0

Barkamol hayot va baxtli odamning 10 ta qoidasi

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Foydali maslahatlarдата: 26.06.2019
Yashashimizga ko‘pincha psixologik to‘siqlar, yolg‘on fikrlar va ongning torligi xalaqit beradi. Chiqish yo‘li bo‘lmagan aylanadan chiqish uchun ko‘pchilik mumtoz asarlar, ilmiy-ommabop va diniy nashrlarni o‘qiydi. Mashhur psixolog Mixail Yefimovich Litvak o‘z kitobida baxtli va sog‘lom hayot yo‘lidagi to‘siqlar borasidagi asosiy fikrlarni ochib beradi.

Biz ulardan 10 tasini tanlab oldik, uni bo‘sh vaqtingizda, yo‘lda o‘ylab ko‘rishingiz mumkin.

10. Baxt – to‘g‘ri tashkillashtirilgan hayotning qo‘shimcha effekti
Baxt, quvonch va muvaffaqiyat psixiatr Viktor Frankl aytib o‘tganidek, yaxshi tashkillashtirilgan faoliyatning ikkilamchi mahsuloti. Ya’ni ana shu hislarni beradigan faoliyat.

Yuqoridagi «qo‘shimcha mahsulotlar»ga erishishni maqsad qilgan odam ularga gorizont chizig‘i kabi harakatlanadi: u orzularga qanchalik yaqin kelsa, shunchalik ulardan uzoqlashadi.

9. Bir kishi bilan muloqot qilganda u ham o‘zi haqida yaxshi fikrda ekanini unutmang. Xuddi siz kabi.
Siz bilan muloqot qilayotgan kishi ham xuddi siz kabi – shaxs ekanini hech qachon unutmaslik kerak. Unda ham narsalarga nisbatan shaxsiy fikrlar bo‘lib, bunga sabablar ham mavjud.
Shaxsiy hurmat haqida unutmaslik va uning chegaralarini buzmaslik kerak.

8. Agar hech narsa qilmasangiz, sizga qanday yordam berish mumkin? Faqat harakatlanayotgan avtomobilnigina boshqarish mumkin
Odamni eng avvalo uning xatti-harakatlari belgilaydi. Hammaga kitob yozish istagi haqida gapirib, hech qanday harakat qilmasangiz, sizga hech kim yordam bermaydi. Aslida ham sizga qanday yordam berish mumkin?

Bir qarorga kelib, nusxani nashriyotga olib borganingizda esa sizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor do‘stlar va tanishlar albatta topiladi.


7. Muvaffaqiyatli kishiga aylaning, barcha haqoratlar sehrli tarzda yo‘qoladi
Ko‘plab haqoratlar ichki amalga oshmaganlik hissi tufayli shakllanadi. Ba’zida ginani ichda saqlaymiz va unga sabab bo‘lgan kishigina vaziyatni to‘g‘rilashi mumkin deb hisoblaymiz. Biroq mexanizm o‘zgacha ishlaydi. Mixail Litvakning o‘quvchisi shunday degandi: «Muvaffaqiyatlarim ginalarimni soyada qoldirdi». Bu albatta to‘g‘ri. Sizga yoqqan ish bilan shug‘ullanishni boshlang va ana shu sohada muvaffaqiyatga erishing. Barcha haqoratlar o‘z-o‘zidan erib bitishini o‘zingiz ham sezmay qolasiz.

6. Asosiy dushmaningiz kim ekanini bilishni istaysizmi? Ko‘zguga qarang!
Ko‘pchilik begona dushmanlarga qarshi kurashadi. Aslida esa shaxsiy dushmanlarga qarshi kurashish lozim. O‘zimizning yagona va bosh dushmanimiz – ichimizda. Falokatlarning cheksiz aylanasidan chiqish o‘sish va rivojlanishimizga xalaqit qiluvchi ichki to‘siqlarsiz amalga oshmaydi.

Biz jamiyat, ta’lim va tarbiya yaratgan qat’iy chegaralar ichidamiz. Ularni o‘z mohiyatimiz deb qabul qilamiz va ularga ichki quvvatimizning ko‘p qismini beramiz. Zamonaviy psixologiya unga qarshi kurashga yo‘naltirilgan.

