0

Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (1-qism)

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 17.07.2019
Shu yilning 13 aprelida Vazirlar Mahkamasining «Elektr energetika tarmog‘ida tarif siyosatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirishning yangi tartibi kuchga kiradi.

Maqolada, aynan shu kutilayotgan islohot to‘g‘risida fikrlashamiz.

Avvalo, bugungi kundagi elektr energiyasi tariflari to‘g‘risida. O‘zbekiston jahonda elektr energiyasini iste’molchiga yetkazib berish narxlari arzon (2,9 sent) mamlakatlar qatoriga kiradi (qiyoslash uchun, Germaniyada 33 sent, Yaponiyada 22 sent, Xitoyda 8 sent atrofida). Ammo uzoq muddat sun’iy ravishda energiya resurslarining nisbatan arzon tariflarini saqlab turish soha rivoji uchun ko‘plab zararli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Energiya ishlab chiqaruvchilari tizimli ravishda moliyaviy ziyon ko‘rib ishlaydi, mamlakatda energiya sarfi asossiz ravishda oshib boradi, subsidiyalar hisobiga davlat byudjetida teshik yuzaga keladi hamda energetika tarmog‘ini texnologik yangilash va modernizatsiya qilish juda qimmatga tushadi va deyarli imkonsiz vazifaga aylanib qoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev senatning 20-yalpi majlisida qilgan ma’ruzasida elektr energiyasi narxlarini liberallashtirish zaruriyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tgan edi.

Elektr energiya narxini liberallashtirish uning narxini davlat ishtirokisiz, erkin bozor munosabatlari asosida shakllanishini bildiradi. Ya’ni mahsulot ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar, avvalo o‘zining sarf-xarajatlari va bozordagi talab asosida narx belgilaydi. To‘g‘ri, bu boshidanoq talab-taklifning mukammal munosabatlari aks etgan mutlaq erkin bozor bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmaymiz.Chunki ma’lum muddat davomida barcha energiya ishlab chiqaruvchilarni birdek qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zaro muvofiqlashtirilgan tariflar o‘rnatilishi mumkin. Lekin maqsad faqat narxni oshirish bo‘lib qolmasligi va sohada sof raqobatga asoslangan erkin bozor munosabatlarini shakllantirish lozim.

Kutilayotgan islohot bizga nima beradi?

1. Sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb qilish
Elektr energetika sanoatining o‘ziga xosliklaridan biri shuki, u yirik hajmli kapital xarajatlarni (CAPEX) talab etadi. O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotini davlat tomonidan jilovlangan narxlarda sotishi oqibatida zarar ko‘rib ishlaydi. Tabiiyki, hech qaysi investor o‘z mablag‘ini bunday moliyaviy zarar keltiruvchi, istiqbolsiz loyihalarga tikmaydi. Shuningdek, Xalqaro valyuta fondi yoki jahon Banki kabi yirik xalqaro moliya tashkilotlari ham kreditlar ajratish uchun davlat rahbariyatidan muvozanatli byudjet shakllantirishni talab qiladi. Tizimli ravishda davlat subsidiyalari asosida faoliyat yurituvchi sektorlar mavjudligi aksariyat hollarda mamlakat nomutanosib byudjetga egaligini ko‘rsatadi.

2. Elektr energiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish
Narxlarning erkinlashtirilishi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarni iste’molchi uchun kurashishga, bozorda o‘z o‘rnini egallashga, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish orqali iste’molchiga yetkazib berilayotgan mahsulot narxini yanada tushirishga undaydi. Bozorda ko‘mir, tabiiy gaz, gidroenergiya, shamol va boshqa turdagi birlamchi energiya manbalaridan foydalanuvchi turli elektr stansiyalari orasida ham raqobat yuzaga keladi. Bu tarmoqda strukturaviy optimallashuvga olib keladi. Past samarali manbalar raqobatga dosh bera olmay asta-sekinlik bilan bozorni tark etadi.

3. Sohani modernizatsiya qilish va energiya ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash
Bozorda shakllangan raqobat muhiti tarmoqqa yangi texnologiyalarni jadal olib kirishga ham turtki beradi. Korxonalar modernizatsiya va qayta jihozlash orqali texnologik jarayonlar samaradorligini doimiy oshirishga intiladi.

4. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlanishi uchun sharoit yaratish
Bugun qayta tiklanuvchi energiyaga asoslangan texnologiyalar yuqori sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Business Insider ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi tadqiqotlar 2020 yildan boshlab quyosh panellari va shamol generatorlari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish uglevodorod xom ashyolaridan foydalanadigan an’anaviy texnologiyalardan arzonroqqa tusha boshlashini ko‘rsatmoqda. 2017 yilda Buyuk Britaniya tarixida ilk marotaba zamonaviy shamol turbinasidan ko‘mir yoqishga asoslangan IESlardagidan ko‘ra ikki baravar ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarildi. So‘nggi bir necha yil mobaynida AQShda barpo etilayotgan elektr energiya ishlab chiqarish manbalarining 95%i qayta tiklanuvchi energiyaga asoslangan texnologiyalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda quyosh va shamol asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyati yuqori ekani to‘g‘risida ko‘p aytilgan, aniq hisob-kitoblar ham mavjud. Lekin ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun ham elektr energiyasi bozorini erkinlashtirish zarur. Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan korxonalar an’anaviy ishlab chiqaruvchilar bilan raqobat qila olishi uchun erkin narxlar bozori zarur.

5. Energiya tejamkorligini oshirish va iqtisodiyotning energiyaga «bo‘kkanlik» (energy intensity) darajasini kamaytirish
O‘zbekiston jahonda iqtisodiyoti eng energiyaga «bo‘kkan» mamlakatlar qatoriga kiradi. Jahon bankining 2015 yilga oid ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 1 AQSh dollarilik mahsulot ishlab chiqarish yoki shu qiymatga baholanadigan xizmat ko‘rsatish uchun 9,99 MJ (megajoul) energiya sarf etiladi. Bu ko‘rsatkich qo‘shni Qozog‘istonda 7,9 MJ, Xitoyda 6,69 MJ, Yaponiyada 3,74 MJ, Ozarboyjonda 3,73 MJ, Germaniyada 3,60 MJ, Hongkongda 1,4 MJni tashkil qiladi. Kamroq energiya sarfi evaziga ko‘proq qiymat yaratish uchun ishlab chiqarish quvvatlari tejamkor texnologiyalarga o‘tkazilishi zarur. Buning uchun ham tarmoqda to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish lozim.

6. Elektr energiya ta’minotining uzluksizligi va to‘la qamroviga erishish
Elektr energiya bozorida erkin narx shakllanishi, tabiiyki, taklif o‘sishiga olib keladi. Elektr energiya ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar iste’molchilar talabini qondirish uchun yangi quvvatlarni ishga tushiradi, raqobatbardosh narxlarda energiya importini yo‘lga qo‘yishadi. Bu jarayonlar mamlakatda energiya tanqisligi muammosi yechimiga yo‘l ochadi.
Rahimberdi MAMAYuSUPOV.

Muallif haqida:
Rahimberdi Mamayusupov — Koreya Xalqaro Hamkorlik Tashkiloti (KOICA) va Aju Universiteti (Janubiy Koreya) hamkorligidagi davlat xizmatchilari uchun «Energetik Texnologiyalar va Siyosat» maxsus magistratura dasturi stipendiati, tadqiqotchi, menejment tizimlari bo‘yicha xalqaro auditor va texnik ekspert.

Теги: Yurtimizda