Bekobodning 2035 yilgacha mo'ljallangan bosh rejasi: Shahar qanday ko'rinishda bo'ladi?


18 avgust kuni Bekobod shahriga tashrif buyurgan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaharning 2035 yilgacha mo'ljallangan bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

Loyihaga ko'ra, shahar maydoni 2900 gektardan 3400 gektargacha kengayadi (aholi soni bu vaqt ichida 90 mingdan 110 ming kishiga yetadi). Davlat rahbari bu loyiha bo'yicha o'z taklif va qo'shimchalarini bildirgan. Bu yashillashtirish, yangi uylar va savdo markazlari qurish bilan bog'liq.

Shaharda yangi mavzelar quriladi, ko'p qavatli uylar qad rostlaydi. 

Loyihada, jumladan, «O'zbekiston metallurgiya kombinati» hamda «Bekobod sement zavodi» ishchilari uchun arzon uy-joylar qurish ko'zda tutilgan.

Prezident mazkur uy-joylar atrofida bog' va aholiga ijtimoiy xizmat ko'rsatish ob`yektlarini barpo etish — mo'`jaz shaharcha barpo etish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Shaharchani tez va qisqa fursatlarda bunyod etish kerakligini ta`kidlab, unga «Mustaqillikning 27 yilligi massivi» deb nom berishni taklif qildi.

Bekobod shahrida joriy yilda har biri 42 xonadonga mo'ljallangan yetti qavatli ikkita uy qurilmoqda. 2018 yilda xuddi shunday yana 10 ko'p qavatli uy-joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Shahar markaziy shifoxonasi binosi 1964 yilda qurilgan, bugungi kunda ta`mirtalab bo'lib qolgan. 2017-2018 yillarda bu yerda 12 milliard so'mlikdan ortiq qurilish va rekonstruksiya ishlari bajariladi. Bir million dollarlik tibbiy jihozlar keltirilishi ko'zda tutilmoqda. 

Aholiga yanada keng qulaylik yaratish maqsadida Toshkent – Bekobod yo'nalishida elektrichka qatnovini yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriq berildi. 

Shuningdek, prezident Bekobod shahri rahbariyatiga Olmaliq bilan aholiga qulay sharoitlar yaratish borasida musobaqalashishni taklif etgan.

«Yaqinda Olmaliq shahrida bo'ldik. Olmaliq va Bekobod metallurglar shahri hisoblanadi. Ular Toshkent viloyatining sanoati rivojlangan hududlaridan. Shunday ekan, ikkala shaharni ham birdek rivojlantirishimiz, bu yerda yashayotgan aholini rozi qilishimiz kerak. Bu borada ikki shahar o'rtasida rivojlanish musobaqasi e`lon qilamiz. 2017 yilning 1 sentabridan 2018 yilning shu davrigacha ikkala shaharning rivojlanish tendensiyalarini kuzatib boramiz. Bu ikki metallurgiya kombinati o'rtasida emas, shaharlar o'rtasidagi sog'lom raqobat bo'ladi. Bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlar inobatga olinadi. Yangi korxona ishga tushadimi, yangi ish o'rni yaratiladimi, barchasini e`tiborga olib boramiz. Bu kabi sog'lom raqobat ikki shaharning jadal rivojlanishida muhim rol o'ynaydi», —  degan davlat rahbari.


Источник: Кун.уз
Категория: Uzb News | Просмотров: 73 | Добавил: PerFecT
«Uzbekona.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться