0

1 oktyabrdan O’zbekiston avtomobil sanoatidagi imtiyozlar bekor qilinadi

Автор: ADMINISTRATORкатегория: Uzb Newsдата: 17.07.2019
Prezident avtomobillar narxini barqaror saqlash, yangi hamyonbop modellar ishlab chiqarish orqali mahsulotlarning bozordagi o‘rnini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Prezident 8 iyul kuni avtomobil sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

1 oktyabrdan imtiyozlar bekor qilinishi bilan ushbu tarmoq ham erkin bozor sharoitiga o‘tadi. Bu korxonalarda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni, mahsulotlarni bozorbop va raqobatbardosh qilishni talab etadi.

“O‘zavtosanoat” AJga umumiy ishlab chiqarish hajmini 2023 yilga qadar hozirgi 250 mingdan 350 ming donaga, eksport hajmini kamida 100 ming donaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun, avvalo, tarmoqda ilg‘or boshqaruv tizimini joriy qilish, xorijiy konsalting kompaniyalari mutaxassislarini jalb etib, ishlab chiqarish va mahsulot tannarxini optimallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Eksportda bir dona yengil avtomobilning logistika xarajati narxning 8−10 foizini tashkil qilishi qayd etilar ekan, bu xarajatlarni davlat tomonidan qisman qoplab berish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xorijiy distribyutorlar bilan birgalikda eksport narxini qayta shakllantirish va tashqi bozorlarga kafolatli chiqish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda 5 turdagi yengil avtomobil 5 ta alohida platformada ishlab chiqarilayotgani ham xarajat, resurs va vaqt sarfini ko‘paytirib, mahsulot narxiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu bois yig‘ilishda yagona platformada bir necha markadagi avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, “MAN Auto” va “SamAuto” korxonalariga xitoylik va yaponiyalik hamkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga tarmoqda lokalizatsiya darajasini oshirish, xususan, import qilinayotgan 22 turdagi bazaviy qismlarni yurtimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev avtomobillar narxini barqaror saqlab, sifatini oshirish, yangi hamyonbop modellar ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni kengaytirish orqali mahsulotlarning bozordagi o‘rnini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
«Spot»

Теги: avtomobil, imtiyoz