Ular bilan yuzma-yuz uchrashish va ular ustidan g‘oliblikka erishishga tayyor bo‘lganingizda bu dunyoda boshqa dushmanlaringiz qolmaydi.

5. To‘g‘ri emas, haq yo‘lni izlang. Chunki to‘g‘ri yo‘l har doim ham haqiqiy emas
Tasavvur qilaylik, 30-qavatdasiz, pastga tushishingiz kerak. Eng to‘g‘ri yo‘l – deraza orqali. Biroq bu bilan sayohatingiz tugashi mumkin. Eng haq qaror liftni yoki hech bo‘lmaganda zinani izlash bo‘ladi.

Bundan tashqari, haq yo‘l o‘rniga to‘g‘ri yo‘lni izlaydigan kishi oynaga o‘zini uradigan, qo‘shni eshikdan uchib chiqish ancha tez bo‘lishiga aqli yetmaydigan pashshaga o‘xshaydi deb tasavvur qilish mumkin.


4. Odamda maqsad bo‘lmasa, u hech narsani ko‘rmaydi. Aks fikr ham to‘g‘ri: maqsad nigohni o‘tkirlashtiradi
Hech sezganmisiz: buvingiz gul ekish uchun gul tuvaklarini keltirishni so‘raganida uni qurilish do‘koni, bozordagi sotuvchilarning qo‘li – hamma joyda payqashni boshlaysiz. Hatto endilikda u sizga kerak bo‘lmasa ham sabzavot do‘konidagi taxta yashiklar omborxonasida ham ularni izlayotganingizni sezasiz.

Global maqsadlar bilan ham xuddi shunday. E’tiboringiz – cheklangan narsa, siz faqat o‘zingizga kerak narsalargagina e’tibor berasiz.

3. Biror kimsaga nimanidir isbotlamoqchi bo‘lsangiz, bu uning uchun yashayotganingizni anglatadi
Agar baxtli bo‘lishni istasangiz, haqligingizni isbotlashni bas qiling. Har qanday isbotning mohiyati haqida o‘ylang: bu o‘zga kishiga murojaat, uning muayyan narsa haqidagi fikrini o‘zgartirishga intilish. Biroq bu sizga nima uchun kerak? Bundan chiqdi, uning fikri siznikiga qaraganda yuz marta muhimroq ekan. O‘zingiz uchun yashasangiz, hech kimga hech narsani isbotlashning ma’nisi yo‘q.

2. Yolg‘izlikni yoqtirish va uni yaxshi o‘tkazish – ma’naviy barkamollik ko‘rsatkichi. Eng yaxshi ishlarni yolg‘iz qolganimizda amalga oshiramiz
O‘z-o‘zini yoqtirmagan odamgina yolg‘izlikni yaxshi ko‘rmaydi. U jamiyatga kiradi va bari boshqacha bo‘ladi deb o‘ylaydi. Ma’naviy barkamol inson esa yolg‘izlikni shaxsiy rivojlanish uchun sarflaydi va o‘zga inson bilan muloqot vaqtida unga sovg‘a qilish mumkin bo‘lgan axborotni to‘playdi. Axir muloqotning muhim qismi – nafaqat olish, balki o‘zga odamga uning uchun qiziq bo‘lgan narsani berish hamdir. Mixail Litvakning kitoblarini yoqtirgan kishilarga muallif shunday savol beradi: «Nima deb o‘ylaysiz, kitobni yozayotganimda atrofimda qancha odam bo‘lgan?»


1. Baxt ISTAYMAN, QO‘LIMDAN KELADI va BAJARIShIM ZARUR bitta ma’noga ega bo‘lishida
Ko‘pincha odam ana shu uch yo‘nalish sabab ikkilanish holatiga tushadi, bajarishim kerak, ammo istamayman, istayman, biroq qo‘limdan kelmaydi va h.k. Inson bajarishi lozim bo‘lgan narsa – bu o‘z-o‘zini rivojlantirish, qolgani ikkinchi darajali. Mixail Litvak ana shu uch yo‘nalish bo‘yicha ro‘yxat tuzish va shu tariqa qadriyatlar tizimini tartibga solishni tavsiya etadi.

Siz ham psixologning fikrlariga qo‘shilasizmi? Uning maslahatlari orasida sizni o‘ylantirgan jihatlar bormi?

Теги: Foydali