Регистрация
Меню сайта
Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 84
Статистика

Всего на сайте: 17
Гостей: 17
Пользователи: 0

19:48
2019 yilda aholini ish bilan ta’minlashga doir muhim qaror imzolanish arafasida
Nomativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “2019 yilda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish Davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori joylashtirildi.

Qarorda keltirilishicha, yangi tashkil etilgan barqaror ish o‘rinlari sonining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi mehnat bozorida muvozanatni buzilishiga, respublikaning ayrim mintaqalarida ishsizlik darajasining oshib ketishiga, noqonuniy mehnat migratsiyasi va norasmiy bandlikning o‘sishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, tashkil etilgan ish o‘rinlarining hisobini yuritishda va haqqoniyligini ta’minlash masalalarida joylarda mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va javobgarlik mexanizmlaridan yaxshi foydalanilmayapti.

Qaror bilan quyidagilar 2019 yilda aholi bandligiga ko‘maklashishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanishi ko‘zda tutilmoqda:

birinchi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish va o‘tgan yillardan o‘tib kelayotgan loyihalarni yakunlash hisobiga yirik loyihalar (xo‘jalik boshqaruv organlari) 55,7 ming va kichik loyihalarda (mahalliy loyihalar, o‘z mablag‘i hisobiga kredit olmasdan) 81,2 mingdan kam bo‘lmagan doimiy ish o‘rinlarini tashkil etish;

ikkinchi, bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan ob’ektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish hisobiga 23,7 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil etish;

uchinchi, davlat-xususiy sherikchilik asosida ijtimoiy soha ob’ektlarini (ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, jismoniy tarbiya, sport va boshqalar) tashkil etish hisobiga 23,7 ming ish o‘rinlarini tashkil etish;

to‘rtinchi, hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga 37,3 ming ish o‘rinlarini tashkil etish;

beshinchi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholini o‘z-o‘zini band qilishni rag‘batlantirish, tijorat banklari va boshqa maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan “Har bir oila – tadbirkor” va boshqa dasturlar doirasida kreditlar berish orqali 191,5 ming ish o‘rinlari tashkil etish;

oltinchi, uy-joy qurilishi, obodonlashtirish, infratuzilma ob’ektlari, mavsumiy va vaqtinchalik ishlar, ayniqsa “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida 63,0 ming aholini vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda bandligini ta’minlash;

yettinchi, 110,2 ming nafar fuqaroni mavjud ish o‘rinlariga, 85,5 ming nafarini kvota va tabiiy sabablar bilan bo‘shaydigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;

sakkizinchi, 30,2 ming nafar ishsizlarni Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbga tayyorlash va qayta o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish, 49,9 ming nafar ishsizlarni Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobiga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish va 200,4 ming nafar fuqaroni xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish;

to‘qqizinchi, 273,4 ming norasmiy bandlarni rasmiy bandligini (legallashtirish) ta’minlash.

2019 yilda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha Davlat buyurtmasining maqsadli parametrlari;

2019 yilda vazirlik, idora, xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlarining maqsadli parametrlari, hamda yirik loyihalarning manzilli ro‘yxati;

2019 yilda faoliyat ko‘rsatmayotgan, samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan ob’ektlar negizida tashkil etiladigan ish o‘rinlarining maqsadli parametrlari;

2019 yilda davlat-xususiy sherikchilik asosida ishga tushadigan ijtimoiy va boshqa ob’ektlar hisobiga tashkil etiladigan ish o‘rinlarining maqsadli parametrlari;

2019 yilda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga tashkil etiladigan ish o‘rinlarining maqsadli parametrlari;

2019 yilda tijorat banklari mablag‘lari hisobidan kredit berish hisobiga tashkil etiladigan ish o‘rinlarining maqsadli parametrlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 maydagi “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2960-sonli qarori talablariga muvofiq 2019 yilda band aholi soni o‘sishi prognoz parametrlari tasdiqlanadi.

2019 yilda Bandlik dasturi ijrosining monitoringi va tahlili asosida umumlashgan tahliliy axborot har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilsin, unda mavjud muammo va kamchiliklar Vazirlar Mahkamasining maxsus yig‘ilishlarida kompleks rahbarlari, mas’ul vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, hokimliklar va yirik korxonalar rahbarlari ishtirokida muhokama qilib boriladi.

Qaror loyihasida “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda mas’ul vazirlik, idora, xo‘jalik boshqaruvi organlari va hokimliklar tomonidan taqdim etilgan tashkil etilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi joylarga chiqib o‘rgansin hamda natijasi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”, deb alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘z-o‘zini band qilish uchun vaqtinchalik mehnat patentini kiritish, bunda patent egalariga rag‘batlantiruvchi imtiyozlarni joriy etish tartib yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi kerak. Tartibda:

o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarni vaqtinchalik mehnat patenti uchun to‘lovni amalga oshirgan davri mehnat stajiga kiritish;

vaqtinchalik mehnat patenti orqali o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng ularga pensiya tayinlash huquqlarini berish;

Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli kredit ajratish;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kasb-hunar kollejlari, “Ishga marxamat” markazi, kasbga o‘qitish (KOICA) markazlarida tadbirkorlik va kasbga o‘qitish kurslarida bepul o‘qitish;

haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish va mehnat qurollarini ijaraga berishni nazarda tutadi.

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslarni ishga qabul qilgan tashkilotlarga, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan shaxslarni kasbga qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun bir martalik subsidiyalar berilishi hamda ishsiz shaxslarni, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun kasb-hunar ta’limi muassasalariga grantlar ajratilishining maqsadli parametrlari tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va Xalq banki ATB tomonidan respublika tumanlari va shaharlarida yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik va mini-loyihalarni amalga oshirish uchun mikrokreditlar ajratish maqsadli parametrlari tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklanadi.
Категория: Uzb News | Просмотров: 6 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: yurtimiz | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0

Добавить комментарий


Имя:*
E-Mail:
Комментарий:
Подписка:1
Код *: