0

Chiroyli xulq va yaxshi qo‘shnichilik umrni uzaytiradi

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Foydali maslahatlarдата: 23.05.2019
Xalqimizda, “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi”, degan ajoyib naql bor. Chunki yaxshi-yomon kunda insonga birinchi yordamchi qo‘shni bo‘ladi. Kishining qo‘shniga qilgan yaxshi muomala, munosabati eng avval o‘ziga qilgan yaxshiligidir. Zero, oradagi yaxshi munosabatlar keyingi xayrlarga, mehr-oqibatga sabab bo‘ladi. Buning natijasida mahallada, jamiyatda inoqlik, ahillik hukm suradi. Aynan shu sabab ham dinimiz doim insonlarga qo‘shnichilik haqlarini anglatib, ularga amal qilishga chaqiradi.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Mo‘min kishi o‘zi to‘q bo‘la turib qo‘shnisini och qo‘ymaydi” (Imom Ahmad rivoyati). Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan bir hadisi sharifda aytiladi: "Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnilariga aziyat yetkazmasin, kim Allohga va oxiratga imon keltirgan bo‘lsa, musofirga izzat-ikrom ko‘rsatsin, kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, yaxshi so‘z so‘zlasin yoki jim tursin".

Eng go‘zal qo‘shnichilik namunalarini ham ikki olam sarvari Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatganlar. U zot o‘zlariga dushmanlik nazari bilan qarab, har kuni aziyat berish maqsadida yo‘llariga eng chirkin narsalarni tashlagan qo‘shni kampirga ham doimo yaxshi muomalada bo‘lganlar. Hatto bir kuni yo‘llariga chiqindi tashlanmaganini ko‘rib, ayolning holidan xabar oladilar, kasalligini bilib taom yo‘llaydilar. Islom dinining bu go‘zal ibratni ko‘rgan ayolning dilidagi kin-adovat barham topadi, kalimai shahodatni aytib, muslima bo‘ladi... Bu qo‘shniga qilingan go‘zal muomalaning oqibati, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning qo‘shnichilik haqlariga yuksak darajada amal qilganlarining natijasi edi.

Xalqimizning eng go‘zal an’analari, ming yillar davomida shakllangan mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnichilik an’analari ana shu go‘zal ta’limot asosida yuzaga kelgan. Bugun to‘y boshlarkanmiz avval qo‘shnilarimizni boxabar qilamiz, ularning yordamiga suyanamiz. Mahzun kunlarimizda ham avvalo qo‘shnilar bir-birining holidan xabar olib, quvvat-madad bo‘ladi.

Xalqimizda kattalar azal-azaldan yaxshi qo‘ni-qo‘shnichilik udumini farzandlarga o‘rgatib, o‘zlari bu ishda ibrat bo‘lgan. Asrlar davomida shakllangan mahalla-ko‘ychilik ham aslida ana shu tamoyillar asosida yuzaga kelgan.

Qo‘shnichilikning xalqimiz azaldan amal qilib kelgan qoidalari borki, ular ham yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukm surishiga xizmat qiladi.

Alhamdulillah, yurtimiz tinch. Buning bir sababi qo‘shnichilik haqlariga rioya etib, bir bolaga yetti qo‘ni-qo‘shni ota-ona, degan azaliy an’anaga amal qilayotganganimizdir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda ham buni ta’kidlaydilar: "Qarindoshlikni bog‘lash, chiroyli xulq va yaxshi qo‘shnichilik yurtlarni obod, umrni uzoq qiladi" (Imom Ahmad rivoyati).

Теги: Foydali