Eng innovatsion kompaniyalar ro'yxati e`lon qilindi

IFI Claims'ning yangi hisobotiga ko'ra, 2017 yilgi patentlar soni bo'yicha IBM - yetakchi. Yana bir yangilik — top-50 ro'yxatiga birinchi bo'lib Facebook kirdi, deb yozadi TechCrunch.

IBM 25 yildan buyon birinchi o'rinni egallab kelmoqda. O'tgan yili, IFI Claims ma`lumotlariga ko'ra, unga 9043 Amerika patenti berildi - bu 2016 yildagiga nisbatan mingtaga va eng yaqin raqibi — Samsung Electronics patentlaridan 3 mingtaga ko'pdir.

Eng innovatsion 10 kompaniya ro'yxatida shuningdek Canon, Intel, LG Electronics, Qualcomm, Google, Microsoft, Taiwan Semiconductor Manufacturing Co (TSMC) va Samsung Display nomlari qayd etildi. Agar Samsung'ning barcha sho'`ba va tobe` kompaniyalari hisobga olinsa (top-1000 ro'yxatiga uch shunday kompaniya kiradi), u patentlar soni bo'yicha IBM bilan deyarli tenglashadi. 

Shubhasiz, patentlar har doim ham kompaniya daromadiga ta`sir ko'rsatmaydi, zero barcha ilg'or texnologiyalar ham bozorga chiqish imkoniga ega emas. Masalan, dunyoning eng badavlat kompaniyalaridan biri hisoblangan Apple hatto ilk o'ntalikka ham kira olmagan, u 2229 patenti bilan 11-o'rinda qayd etilgan. Amazon esa 13-pog'onani egallagan.

Shuningdek, IFI Claims'da eng yaxshi patentlangan texnologiyalar har doim ham meynstrimga kirmasligi va venchur investorlar e`tiboriga sazovor bo'lavermasligi qayd etilgan.

Masalan, 2017 yilda patentlar sonining eng ko'p o'sishi elektron sigaretlar bozorida ro'y berdi - 45 foiz. Uning ketidan 3D-bosma kelgan bo'lib, u asosan General Electric tomonidan ilgari suriladi. Nihoyat, uchinchi o'rinda — sun`iy intellekt, mashina ta`limi va haydovchisiz transport vositalari. Yetakchi — IBM. Tezkorlik bilan o'sayotgan boshqa texnologiyalar orasida havo dronlari va "fudtex"larni qayd etish mumkin.

Eng ko'p patent ma`lumotlarni qayta ishlash va ularni uzatish sohasi bo'yicha berilgan — 49 mingga yaqin. Bu sohaga DT ham, uskunalar ham kiradi. Bu yerda ham IBM yetakchi hisoblanadi.

Qolgan toifalar raqamli ma`lumotlarni uzatish, yarimo'tkazgichlar, simsiz aloqa va grafik ma`lumotlarni uzatishni o'z ichiga olgan.


Источник: Кун.уз
Категория: Texno | Просмотров: 30 | Добавил: Admin | Теги: kompaniyalar, innovatsion, elon, qilindi, ro'yxati, ENG
«Uzbekona.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться