyuk maqsadlarga undashi zarur. 

Samarqandlik hamkasblarimiz bilan to`qqiz oy «Mirzo Ulug`bek» spektaklini o`ynadim. Bir-birimizdan ko`p narsalarni o`rgandik. Bu tajribani yanada kuchaytirish kerak. Aks holda hadeb bir sahnaga chiqadigan aktyor ijodiy qotib qolishi muqarrar. 

Bugun ko`plab yangi spektakllar yaratilyapti, lekin nima uchun mutaxassislarimiz, xalqimiz ularni atroflicha tahlil qilib, o`z munosabatini bildirmaydi? Teatr – harakatdagi jarayon. Ikki marta o`ynalgan spektakl hech qachon aynan takror bo`lmaydi. Har qanday sahna kamchiligini keyingisida tuzatish mumkin. Lekin buning uchun ijodkorga yangi fikr, doimiy munosabat zarur. 

Bu borada bir taklifim bor. Mana, bugun milliy telekanallarimiz uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilyapti: to`g`ridan-to`g`ri translyasiyalar ko`paymoqda. Shundan foydalanib, aziz hamkasblar, kelinglar, spektakllarni ham jonli efirda bir ko`rsataylik. Spektakldan so`ng o`sha sahnaning o`zida teatr mutaxassislari, tanqidchilar, ijodkorlar bilan sahna asarlarining tahlilini ham qilaylik. Qani endi imkoni bo`lsa, mamlakatimizning turli burchaklaridan oddiy odamlar ham shu loyihaga ulanib, deylik, teleradiokanalga qo`ng`iroq qilibmi yo ijtimoiy tarmoqlar orqali yozibmi, xullas, to`g`ridan-to`g`ri efirda spektakl haqida o`z fikrini ochiq aytsa: «hozirgina mana bu spektaklni tomosha qildim, menga mana bu jihati yoqdi, mana bunisi yoqmadi», desa, bularning barchasi ijodkorlarning xalq bilan muloqoti bo`ladi-ku! Eng muhimi, bu bilan fikr almashiladi, san`atkorlar yana ham o`z ustida ishlaydi, ijodiy o`zibo`larchilikka yo`l qo`yilmaydi. 

Hayotning shafqatsiz qoidalari bor: illatlarga qarshi murosasiz kurashadigan odam hammaga ham yoqavermaydi, unga qarshilik qilishga urinadiganlar, albatta, topiladi. Demak, qarama-qarshilik ritmi yuzaga keladi. Biroq haqiqiy inson illatlarga qarshi hech bo`lmaganda qalbida murosasiz kurashadi. Tomoshabin sahnada o`sha qahramonning fojiasida yo yutug`ida bo`lsin, o`zini ko`rsin, o`zini topsin. Zamon qahramoni insonga o`zini ayovsiz taftish etishni, qalbini poklashni eslatib turishi lozim. 

Yana bir muammo haqida ko`p yillardan beri gapiramiz: ayrim aktyor-aktrisalarimiz uchun teatr shunchaki xobbiga aylanib qolgan. Ular to`ydan, charlardan bo`shamaydi, yana ba`zida «nega menga unvon berilmayapti?», deb hayron bo`ladi. San`atkor uchun ijod qismat yo taqdirga aylansa, unvon ham, shon-shuhrat ham o`zi keladi. 

Prezidentimiz yuksak unvonlarning nufuzi va obro`sini saqlash lozimligi haqida so`z yuritar ekan, achchiq bir haqiqatni ta`kidladi: «ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san`at shafqatsiz o`ch oladi». Chindan ham shunday. Bugun, ayniqsa, yosh hamkasblarimiz bu hayot haqiqati mag`zini chaqishini istardim. «Repetisiyada ishlatilmagan pichoq sahnada qo`lni kesadi», der edi ustozlarimiz. Teatrda ishlayotganimga 51 yil bo`ldi. Shukur Burhonning qancha dakkisini eshitsam ham ustozim etagini qo`yib yubormaganman, lekin bugun ayrim yosh hamkasblarimizni ozgina tanqid qilsangiz, siz bilan hatto gaplashmay qo`yadi. 

Teatr aktyorlarimiz uchun tom ma`noda hayot mazmuniga aylanishida «ustoz-shogird» maktabini kuchaytirishimiz kerak. Yaqinda maxsus san`at o`quv markazi tashkil qildik. Ko`p iste`dodlarni kashf qilyapmiz. Ayni paytda faqat pul yo shon-shuhrat uchun aktyor-aktrisa bo`lishni xohlagan yoshlarimizga ham ko`p duch kelyapmiz. Yaqinda bir yigitcha keldi. Savol berdim: «Oxirgi marta qaysi pesa yo romanni o`qiding?». U aytdiki, «siz tushunmayapsiz, men aktyor bo`lmoqchiman, buning uchun kitob o`qish shart emas-ku». Yoki bir singlimiz keldi: chehrasi, qaddi-basti sahnaga ham, kinoga ham mos, ammo undan «Mirzo Ulug`bek haqida nima bilasiz?», deb so`rasam, yuzimga o`zga sayyoralik odamni ko`rayotganday angraydi. Tushuntirdim: «sahna chiroyli qosh-ko`zlar bilan emas, iste`dod, mehnat va bilim bilan zabt etiladi, singlim. Qachon kitob o`qishni o`rgansang, keyin kelarsan». 

Balki shu ukamiz yo singlimiz boshqa kasbda nom qozonar, el-yurtga foyda keltirar, lekin ularning albatta aktyor yo aktrisa bo`lishi shart emas-ku! Yoshlarimizga bu haqiqatlarni bugun aytmasak, qachon aytamiz?!. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidan katta kuch-quvvat oldik. Bu bizni ko`plab yangi g`oyalarga undamoqda. Endi vazifamiz – shu paytgacha san`atimizda yo`l qo`ygan xatolarimizni obdon tahlil qilib, istiqlol tufayli qadr topgan milliy sha`nimizni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash, milliy an`analarimiz va ezgu fazilatlarimizni kamol toptirish yo`lida qo`lni qo`lga berib ishlashdan iborat. Ishonamanki, shunda yuksak saviyali, o`zbek dramaturgiyasi va san`ati asrlarga etaklab o`tadigan spektakllar yaratiladi. O`shanda madaniyat sohasiga mas`ul bo`lgan rahbarlarimiz bu sahna asarlariga Prezidentimizni ham bemalol taklif qila oladi.




Источник: Даракчи.уз
Категория: Shou-Biznes | Просмотров: 79 | Добавил: PerFecT
«Uzbekona.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться