Регистрация
Меню сайта
Новости сайта
Статистика
0

E`tibor va Hosila Rahimova – sportchi, kurashchi, «shifokor» — otasining qizlari

Автор: Activeкатегория: Shou-Biznesдата: 26-Сентябрь-2016, 23:57

Sportchi, kurashchi, «shifokor» — otasining qizlari!

Bu galgi suhbat ishtirokchilari jo`shqin, izlanuvchan, mehnatsevar opa-singillar — O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimova hamda uning opasi va prodyusseri E`tibor Rahimova. Qahramonlarimiz bilan bolalik damlariga g`oyibona sayohat qilib, qiziq hangomalarning guvohi bo`ldik. 
 
— Opa-singillar orasida E`tibor opani qattiqqo`lroq deyishdi. To`g`rimi? 

Hosila Rahimova: — Ha, haqiqatan ham shunday. 

E`tibor Rahimova: — Bilmasam, o`zimni qattiqqo`l hisoblamas ekanman. 

H.R: — Oilada farzandlari, yaqinlariga nisbatan qattiqqo`llik qilmaydi-yu, lekin ish masalasida juda talabchan.

— Opangizning ta`rifini eshitib, Hosila Rahimovadan ham o`tadigani bor ekan-da, degandik. 

H.R: —  Oilada eng yuvoshi menman (kulib). Opalarimning mendan o`tadigan shadoddligi bor. Onam «Agar sizlar san`atkor bo`lganingizdami, chunonam ijod qilardingizki», deydi doim. 

E.R: — Hosila opa-singillar ichida eng og`ir-bosig`i. 

H.R: — Opalarimning chayirligi, uddaburonligiga tan beraman. 

— Oilada to`rt qiz va ikki o`g`ilsizlar-a?

H.R: — Ha, ikki opam, bir singlim va ikki ukam bor. 

— Shifokorlar oilasida ulg`aygansizlar. Tibbiyotdan xabardor bo`lsangiz kerak.

E.R: — Albatta. Qanday savolingiz bo`lsa aytavering (kuladi). Otam shifokor bo`lgani uchun oilaviy suhbatlarimiz ham asosan kasalliklar muolajasi haqida bo`lardi.  

H.R: — Bemorlar uyimizga ham kelishardi. Otamga yordam berib, shprislarni qaynatib berardik. U paytlari bir martalik shprislar bo`lmasdi-da. Tibbiy asbob-anjomlar qaynatilib ishlatilardi.  

E.R: — Otam ozodalikka juda talabchan edi. Shifoxonalarda tozalikka qanday e`tibor berilsa, uyda ham xuddi shunday bo`lishiga harakat qilardik. Padarimizning ishlarini kuzatib, qaysi kasallikda qanday ukol qilinishini o`rganib olganmiz. 

H.R: — Yodingizdami, shprislarga dorini biz tortib berardik. Masalan, glyukoza o`ntalik shprisga...

E.R: — Askorbinka ikkitalik shprisga tortilardi. 

— Demak shifokor bo`lganlaringizda, bu kasbni bemalol eplagan bo`larkansiz?

H.R: — Katta opamiz shifokor. Dadamning ishlarini davom ettirayapti. Oilamizda kasb tanlashga erkinlik berilgan. Hech qachon istagimizga qarshi chiqishmagan. Qaysi sohani tanlasangiz ham, albatta, o`qing, derdi otam. Opa-ukalar orasida birimiz shifokor, birimiz sportchi. E`tibor opamni nazarda tutayapman, jismoniy tarbiya institutini tamomlagan, men san`at yo`lidan ketdim. Ukalarimdan biri ham san`at sohasini tanladi. Xullas, barchamiz turli kasblarda faoliyat yuritamiz. 

— E`tibor opa, qishloqdan chiqqan birinchi sportchi qiz bo`lganingiz rostmi? 

E.R: — Ha, chindan ham qizlar orasida Surxondaryo viloyatidan birinchi bo`lib men jismoniy tarbiya institutiga o`qishga kirganman. Engil atletika sport turi bilan shug`ullanardim.

— Xo`sh, keyin-chi, o`qishni tamomlab, sportni davom ettirdingizmi?

E.R: — Bir necha yillar davomida o`z soham bilan shug`ullandim. So`ng turmushga chiqdim, farzandlarim tug`ildi.

Hozir  san`atkorlarga «murabbiylik» qilayapman. Xususan, singlim Hosilaga! Ularni ham bii-i-ir yugurtiray dedim-da (kuladi).

— Bolaligingizni eslaganingizda nimalar ko`z oldingizda jonlanadi?

E.R: — Eh-he juda ko`p narsalar... Bahorda mahallamiz bolalar bilan chillak o`ynaganlarimizni esladim. 

— O`ylanib qoldingiz, Hosila opa?

H.R: — Qiz bola bo`lsak ham, o`g`il bolalar bilan teppa-teng har xil o`yinlarni o`ynardik. Ko`klamga tayyorgarlik boshqacha bo`lardi. Har Navro`zga, albatta, yangi ko`ylak tiktirardik. 

E.R: — Dadam barchamizni tikuvchiga olib borib, «Qizlarimga yangi ko`ylak tikib bering», derdi. Matosini ham o`zi tanlardi. Xon atlas, sarg`ali atlaslar bo`lardi. 

— Libos bichimi turlicha bo`larmidi? 

E.R: — Katta opam ko`proq odmiroq bichimni yoqtirardi. 

H.R: — Qora gulli atlasni tanlardi nuqul. Menga old tarafiga pirpirak qilingani tushardi. Dadam tikuvchiga atay ayttirardi, shunday tiking deb.  

E.R: — Uyimiz oldida katta istirohat bog`i bo`lardi. Navro`z bayramini ana shu bog`da nishonlardik. Yam-yashil o`t-o`lanlar ustida gilam to`shab, o`tirib olardik-da, tomoshani kuzatardik. 

H.R: — Maktabga chiqqach, bayram uchun sahna ko`rinishlarida ishtirok eta boshladik. 

E.R: — Men ko`pincha boshlovchi bo`lardim (kuladi). Hosila qo`shiq kuylardi.

— Bolalikda ham ot minarmidingiz, Hosila opa?

H.R: — Qishloqdan o`sgan qizman-ku, ot minishga kichikligimdan qiziqqanman. 

E.R: — Hosila 7-8 sinflarida «Navnihol» ansambliga qatnashardi. Hosila qani desak, guruhi bilan biror tadbir yoki repetisiyaga ketgan, deyishardi. «Uyni ishlarini qilmay ketdimi yana», deb jaxlimiz chiqardi bizni (kuladi). 

H.R: — Meni urardingiz-a, E`tibor opa.

— Yo`g`-ey?

E.R: — Aytilgan ishni qilmay ketib qolarding-da, shunga urishardim. Buni bitta odati bor edi, jini suysa qilardi, suymasa dakki eshitsa ham, o`z bilganini ma`qullab turaverardi. Onam bizni avaylab tandirga kiritmasdi. «Qizlarim Toshkentda o`qiyapti, terisi kuymasin», derdi-da. Hosilaga esa non yopdirardi. Kelishimizga, ayniqsa, kulcha-yu nonlarni taxt qilib qo`yardi. Lekin shu ishni ham ilhomi kelsa, qilardi, bo`lmasa yo`q. Biror ishni «qilmayman» dedimi, tamom aytganidek bo`lardi. Shuni deb kaltak erdi-da. Ammo shunda ham tavba qilmasdi. Dasturxon boshida o`tirganimizda yig`lab-yig`lab ovqatlanardi. 

H.R: — Dasturxondan xafa bo`lib turib ketish mumkin emasdi. Dadam yoqtirmasdi buni. Yig`lasam ham hamma qatori o`tirarardim. 

E.R: — Keyin Toshkentga keldi, «Marxabo talantlar» tanlovida qatnashib, birinchi o`rinni oldi. 

— Opalaringizning tanbehlaridan rosa achchiqlangandirsiz, Hosila opa?

H.R: — O`sha kezlari jahlim chiqardi. Bola bo`lganman-da. Hozir, mana, kulib eslaymiz. 

— Qo`shiqlaringizga ishlangan kliplarda kurash tushganingizni ko`ramiz. Hayotda ham kurash tushganmisiz?

H.R: — Opam sportga qiziqqanlari uchun biz ham ularga qarab mashqlarni o`rganardik. Kurash ham tushganman, ot choptirganman, hatto mashina ta`mirlashni ham bilamiz. Barini otam o`rgatgan. Qiz bola har ishni qila olishi kerak, derdi u kishi. Qishlog`imizdagi katta ko`lga olib borib, suzishni o`rgatardi. 

E.R: — Rahmatli dadam bizni o`ta irodali qilib tarbiyalagan ekan. Shu yoshga kirib, buni endi anglayapman. Oilamizdagi qizlarning bari irodali, kuchli ayollar. Qiyinchiliklarga sira bukilmaymiz, bir ilojini topib engib o`tamiz. Beshinchi sinfga o`tganimda dadam menga mashina haydashni o`rgatdi. Hosila ettinchi sinfida rulga o`tirgan. Otam ishga ketgunicha avtomobilning yog`larini almashtirib, suvlarini quyib, tayyorlab qo`yardik. 

— Bir necha yillardan buyon singlingizga prodyusserlik qilasiz. Dastavval bu fikr kimdan chiqqan?

H.R: — Opamning talabchanligi, o`z ishiga mas`uliyat bilan yondashishini bilganim uchun ham birga ishlashni taklif qilganman. Bilasiz, bugun san`atda ishonchli odamni topish qiyin. Sen uchun astoydil jon kuydiradigani, qayg`uradigani kam. Birga ishlayotganimizdan beri hozir ikkinchi konsertga tayyorgarlik ko`rayapmiz. Shou-biznesdan yiroq inson bo`lsa-da, tez fursatda barcha sir-asrorlarini o`rganib oldi. Prodyusserlik ham oson ish emas. O`ziga yarasha mashaqqati bor. 

— Opangiz yoningizda ekanidan xotirjammisiz?

H.R: — Albatta. Konsertga tayyorgarlik vaqti hali u, hali bu muammo deb diqqatimni chalg`itganlar ko`p bo`lgan ilgari. Opam bo`lsa, meni ayab, tashkiliy ishlarning barchasini o`z zimmasiga olgan. 

— Ijod borasida-chi, fikr almashasizmi?

H.R: — Tanlagan qo`shiqlarimni eshittiraman. Oilamiz folklor yo`nalishini yaxshi ko`radi. E`tibor opam ashulamni tinglab, fikrlari bilan o`rtoqlashadi. Ko`proq xalqona qo`shiqlar kuyla, deydi. 

E.R: — Safarlarga chiqqanimizda yo`l-yo`lakay suhbatlashib ketamiz, biror qo`shiq g`oyasini muhokama qilamiz. 

— Xuddi bolaligingizdagi kabi singlingizga hozir ham dakki berib turasizmi, E`tibor opa?

E.R: — Ish masalasida bo`lsa, tanbeh berishim mumkin. Lekin jiddiy aytishib qolmaymiz. 

— Hosila opa, yuqorida aytganingizdek, ijodingizda ko`proq folklor qo`shiqlarga e`tibor berasiz. Doim bu yo`nalishda kuylash qiyin emasmi?

H.R: — Atrofimda hamfikr insonlarim bor. Har bir ishimni bamaslahat amalga oshiraman. To`g`ri, yangilik qilish qiyinroq. Odamlar orasida yurib, hayotlari, unut bo`lib borayotgan urf-odatlarni kuzatamiz. 

— Surxondaryodagi to`ylar sizning kelishingizga qarab belgilanar ekan. 

H.R: — O`zimizdan chiqqan qiz deb siylashadi. Nafaqat Surxondaryo, vodiy tomonlarda ham kelishingizga qarab to`y kunini belgilaymiz, deyishadi. Albatta, bu kabi e`tibordan boshim ko`kka etadi. 

— Sizni poytaxtdagi to`ylarda kam ko`ramiz. Viloyatlarda talab ko`proq, menimcha?

H.R: — Shaharda ham bo`laman. Ammo ko`proq viloyatlarda safardaman. Taklif qilishsa, rad etolmayman. 

— Ukangiz Abdumannon ham qo`shiq kuylayotgandi. Negadir, so`nggi vaqtlarda ko`rinmaydi?

H.R: — Adbumannon yangi qo`shiqlar ustida ishlayapti. Surxondaryoda o`z muxlislariga ega. Oilamiz kenjasi bo`lgani uchun ota hovlimizda qolgan. Shunga ham poytaxtga kamroq keladi. 

E.R: — Ukamiz ijoddan chetlashgani yo`q. Hozir musiqiy albom ustida ishlayapti. Tayyor bo`lishi bilan muxlislar e`tiboriga havola etadi. 

— Faqat Abdumannon bilan duet kuyladingiz. Nega boshqa san`atkorlar bilan hamkorlik qilmaysiz?

H.R: — Konsertda kuyovim Bahriddin Zuhriddinov bilan ham kuyladim-ku! Yangi yil bayrami tadbirlarida Mavluda Asalxo`jaeva, Jahongir Poziljonov bilan ham duet ijro etdik. 

— Ular loyiha edi. Mualliflik qo`shiqlaringizni so`rayapman.

H.R: — Ilgari duetlar masalasida injiqroq edim. Abdumannon bilan kuylaganimdan so`ng fikrim o`zgardi. Nasib qilsa, yana yangi duet qo`shiqlar bo`ladi. 

— Turmush o`rtog`ingiz san`atdan yiroq inson. Lekin bir-biringizni tushunishingizni ko`p ta`kidlaysiz. Baxtli turmush siri ham shu bo`lsa kerak?

H.R: — Yonidagi baxtni his qila olgan inson chinakamiga baxtli bo`ladi.  Buning uchun esa hurmat, o`zaro ishonch va bir-birini tushunish, tinglashni bilish kerak.

— Aytishlaricha, avval kelinlik vazifasini do`ndirib, keyin ijodni boshlagan ekansiz?

H.R: — O`zimni-o`zim maqtamayman-u, ammo turmushga chiqib, bor e`tiborimni oilamga qaratdim. Qizlarim tug`ilgach, keyin ijodni boshladim.

— Tarbiya masalasida talabchanmisiz?

H.R: — Farzandlarim tarbiyasida otamning pand-nasihatlarini ko`p yodga olaman. Qizlarimga, turmushga chiqdingmi, yoringni taqdiring deb bil, deyman. Uy ishlarida ham talabchanligim bor. O`g`limga kelsak, hozircha kichik deb indamayapman. Shunga ham salgina erkaligi bor. Qizlarimga, o`zga uyga bordingmi, u sening umrbod uying. Bu erda mehmonsan, biror nima bo`lsa, onam bag`rini ochib kutib oladi deb o`ylamanglar, deya singdirib kelganman. Bu uzatdim, bo`ldi endi sen bilan ishim yo`q, degani emas. Kezi kelganida oilasi chiroyli, baxti butun bo`lishi uchun maslahatimni, ko`magimni ayamayman. Qizlarimga odamlarni bor kamchiligi bilan yaxshi ko`rish kerak, har narsaga ijobiy ko`z bilan qarashni o`rganing, deyman. Yomon desangiz, yomon bo`lib boraveradi. 

— Oxirgi suhbatimizda qizlarim menga yoqmaydigan yigitni tanlashmaydi, degandingiz. Eslaysizmi? Kuyov tanlovi tasodifmi yo?

H.R: — Taqdir bu! Bahriddinni kuyov bo`lguniga qadar san`atkor sifatida tanirdim. Bir kuni mendan disk olishi kerak bo`lib, uyimizga keldi. Shunda qizimni ko`rib, yoqtirib qolibdi. Sovchilarini ko`rib, hayron qolgandim. Kutmagandim-da. Qizimning oldidan o`tib, rozi bo`ldik. Shukr, baxtini ko`rib, quvonib o`tiribman. Qudalarim ham ziyoli kishilar. Kuyovim ham tilla! Uyim-joyim deydigan, yaxshi oilada tarbiya ko`rgan, e`tiborli yigit. 

— To`y kuni yig`ladingiz-a?

H.R: — Hammaning oldida yig`laganim yo`g`-u, kelin-kuyovni kuzatganimizdan so`ng ko`zlarimga yosh keldi. 

E.R: — O`sha kuni Hosilaning ko`zlari yoshga to`la edi-yu, biroq hech kimga bildirmadi. Hayajonini yashirish uchun hali unga, hali bunga yugurardi. 

H.R: — Yoshi katta insonlar aytishdi, qizingiz uy bo`sag`asidan chiqqunicha o`kinib yig`lamang, chin yurakdan qo`yib yuborolmaysiz. Chin dildan baxtini tilang! Shunga ham o`zimni ushlab turdim. 

Dildora Yusufbekova suhbatlashdi.

Manba: Darakchi.uz

Теги: Etibor va Hosila Rahimova – sportch, «shifokor» — otasining qizlari, kurashchi

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *:

Популярные теги